1

Olima qizlar – millat tayanchi

Joriy yilning 25-26-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida “Zamonaviy ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasining dolzarb masalalari talaba-yoshlar nigohida” mavzusida 3-ana’anaviy respublika talabalar ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida yosh tadqiqotchilar ulushini oshirish hamda ularning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. 

Konferensiya ishiga respublikamizdagi 80 dan ziyod davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan 500 ga yaqin maqolalar kelib tushgan bo‘lib, ikki kun davomida yalpi va sho‘balardagi majlislarda 40 dan ziyod oliy ta’lim muassasasi talabalarining jami 150 dan ortiq ma’ruzalari tinglandi. 

Xususan, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Psixologiya” yo‘nalishi 3-kurs talabalari – Rayhona Samandarova, Shohsanam Bahodirjonova, Durdona Komiljonova, Dilnavo To‘rayeva hamda Sadafro‘z Abdullajonova o‘zlarining dolzarb ilmiy maqolalari va innovatsion qarashlari bilan munosib ishtirok etdilar.

“Psixologiya” yo‘nalishi 3-kurs talabasi Shohsanam Bahodirjonova psixologiyaga oid maqolalar nominatsiyasida g‘olib deb topildi. 

An’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan anjumanning asosiy maqsadi – iqtidorli talaba-yoshlarning ilmiy-ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, zamonaviy ilm-fan yutuqlari va innovatsion ta’lim texnologiyalarini amaliyot bilan uzviy bog‘lash borasidagi yangicha qarashlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. 

Shuningdek, anjuman yosh tadqiqotchilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish muhitini yaratish, ularni dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga ilmiy yechimlar topishga yo‘naltirishni, ayniqsa, huquqshunoslik, iqtisodiyot va psixologiya sohalarida mamlakatimiz intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi yangi avlod kadrlarini shakllantirishni ko‘zda tutadi. 

Anjuman ishi “Zamonaviy ilm-fanning fundamental muammolari va ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlar”, “Raqamli transformatsiya va sun’iy intellektni rivojlantirish istiqbolli yosh olimlar talqinida”, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida huquqiy fanlar, ta’lim va amaliyot integratsiyasining dolzarb masalalari”, “Iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi: innovatsion yondashuvlar va istiqbollar” hamda “Shaxs taraqqiyotida psixologik fanlar, ta’lim va amaliyot integratsiyasining zamonaviy masalalari” nomli 6 ta alohida sho‘’balarda davom ettirildi. 

Anjumanda faol ishtirok etgan talabalar faxriy yorliq, tashakkurnoma va sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Mazkur anjuman yosh olima talaba qizlar uchun o‘ziga xos tajriba maydoniga aylandi.

Izoh qoldirish