1

Dinshunoslikning dolzarb muammolari muhokama qilindi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Dinshunoslikning dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “O‘zbekiston Respublikasida 2026-yilda xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik anjumanlar rejasi to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan 18-marotaba tashkil etilayotgan “Dinshunoslikning dolzarb muammolari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi “Dinshunoslik” fanini o‘qitishni yanada takomillashtirish, ta’lim samaradorligini oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishni asosiy maqsad etib belgilagan.

Mazkur konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkent islom instituti, Toshkent pravoslav seminariyasi, Fan va texnologiyalari universiteti hamda boshqa OTM va hamkor tashkilotlardan yetakchi mutaxassislar, olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdilar.  

Dastur doirasida “Geosiyosiy jarayonlar fonida diniy mazmundagi materiallarni talqin qilish muammolari”, “O‘zbekistonda diniy ta’lim tizimi: an’anaviy va zamonaviy pedagogik yondashuvlar”, “Huquq-tartibot organlari tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarida “Dinshunoslik” fanini o‘qitishning o‘ziga xos jihatlari”, “Hakim Termiziy asarlarida epistemologiya”, “Davlat va din munosabatlarining tarixiy evolyutsiyasi va zamonaviy modellari”, “Zamonaviy dunyoda diniy ta’limning o‘rni”, “Dinni tadqiq etishda akademik yondashuv ahamiyati”, “Nodavlat oliy ta’lim muassasalarida “Dinshunoslik” fanini o‘qitishda zamonaviy axborot texnologiyalarining o‘rni”, shuningdek, “Dinshunoslik” fanini o‘qitishda sun’iy intellekt imkoniyatlari: muammo va yechimlar” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.  

Konferensiya globallashuv sharoitda dinshunoslik sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilish, ilmiy yondashuvlarni rivojlantirish va dinlararo bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib etishga qaratilgan. 

O‘z navbatida konferensiyaga kelib tushgan dinshunoslik, islomshunoslik, tarix, falsafa, din psixologiyasi kabi ijtimoiy fanlar yo‘nalishiga oid turli ilmiy maqolalar mazkur an’anaviy anjumanning XVIII materiallari to‘plamidan o‘rin oldi. 

To‘plam respublikamizdagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida dinshunoslik fanlari bo‘yicha ta’lim beruvchi professor-o‘qituvchilar, dinshunoslik sohasi bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan olimlar, shuningdek, islomshunos, sharqshunos, manbashunos, tarixchi, yosh ilmiy tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari asosida yozilgan 100 ga yaqin maqolalarni o‘zida jamlagan bo‘lib, unda diniy bag‘rikenglik, milliy va diniy qadriyatlar uyg‘unligi, ajdodlar ilmiy merosining ma’naviy hayotimizda tutgan o‘rni o‘z ifodasini topgan.

Izoh qoldirish