1

Guljamol Asqarova: “Azal abad shu tuproqning qiziman men”

Ma’lumki, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Adabiy gurunglar” loyihasi doirasida elimiz suygan shoir-yozuvchilar, qalam ahli sohiblari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Bu kabi tadbirlar talaba yoshlarda adabiyotga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib, ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. 

Bugun loyiha doirasidagi navbatdagi uchrashuv O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bosh mutaxassisi, Zulfiya mukofoti hamda “Shuhrat” medali sohibi Guljamol Asqarova bilan o‘tkazildi. 

Tadbirda Akademiya Matbuot kotibi Erkin Doripov, Axborot-resurs markazi xodimlari, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Xalqimizning sevimli shoirasi Guljamol Asqarova 1978-yil 5-mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Shoiraning “Dil fasli”, “Ro’shnolik”, “Bedor qo‘ng‘iroq”, “Baxt dastxati”, “Cho‘g‘ ustida raqs” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. 

Shoira she’rlarining ruhi va ohangi, mazmuni va yo‘nalishini, avj pardasini, maqsad, g‘oya va ideallarini umuminsoniy fikr va tuyg‘ular belgilaydi. Shu ma’noda, Guljamol Asqarova ijodining haroratini ta’minlagan omil ham undagi jo‘shqin va faol insonparvarlik, poetik timsol, go'zal tuyg‘ular olamidir. Atoqli ijodkorning o‘ziga xos she’riyatida ayol ruhiyati, uning botiniy olamiga nazar solishda o‘ziga xos uslubi, badiiyati yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu borada zabardast ijodkorimiz Xurshid Davronning “Guljamol Asqarova – yuragiga o‘t ketgan shoira” degan inja ta’rifi bejiz emas.

Adabiy muloqotda keyingi yillarda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga davlatimiz rahbari tomonidan katta e’tibor berilayotgani, kitob mutolaasi kishini ma’naviy kamolot sari yetaklashi, insonni har tomonlama yetuk, komil shaxs sifatida shakllanishidagi o’rni nihoyatda beqiyos ekanini ta’kidladi. Kitob – insonning qalbini ochadigan buyuk mo‘jiza ekanini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish