1

Poytaxtimizda xalqaro forum o‘z ishini boshladi

Bugun poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Qalb diplomatiyasi: til, adabiyot va huquq – madaniyatlararo muloqot va tinchlik o‘rnatish yo‘llari sifatida” mavzusida III xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur forum Yuta shtatining Baskervill instituti, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston va AQShning Yuta shtatidagi akademik hamda madaniy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi. 

Forumni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Baskervil instituti ijrochi direktor Bahman Baxtiyori, “Stirling” xalqaro xayriya fondi asoschisi David Stirling, fond raisi Mayls Xansen, AQSHning Yuta shtatidagi Iso Masih Oxirgi zamon avliyolari cherkovi rahbari, oqsoqol Devid Bednar, cherkov vakili Jak Jerard hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi ijrochi direktori Xayrulla Sattorov kirish so‘zi bilan ochib berishdi. 

Akademiya rektori o‘z nutqida bugungi kunda dunyoda kechayotgan turli taloto‘plar davrida diniy e’tiqodni ta’minlash, hurmat qilish barcha sivilizatsiyalarni birlashtirib turuvchi manba ekanini ta’kidladi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik borasida tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.

– Shuningdek, keyingi yillarda O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband ilmiy markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashkil etilgani va bu muassasalar nafaqat diniy bilimlarni targ‘ib qilishi, balki millatning ma’naviy o‘zligini mustahkamlashga ham xizmat qiladi,dedi Muzaffar Kamilov. Ayniqsa, Samarqandda ochilgan Imom Buxoriy majmuasining ma’naviy ko‘lami bag‘oyatda ulkandir.

Yurtimizda yashab o‘tgan ajdodlarimizning dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shib, boy ilmiy-ma’rifiy meroslari ikkita Renessans davriga asos soldi. Bugun esa muhtaram Prezidentimiz tomonidan ana shu ilmiy merosni davom ettirgan holda Uchinchi Renessans davriga tamal toshi qo‘yildi.

Shuningdek, ma’ruzada O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanib borayotgani alohida e’tirof etildi. Dinshunoslik sohasidagi Yuta shtatining o‘ziga xos, insonparvarlik tamoyillariga asoslangan tajribasiga to‘xtalib o‘tildi.

Ayniqsa, mazkur yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri sifatida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning AQSHning Yuta shtatidagi Iso Masih Oxirgi zamon avliyolari cherkovi rahbari, oqsoqol Devid Bednar va “Stirling” xalqaro xayriya fondi raisi Mayls Xansendan iborat ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qilishi ham katta ahamiyat kasb etdi. 

Forum davomida Yuta shtati Senati Raisi Styuart Adams, Brigam Yang universiteti vakillari Toni Braun, Sara Keffri, Garret Rayd, Veber shtat universiteti Koulton Simmerman, Qatardagi Jorjtaun universiteti davlat boshqaruvi professori Mehran Kamrava, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi vakillari ishtirok etib, konferensiya doirasida ma’ruza qilishdi. 

Anjumanda so‘zga chiqqanlar tomonidan “Fuqarolik ovozini topish: Nikaragua qishloq jamoasida til o‘rganish va yoshlarning ishtiroki”, “Tinchlik o‘rnatishda adabiyot, she’riyat va hikoyachilikning roli”, “Til – hamdardlik va madaniyatlararo muloqot quroli sifatida” hamda “Ona tillari – millatni o‘zgartirish va tinchlik barpo etish vositasi sifatida” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. 

Shuningdek, tadbir davomida “Qalb diplomatiyasi” talabalar workshopida til, adabiyot va madaniy tushunchalar qanday qilib o‘zaro hamdardlik (empatiya), muloqot va tinchlikni mustahkamlashga xizmat qilishi o‘rganildi. Unda talabalar taqdimotlari va jamoaviy munozaralar orqali ishtirokchilar tilning o‘zlikni anglash, qadr-qimmat va madaniyatlararo aloqalarni shakllantirishdagi roli haqida fikr yuritdilar. 

Workshopda Brigam Yang universitetining “Peacemaker Project” talabalar tashkiloti, Baskervill instituti stajyorlari, Yuta shtat universiteti, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etdilar. 

Forum o‘z ishini ertaga ham davom ettiradi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish