Akademiyada 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Rektor kubogi” sport musobaqalari o‘tkazildi
Mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu inson zoti, muqaddas yodi, umri davomida bajargan ezgu amallariga bo‘lgan ehtirom ramzidir. Albatta, biz hamisha marhumlarimizni yodga olib, ularning ruhlarini shod qilish uchun savobli amallarni ado etamiz. Zero, o‘tganlarni eslash va qabrlarini ziyorat hamda haqlariga duolar qilish barchamizning insoniy burchimizdir.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16-aprel kuni “9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolanishi bayram mazmun-mohiyatini yanada oshirdi.
Hujjatga muvofiq, inson qadrini ulugʻlash, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimizga mehr va eʼtibor koʻrsatish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilandi.
Shu bois, bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida professor-o‘qituvchilar va xodimlar o‘rtasida “Rektor kubogi” sport musobaqalari o‘tkazildi.
Akademiya jamoasi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan “Rektor kubogi” bahslari doirasida qatnashchilar sportning mini futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka kabi turlari bo‘yicha bellashishdi.
Sir emaski, keyingi yillarda mamlakatimizda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini tatbiq etish va ommaviy sportni rivojlantirish borasida tizimli islohotlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining barcha sohalar kabi sportga ham katta e’tibor berayotganliklari tufayli sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda yurtimiz sha’nini munosib himoya qilish bilan birga tarixiy natijalarni ham qo‘lga kiritmoqda.
Umuman, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ta’lim-tarbiya, o‘quv jarayonlari bilan bir qatorda sport sohasiga ham katta e’tibor berilmoqda. Jumladan, 10 ga yaqin sport to‘garagi faoliyat yuritmoqda.
Yuqori kayfiyat va qizg‘in ruhda o‘tgan bahslar yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Mini futbol bahslarida 3-o‘rinni O‘qub-uslubiy bo‘lim jamoasi, 2-o‘rinni esa Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti jamoasi qo‘lga kiritdi. G‘oliblik “Rektorat” jamoasiga nasib etdi.
Muxtasar aytganda, “Rektor kubogi” musobaqasi yuqori kayfiyatda tashkil etilib, jamoas o‘rtasida do‘stona munosabatlar yanada shakllanishiga, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga xizmat qildi.
Ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol bahslarida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 1-o‘rinni, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti jamoasi esa 2-o‘rinni egalladi.
Erkaklar o‘rtasida bahslarda ham finalga Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti jamoalari bahs olib borishdi. Yakunda Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti jamoasi 1-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish