Islom sivilizatsiyasida ilmiy an’ana: manbalar, imkoniyatlar va dolzarb masalalar
Bugun poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasida ilmiy an’ana: manbalar, imkoniyatlar va dolzarb masalalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Malayziya texnologiya universiteti hamda boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etildi.
Nufuzli anjumanda Malayziya Qirolichasi, Malayziya texnologiya universiteti vasiysi Raja Zarit Sofiya, Malayziya oliy ta’lim vaziri Datuk Seri Diradja Zambri Abdul Qodir, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Turkiyaning Najmiddin Erbakan universiteti, Tbilisi sharqshunoslik instituti professor-o‘qituvchilari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari xodimlari, taniqli olim va mutaxassislari, doktorant va magistrlar ishtirok etishdi.
Konferensiya “Ilm va uning ta’riflari, an’anasi”, “Musulmon dunyosida ilm-fan ta’limi”, “Zamonaviy chaqiriqlar va ilmiy paradigmalar” kabi sho‘ba yig‘ilishlariga bo‘lingan holda davom etdi.
Anjumanda taniqli olim va ulamolar tomonidan “Ilm-fan va gumanitar fanlarni qayta anglash: sun’iy intellekt davrida odobning o‘rni”, “Movarounnahr sivilizatsiyasida tafsir an’analari”, “Markaziy Osiyo Birinchi Renessans davri ilmiy-madaniy markazlari”, “Islom sivilizatsiyasida Imom Moturidiy va moturidiylik allomalari ilmiy merosining o‘rni”, “O‘zbekistonda sharqshunoslik: tarix, imkoniyatlar va vazifalar” , “Imom Buxoriy merosi – butun insoniyatning ma’naviy xazinasi” hamda “XII-XIII asrlarda Buxoroda faoliyat yuritgan Oli Moza oilasi va ularning huquqiy madaniyat rivojiga ko‘shgan hissasi” kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.
Ma’lumki, Toshkent shahrining ilm-ma’rifat bo‘yicha qadim markazi – Xastimom hududida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va g‘oyaviy yechimlari asosida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi yurtimizning boy ilmiy-maʼrifiy salohiyati, islom madaniyati va ilm-faniga qoʻshgan beqiyos hissasining yorqin ramzi sifatida jahon ahli eʼtiborini tortmoqda. Ushbu markaz islom dinining tinchliksevar, bagʻrikeng va maʼrifatparvar mohiyatini keng yoritishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Malayziya texnologiya universiteti o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Unda Malayziya Qirolichasi, Malayziya texnologiya universiteti vasiysi Raja Zarit Sofiya hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov ishtirok etishdi.
Shuningdek, Malayziya texnologiya universiteti bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasida ham Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi.
Tadbir davomida Malayziyadagi “Nasyrul Qur’an” markazida nashr etilgan 20 ming nusxa Qur’onni O‘zbekistondagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga topshirish marosimi ham o‘tkazildi.
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish