Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektorining 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Assalomu alaykum qadrli hamkasblar, aziz talabalar!
Sir emaski, mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu sana inson zoti, muqaddas yodi, umri davomida bajargan ezgu amallariga boʻlgan ehtirom ramzidir. Albatta, biz hamisha marhumlarimizni yodga olib, ularning ruhlarini shod qilish uchun savobli amallarni ado etamiz. Zero, oʻtganlarni eslash va qabrlarini ziyorat hamda haqlariga duolar qilish barchamizning insoniy burchimiz hisoblanadi.
Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16-aprel kuni “9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolanishi bayram mazmun-mohiyatini yanada oshirdi.
Hujjatga muvofiq, inson qadrini ulugʻlash, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimizga mehr va eʼtibor koʻrsatish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilandi.
Zero, Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janglardan omon qaytgan bobolarimizga, ogʻir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham oʻzligini yoʻqotmagan, imoni butun yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom koʻrsatish tom maʼnoda milliy qadriyatimiz boʻlishi zarur.
Aziz hamkasblar!
Ikkinchi jahon urushi – insoniyat tarixidagi eng dahshatli falokatlardan biri boʻlib, unda 70 milliondan ortiq odam halok boʻlgan. Oʻzbekiston ushbu gʻalabaga salmoqli hissa qoʻshgan – 6,5 million aholiga ega respublikadan 1 million 951 mingdan ortiq inson frontga joʻnatilib, ulardan 538 ming nafari halok boʻlgan, koʻpchiligi bedarak ketgan yoki nogiron boʻlib qaytgan.
Ikkinchi jahon urushida respublikamiz 1,5 millionga yaqin evakuatsiya qilinganlar, jumladan, 250 ming yetim bolalarni qabul qildi, ularga oʻz uyi va qalbi eshiklarini ochdi. Oʻzbekistonliklarning jasorati Toshkentdagi Gʻalaba bogʻidagi “Matonat madhiyasi” monumentida abadiylashtirilgan. Bu tadbirlar ozodlik va tinchlik uchun kurashgan barcha insonlar xotirasi hamon qalblarimizda saqlanayotganiga dalolatdir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Vatan himoyasi yoʻlida jonini fido qilgan ota-bobolarimizning ruhini shod etish, ularning muqaddas xotirasini abadiy saqlash bizning burchimiz, ekanini doimo taʼkidlaydilar. Quyida bayram munosabati bilan yoʻllagan tabriklaridagi bir jumlani keltirishga qaror qildim:
“Hozirgi gʻoyat murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, farzandlarimizni turli zararli taʼsirlardan himoya qilish, bebaho boyligimiz boʻlgan tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo doʻstlik va ahillikni asrashdek oʻta muhim vazifalarni bajarishda qahramon faxriylarimizning jasorati, shonli anʼanalari biz uchun hamisha ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi”.
Shak-shubhasiz, mustaqillik yillarida Vatanimiz ozodligi, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilish hamda oʻz xizmat burchini ado etish yoʻlida halok boʻlgan jasur harbiylarimiz xotirasini doimo minnatdorlik bilan yodga olamiz. Bu biz uchun ham farz, ham qarzdir.
Qadrli doʻstlar!
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida bir qancha xayrli tadbirlar amalga oshirildi. Oʻtgan ustozlarimizning qabrlari ziyorat qilindi. Nafaqadagi ustozlarimizning xonadonlariga tashrif buyurilib, ularning holidan xabar olinib, ortda qolgan yillardagi unutilmas voqealar samimiy yodga olindi.
Bunday tashriflar yoshlarga ibrat boʻlishi, ustoz-shogird anʼanalarini davom ettirish, ilm va maʼnaviyatga hurmat ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, professor-oʻqituvchilar va xodimlar oʻrtasida “Rektor kubogi” sport musobaqalari yuqori kayfiyatda oʻtkazildi.
Akademiya jamoasi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan “Rektor kubogi” bahslari doirasida qatnashchilar sportning mini futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka kabi turlari boʻyicha bellashishdi.
Oʻylaymanki, bu kabi tadbirlar jamoaviy birdamlikni taʼminlab, tinchlikni qadriga yetish, sogʻlom turmush tarziga amal qilishimizga xizmat qiladi.
Oʻgʻil-qizlarim!
Qadrli hamkasblar!
Soʻzim yakunida yana bir bor 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati siz, azizlarni tabriklab qolaman.
Yurtimiz hamisha tinch, osmonimiz musaffo, dasturxonimiz toʻkin boʻlsin. Xalqimizga xos mehr-oqibat, birdamlik, bagʻrikenglik anʼanalari avloddan avlodga oʻtib, boqiy yashayversin!
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
Muzaffar Kamilov,
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish