1

Akademiyada xalqaro seminar mashg‘ulotlari davom etmoqda

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi vakillari tomonidan seminar trening mashg‘ulotlari olib borilmoqda.

Bugun ham Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi loyiha menejeri Dimitriy Ponomaryov boshchiligidagi BMT vakillari tomonidan seminarlar davom etdi.

Uchrashuv davomida Akademiya vakillari ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Unda  Akademiya prorektorlari Olim, Astanakulov, Ilhomjon Bekmirzayev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev, fakultet dekanlari, “Ziyo” media markazi vakillari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.

Seminar-trening “P/CVE sohasida tahdidlarni baholash asoslari”, “Ma’lumot to‘plash va tahlil qilish usullari”, “Tahdidlarni baholash tizimlari va xalqaro hamjamiyatlar bilan hamkorlik” hamda “Tahdidlarni baholash vositalari va inson huquqlari” kabi panel sessiyalari bilan davom etdi.

Unda tahdidlarni baholash yondashuvlariga kirish, milliy va mahalliy kontekst muhokamasi, ma’lumot to‘plash va verifikatsiya qilish yondashuvlari, tahdidlarni baholash tizimlarini yaratish va boshqarish, mahalliy hamjamiyatlar va manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik kabi masalalar muhokama qilindi. 

Seminarda birgalikda ekstremizmga qarshi loyihalar, videoroliklar, soha mutaxassislari ishtirokida video qo‘llanmalar, risolalar tayyorlash haqida amaliy mashg‘ulotlar olib borildi.

Bu kabi seminarlar Akademiya professor-o‘qituvchilarining turli internet manbalari vositasida yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish, jamiyatda diniy mutaassiblikning ildiz otishiga yo‘l qo‘ymaslik, terrorristik va ekstremistik g‘oyalarga qarshi aholida immunitet hosil qilishlariga yordam beradi.

Seminar 14-mayga qadar davom etadi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish