Yangi O‘zbekiston jurnalistikasi – taraqqiyot va istiqbol
Ommaviy axborot vositasi – jamiyat ko‘zgusi, millatning yuzi. Uning zimmasida keng jamoatchilikni fikrlashga chorlash, tarbiyalash, dunyoqarashni boyitishdek mas’uliyat turadi.
Mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidagi izchil islohotlar samarasi o‘laroq, barcha soha va tarmoqlarda katta natijalarga erishilmoqda. “Inson qadri uchun” tamoyili asosidagi yangilanish jarayoni mohiyatini aholiga yetkazish, erishilayotgan ulkan yutuqlarni keng targ‘ib etish, global axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoya qilishda yurtimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta.
Keyingi yillarda yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yangi O‘zbekiston jurnalistikasi – taraqqiyot va istiqbol” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov, bir guruh jurnalistlar, Akademiya o‘qituvchi va xodimlari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda yurtimizda so‘z erkinligiga bo‘lgan e’tibor yangi darajaga ko‘tarilganini qayd etishdi. OAV demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma’lumotlar yetkazish, yangi O‘zbekistonning demokratik qiyofasini shakllantirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlashdi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari soha vakillarining mehnatini doimo e’tirof etar ekanlar, shunday fikrlarni bildirgan edilar:
“Biz erkin va masʼuliyatli, xalqchil jurnalistikani jamiyat va davlat rivojlanishining zarur shartlaridan biri deb bilamiz.
Jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga huquqiy va informatsion-texnologik yordam koʻrsatish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda kasbiy birdamligini taʼminlash kabi masalalarga jiddiy eʼtibor qaratishni hayotning oʻzi taqozo etmoqda”.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov hamda “O‘zbekiston 24” telekanali bosh muharriri Saparmat Sapayev so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Shundan so‘ng mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ochiqlik va oshkoralik siyosati, ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yurtimiz nufuzini xalqaro maydonda yuksaltirishga qo‘shayotgan munosib hissasi hamda xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishi borasidagi yangilanishlarni keng jamoatchilikka samarali yetkazishda Akademiya bilan faol hamkorlik qilib kelgan bir guruh OAV xodimlarni bayram munosabati bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Bir guruh jurnalistlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish