1

Istiqboldagi hamkorlik aloqalari muhokama qilindi

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining bir guruh mas’ullari xizmat safari bilan Singapur davlatida bo‘lib turishibdi.

Safar dasturiga muvofiq, rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, Akademiya huzuridagi “Ziyo” media markazi rahbari Abdulhamid Muxtorov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xujayevdan iborat delegatsiya Singapurdagi Nanyang texnologiyalar universiteti S.Rajaratnam xalqaro tadqiqotlar maktabi (RSIS)ga tashrif buyurdi. 

RSIS tomonidan delegatsiyani ushbu markaz Milliy xavfsizlik tadqiqotlari professori, Milliy xavfsizlik tadqiqotlari boʻyicha Prezident kafedrasi rahbari, RSIS dekani, ushbu maktab huzuridagi Siyosiy zoʻravonlik va terrorizmni oʻrganish xalqaro markazi (ICPVTR) ilmiy maslahatchisi doktor Kumar Ramakrishna yetakchiligidagi masʼullar qabul qildi. 

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasining Singapur Respublikasidagi elchixonasi konsuli Akmal Maxmudov ishtirok etdi. 

Samimiy muloqotda radikallashuv va ekstremizmga qarshi kurashish, bu kabi gʻoyalar taʼsiriga tushgan shaxslarni deradikalizatsiya qilish va ijtimoiylashtirish boʻyicha Singapur tajribasi, shuningdek, RSIS bilan Akademiyaning hamkorlik oʻrnatish masalasi muhokama qilindi. 

Tashrif boshida doktor Kumar Ramakrishna markaz faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi. Maʼlumotga koʻra, RSIS Singapurdagi strategiya, milliy va xalqaro xavfsizlik, tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib boradigan, shuningdek, magistr darajasiga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. U Nanyang texnologiyalar universiteti tarkibida faoliyat yuritadi hamda axborot, tahlil, tahsil va global hamkorlik yoʻnalishlarida ish olib boradi. Institut yiliga 250 nafar magistrant va 30 nafar PhD darajadagi doktorant tayyorlab chiqaradi. 20 dan ziyod xorijiy mamlakatlarning fuqarolari tahsil olmoqda. RSIS huzuridagi ICPVTR siyosiy zoʻravonlik va radikallashuv muammolarini tizimli tadqiq etishda mamlakatdagi yetakchi va nufuzli “aql markazi” (think tank) hisoblanadi.

Oʻtkir Hasanboyev mezbonlarga samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Akademiya rektori M.Kamilov salomini yetkazdi. Maslahatchi tomonidan Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasida ikki yoqlama hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi hamda ushbu doʻstlik munosabatlariga ikki davlat rahbarlarining 2023-yilda tashkil etilgan oliy darajadagi tashriflari alohida surʼat bagʻishlagani taʼkidlandi. Boshqa sohalar kabi, jahon hamjamiyati duch kelib turgan radikallashuv, ekstremizm va terrorizm tahdidiga qarshi kurashning ilmiy-tahliliy va strategik kommunikatsiyalar sohasida oʻzaro tajriba almashish muhim ahamiyatga ega ekaniga eʼtibor qaratildi. Mazkur yoʻnalishda Singapur tomonining boy tajribasi eʼtirof etildi.

Muloqot davomida radikallashuvga qarshi kurash yoʻnalishidagi Singapur tajribasining amaliy jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Jumladan, markaz mutaxassislari terrorizm va ekstremizmning nafaqat diniy, balki geosiyosiy omillarini ham chuqur tahlil qilishi, terroristik tashkilotlarning gʻoyaviy-mafkuraviy asoslari, ularning targʻibot usullari va radikallashuv mexanizmlarini muntazam oʻrganib borishi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakuniy qismida oʻzaro tajriba almashish hamkorlik uchun yoʻl ochishi qayd etildi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish