2

Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifat yoʻli

Bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifat yoʻli” mavzusida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi boʻlib oʻtdi.

Joriy yilning 7–11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilgan mazkur forum Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom olami taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti – ICESCO tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.

Forumda 50 dan ortiq mamlakatdan 300 ga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, mashhur islomshunos olimlar, qoʻlyozmashunoslar, muzey va kutubxonalar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor. Bu esa anjumanning haqiqiy xalqaro muloqot va akademik hamkorlik maydoniga aylanishidan dalolat beradi. 

Forumning asosiy voqeasi sifatida tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining forum ishtirokchilariga yoʻllagan murojaati o‘qib eshittirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgani surgan tashabbuslari islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrgani va keng targʻib etish borasida yangi bosqichni boshlab berdi. Jumladan, Markaziy Osiyo uygʻonish davri allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan ulkan hissasini namoyon etish, Imom Buxoriy kabi buyuk muhaddislar ilmiy merosini asrab-avaylash va oʻrganish, shuningdek, maʼrifat va diniy bagʻrikenglik tamoyillarini xalqaro miqyosda ilgari surishga qaratilgan mazkur tashabbuslar bugun izchil amalga oshirilmoqda. Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 7-11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifat yoʻli” mavzusida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi tashkil etilmoqda. 

Davlatimiz rahbari gʻoyasi bilan barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Burhoniddin Margʻinoniy ilmiy-maʼrifiy va ziyorat-turizm majmuasi kabi muassasalar xalqimizning gʻurur-iftixoriga aylandi. 

Bugun mazkur muassasalarda nafaqat mamlakatimiz, balki dunyoning turli davlatlaridan kelgan olimlar ishtirokida fundamental tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, qoʻlyozmalar ilmiy jihatdan oʻrganilmoqda, yangi akademik nashrlar tayyorlanmoqda. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi mamlakatimizning tinchlik, bagʻrikenglik va maʼrifat gʻoyalarini xalqaro miqyosda ilgari surishdagi faol oʻrnini yana bir bor tasdiqladi.

Hurmatli Prezidentimizning ushbu ezgu gʻoyalarning mantiqiy davomi sifatida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifat yoʻli” mavzusida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi mamlakatimiz tarixida ilk bor tashkil etilayotgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur nufuzli anjuman nafaqat Oʻzbekiston, balki butun islom olami ilmiy-maʼrifiy hayotida muhim voqea boʻlishi kutilmoqda. 

Forumning eng muhim jihatlaridan biri uning aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi bilan barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boshlanishidir. Bu tasodifiy tanlov emas. Zero, qisqa vaqt ichida mazkur markaz nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqadagi eng yirik va nufuzli ilmiy-maʼrifiy platformalardan biriga aylanib ulgurdi. 

Forum doirasida bir qancha yirik tadbirlar, olamshumul kashfiyotlar va ilmiy-ommabop loyihalarning taqdimotlariga guvoh boʻlishingiz mumkin. 

I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi oʻz koʻlami jihatidan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Forum doirasida 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar yigʻilish hamda 6 ta sohaviy shoʻba tashkil etildi. 

Jumladan, bugun forum “Islom sivilizatsiyasining ma’naviy merosi: hadis, fiqh, ilohiyot va ma’rifat”, “Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar: Uchinchi Renessansning innovatsion g‘oyalari va strategik yo‘nalishlari”, “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – innovatsion ilmiy-ma’rifiy g‘oyalarning xalqaro platformasi”, “O‘tmishning buyuk merosi – ma’rifatli kelajak asosi” hamda “Islom merosini saqlashda ta’lim, kutubxonalar va qo‘lyozma manbalarning o‘rni” nomli plenar sessiyalar bilan davom etdi.

Ularda islom sivilizatsiyasi tarixi, hadis ilmi, kalom, qoʻlyozmashunoslik, muzeyshunoslik, arxeologiya, madaniy merosni muhofaza qilish, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya hamda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar muhokama qilinadi. 

Forum doirasida kitoblar va ilmiy nashrlar taqdimotiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. ICESCO bilan hamkorlikda tayyorlangan “Al-Jomiʼ as-Sahih” — “Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro konferensiya hamda tezislar toʻplami, IRCICA bilan hamkorlikda nashr etilayotgan “Shavkat Mirziyoyev — maʼrifatparvar yoʻlboshchi” kitob-albomi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan hamkorlikda chop etilgan Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiya” asarining rus tilidagi akademik nashri va boshqa fundamental loyihalar forumning eng muhim qismlaridan biri boʻladi.

Forumda yirik xalqaro tashkilotlar, nufuzli muzey va kutubxonalar rahbarlari ishtirok etadi. Bu esa Oʻzbekistonning xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlik sohasidagi obroʻ-eʼtibori tobora yuksalib borayotganining yana bir amaliy tasdigʻidir.

Birinchi kungi yalpi majlislarida islom sivilizatsiyasining maʼnaviy merosi, Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-maʼrifiy platforma sifatidagi oʻrni, shuningdek, qoʻlyozmalarni asrash, muzeylar va kutubxonalar hamkorligini rivojlantirish kabi dolzarb mavzular muhokama qilinadi. Ayniqsa, mazkur yalpi majlislarda turli mamlakatlar vazirlari, muftiylari, akademiyalar prezidentlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi forumning nufuzini yanada oshiradi. 

Forum davomida Oʻzbekistondagi ilmiy-maʼrifiy markazlar va xorijning yetakchi ilmiy muassasalari oʻrtasida qoʻshma loyihalar, yangi ilmiy nashrlar, arxeologik kashfiyotlar, noyob qoʻlyozmalar va raqamli loyihalar taqdimoti oʻtkaziladi. Shuningdek, hamkorlikka oid “yoʻl xaritalari” muhokama qilinib, memorandum va bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu esa forumning faqat ilmiy muhokama bilan cheklanmasdan, aniq amaliy natijalarga xizmat qilishini koʻrsatadi. 

Forumning muhim qismini Samarqand va Termiz shaharlarida boʻlib oʻtadigan xalqaro konferensiyalar tashkil etadi. Ular buyuk allomalarimiz – Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning boy ilmiy merosini har tomonlama oʻrganishga bagʻishlangani bilan ahamiyatlidir.

Jumladan, Samarqandda boʻlib oʻtadigan “Imom al-Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-Sahih” asari –  Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada buyuk muhaddisning hayoti, uning ilmiy kamoloti, “Al-Jomeʼ as-Sahih” asarining yaratilish tarixi, qoʻlyozmalari, hadislarni saralash uslublari hamda mazkur asarning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi oʻrni atroflicha muhokama qilinadi. Bu konferensiya doirasida beshta plenar yigʻilish tashkil qilinishi rejalashtirilgan boʻlib, unda Saudiya Arabistoni, Misr, Marokash, Turkiya, Hindiston, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Tunis va boshqa mamlakatlardan kelgan yetakchi hadisshunos olimlar maʼruzalar qiladi. 

Imom Moturidiyning bebaho merosiga bagʻishlangan konferensiyada esa moʻtadillik, diniy bagʻrikenglik, aql va naql uygʻunligi kabi masalalar zamonaviy nuqtayi nazardan tahlil qilinadi. Termiz shahrida oʻtkaziladigan anjuman esa Termiz hadis maktabi va Imom Termiziyning jahon hadisshunosligiga qoʻshgan beqiyos hissasini oʻrganishga bagʻishlanadi. Bu konferensiyalar orqali Oʻzbekiston nafaqat buyuk allomalar yurti, balki ular merosini tizimli oʻrganish va xalqaro miqyosda targʻib etishning zamonaviy markazi sifatida ham namoyon boʻladi.

Shubhasiz, I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi nafaqat Oʻzbekistonning ilmiy-maʼrifiy hayotida, balki xalqaro gumanitar hamkorlik tarixida ham muhim voqealardan biri sifatida oʻrin egallaydi. Bu anjuman Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan maʼrifatparvar davlat siyosati, ajdodlar merosini asrab-avaylash va uni butun insoniyat manfaati yoʻlida targʻib etishga qaratilgan ezgu tashabbuslarning yana bir yorqin namunasi boʻlib qoladi.

Izoh qoldirish