1

Istiqlol va maʼrifat – millat taraqqiyotining ikki qanoti

Mustaqillik bizga oʻz taqdirimizni oʻzimiz belgilash, milliy manfaatlarimiz asosida yashash va taraqqiy etish huquqini bergan boʻlsa, bilim ana shu huquqdan oqilona foydalanish, uni asrash, mustahkamlash va kelgusi avlodlarga munosib tarzda yetkazish qudratini berdi. Zero, mustaqillikka erishish tarixiy jasorat boʻlsa, uni asrab-avaylash, mazmunan boyitish va taraqqiyot omiliga aylantirish har bir avlod zimmasidagi ulkan masʼuliyatdir.

Bugun dunyoda mamlakatning kuch-qudrati faqat yerosti va yer usti boyliklari, hududi yoki aholi soni bilan oʻlchanmaydi. Davlatning haqiqiy salohiyati uning inson kapitali, ilmiy tafakkuri, texnologik imkoniyatlari va yangilik yaratish qobiliyati bilan belgilanmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 30-iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvda bu haqiqatni aniq ifodalab, “Endi davlatlar hududi bilan emas, bilimi bilan, aholi soni bilan emas, texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas, inson kapitali bilan raqobatlashmoqda”, deya taʼkidladi.

Sunʼiy intellekt, robototexnika va raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha jabhalariga jadal kirib kelayotgan bir paytda taʼlim oldida yana bir muhim vazifa turibdi. Bu yoshlarni texnologiyalarning shunchaki isteʼmolchisi emas, balki ularni yaratadigan, boshqaradigan va jamiyat manfaatiga yoʻnaltira oladigan shaxslar etib tarbiyalashdir.

Buning uchun raqamli savodxonlik bilan bir qatorda maʼnaviy immunitet, axborot madaniyati va masʼuliyat hissini ham shakllantirish zarur. Aqlli qurilmalar insonning fikrlash qobiliyati oʻrnini egallamasligi, aksincha, uning ijodiy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kerak.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda taʼlimning barcha boʻgʻinlarini uzviy tizimga aylantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, 2026-yilda qabul qilingan qator hujjatlar taʼlimga faqat ijtimoiy soha sifatida emas, balki milliy taraqqiyotning hal qiluvchi omili sifatida yondashilayotganini koʻrsatmoqda.

Jumladan, Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi PF-19-sonli Farmoni bilan maktabgacha taʼlim va tarbiyani yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi. Unga muvofiq, bolaning intellektual, maʼnaviy-axloqiy, ijodiy va jismoniy rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratish, taʼlim-tarbiya jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, bir yillik maktabga tayyorlov dasturini majburiy umumiy oʻrta taʼlimning dastlabki bosqichi sifatida kiritish nazarda tutildi.

Shuningdek, oʻyinga asoslangan taʼlimni keng joriy etish hamda Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini qamrab olgan “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini barpo etish belgilandi.

2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmon esa oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini “5T — taʼlim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish” tamoyili asosida rivojlantirishni belgiladi.

Mazkur yondashuv oliy taʼlim muassasasining vazifasini faqat diplom berish bilan cheklamaydi. Uni bilim yaratiladigan, ilmiy natijalar amaliyotga tatbiq etiladigan, talabaning shaxsiyati va fuqarolik pozitsiyasi shakllanadigan ilmiy-intellektual markazga aylantirishni koʻzda tutadi.

Farmonda “U 10 — Oʻzbekistonning global ilgʻor universitetlari” dasturini joriy etish, oʻnta oliy taʼlim tashkilotiga tanlov asosida milliy tadqiqot universiteti maqomini berish, oliy taʼlim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, ishlab chiqarish tarmoqlari va xorijiy hamkorlarni birlashtiradigan ilmiy klasterlar tuzish nazarda tutilgan.

Ilmiy klaster loyihalarini 150 milliard soʻmgacha moliyalashtirish imkoniyati esa ilmiy gʻoyaning maqola yoki hisobotda qolib ketmasdan, iqtisodiy va ijtimoiy samaraga aylanishi uchun muhim asos boʻladi.

Shuningdek, 2026-yil sentyabr oyida bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi “Karyera” elektron platformasini ishga tushirish, “Bitiruvchi sifati indeksi”ni joriy etish, robototexnika, dron va aviatsiya kabi texnologik yoʻnalishlarda yoshlarning xalqaro musobaqalarda ishtirokini qoʻllab-quvvatlash vazifalari belgilangan.

Bularning barchasi taʼlim natijasini faqat baholar yoki diplomlar soni bilan emas, balki bitiruvchining bilimi, kasbiy mahorati, ish bilan taʼminlanishi va jamiyatga keltirayotgan foydasi bilan oʻlchashga oʻtilayotganini anglatadi.

Bugun bir kasbni egallab, umr boʻyi faqat shu bilim bilan ishlash tobora qiyinlashib bormoqda. Texnologiyalar shiddat bilan yangilanayotgan ekan, inson ham doimiy ravishda oʻqib-oʻrganishi, malakasini oshirishi va zarur boʻlsa, yangi kasbni egallashi kerak.

Shu bois Bilimlar kunini faqat maktab oʻquvchilari va talabalar bayrami sifatida emas, balki jamiyatning har bir aʼzosini umr davomida bilim olishga chorlaydigan umummilliy maʼrifat kuni sifatida anglash maqsadga muvofiq.

Ayni vaqtda taʼlim va bandlik oʻrtasidagi uzilishni bartaraf etish ham dolzarb vazifadir. Yoshga “oʻqi”, deb aytish bilan birga u olayotgan bilimning hayotdagi qiymatini ham koʻrsata bilishimiz zarur.

Maktabda kasblar olami bilan tanishish, oliy taʼlim muassasasida ishlab chiqarish va amaliyot bilan hamkorlik qilish, ilmiy gʻoyani startap yoki ijtimoiy loyihaga aylantirish imkoniyatlari kengaytirilishi kerak.

Taʼlim muassasasi mehnat bozoridagi oʻzgarishlarni kuzatib borishi, ish beruvchi esa kadr tayyorlash jarayonida faol ishtirok etishi lozim.

2026-yil fevral oyida yoshlar bilan muloqotda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonlik yoshlarning 3,5 ming nafari dunyoning eng kuchli 100 ta universitetida tahsil olmoqda, yoshlar tomonidan yaratilgan 63 ta startap xorij bozorlariga kirib borgan. Fan olimpiadalarida qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar ham mamlakatimizda intellektual avlod shakllanayotganining amaliy tasdigʻidir.

Davlatimiz rahbari 2026-yil 30-iyun kuni yoshlar bilan muloqotda har yili 500 ming nafar yoshni zamonaviy kasblarga oʻqitishga qaratilgan “Kelajak bilimlari ekotizimi” yoʻlga qoʻyilishini maʼlum qildi.

Bu tashabbusning oʻziyoq taʼlimning muayyan yosh yoki diplom bilan tugamaydigan, balki inson hayoti davomida izchil davom etadigan jarayon ekanini koʻrsatadi.

Biroq erishilayotgan natijalar bizga xotirjamlik emas, yanada katta masʼuliyat yuklaydi. Bir nechta iqtidorli yoshning xalqaro yutugʻi bilan cheklanib qolmasdan, sifatli taʼlimni eng olis qishloqdagi bolagacha yetkazishimiz kerak.

Taʼlim sifati bolaning yashash manzili, oilaviy sharoiti yoki ijtimoiy holatiga bogʻliq boʻlib qolmasligi lozim. Mustaqillikning maʼrifiy mohiyati ham aynan imkoniyatlar tengligida namoyon boʻladi.

Har qanday taʼlim islohotining taqdiri, avvalo, oʻqituvchiga bogʻliq. Eng zamonaviy bino, soʻnggi rusumdagi kompyuter yoki mukammal dastur ham bilimli, fidoyi va tashabbuskor pedagog oʻrnini bosa olmaydi.

Chunki bolaga axborotni texnika ham berishi mumkin, ammo uning qalbida orzu uygʻotish, oʻz kuchiga ishonch hosil qilish, yaxshilik va yomonlikni farqlashga oʻrgatish ustozning vazifasidir.

Zamonaviy pedagog faqat oʻz fanini yaxshi bilishi bilan cheklanmasligi kerak. U raqamli texnologiyalardan foydalana oladigan, bolaning shaxsiy xususiyatlarini anglaydigan, inklyuziv taʼlim tamoyillarini biladigan, ota-ona bilan hamkorlik qiladigan va oʻzi ham muntazam ravishda oʻrganadigan mutaxassis boʻlishi lozim.

Shuning uchun pedagogning kasbiy rivojlanishi bir martalik malaka oshirish kursidan oʻtish emas, balki doimiy izlanish va oʻzini yangilash jarayoniga aylanishi zarur.

Jamiyatda ustozga hurmat faqat bayram kunlari bildiriladigan ezgu tilaklarda emas, balki uning mehnatini munosib qadrlash, kasbiy erkinligini taʼminlash va ortiqcha yuklamalardan himoya qilishda ham namoyon boʻlishi kerak.

Oʻqituvchining vaqti qogʻoz toʻldirishga emas, darsga tayyorlanish, bola bilan ishlash va yangi bilimlarni egallashga sarflansa, taʼlim islohotlarining samarasi, eng avvalo, sinfxonada seziladi.

Mustaqillikning 35 yilligi arafasida yangi oʻquv yilini boshlar ekanmiz, oldimizga muhim savol qoʻydik: bugun taʼlim olayotgan avlod 2040-2050-yillarda Oʻzbekistonni qanday mamlakatga aylantiradi?

Bu savolning javobi bugungi sinfxonalarimizda, bogʻchalarimizda, laboratoriyalarimizda, universitet auditoriyalarida va, eng muhimi, farzandlarimizga berayotgan taʼlim-tarbiyamizda shakllanmoqda.

Mustaqillik bizga ajdodlar orzusini amalga oshirish imkonini bergan buyuk neʼmat. Bilim esa ana shu neʼmatni asraydigan, rivojlantiradigan va kelajakka olib boradigan eng ishonchli kuchdir.

Shu bois yangi oʻquv yilining ilk qoʻngʻirogʻi faqat darsga chorlov emas. U har birimizni yurt taqdiriga daxldorlikka, izlanishga, yaratishga va Vatan oldidagi masʼuliyatimizni chuqur anglashga daʼvat etadi.

Zero, istiqlol va maʼrifat – millat taraqqiyotining ikki qanoti. Bu ikki qanot qanchalik mustahkam boʻlsa, yurtimizning parvozi ham shunchalik yuksak boʻladi.

Durdona Lutfullayeva,

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori

Izoh qoldirish