1

Uch avlod uchrashuvi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi tomonidan talaba-yoshlarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, ularda kasbiy qiziqish va ilmiy izlanishga bo‘lgan intilishni kuchaytirish, shuningdek, ustoz-shogird an’analarini davom ettirish maqsadida “Uch avlod uchrashuvi” nomli ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-amaliy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda iqtisodiyot va turizm sohalarida ko‘p yillik ilmiy-pedagogik faoliyat olib borgan, o‘zining ilmiy maktabi va boy tajribasi bilan mazkur sohalarning rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan taniqli olimlar – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi haqiqiy a’zosi, akademik, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori Nurislom Tuxliyev, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori Ravshan Abdullayev, kafedra dotsenti Ashirali Abdirashidov ishtirok etdi. 

Tadbir davomida mehmonlar tomonidan talabalarga ilmiy meros va zamonaviy qarashlar, ustoz-shogird an’analari, iqtisodiyot va turizm sohalarining rivojlanish istiqbollari, yosh mutaxassislarning ilmiy va kasbiy faoliyatida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mehmonlarga savollar bilan murojaat qildilar. Berilgan savollarga professor-o‘qituvchilar va tadbir mehmonlari tomonidan batafsil javoblar berilib, talabalar bilan ochiq va samimiy muloqot olib borildi. Bu esa yoshlarning soha vakillari bilan bevosita fikr almashishi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga amaliy va hayotiy tajribaga asoslangan javoblar olish imkonini berdi.

Yakunda faol ishtirok etgan talabalar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Uchrashuv talabalarda katta taassurot qoldirib, ularning iqtisodiyot va turizm sohalariga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ilmiy izlanishlarga rag‘batlantirish hamda kelgusidagi kasbiy faoliyatiga zarur motivatsiya berishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Izoh qoldirish