Ustoz – inson kamolotining bosh me’mori
Odamzotning hayot yo‘lida maslahat beruvchi, bilim olishga undovchi, uning qalbida ezgu maqsadlarni shakllantiruvchi buyuk siymo ustoz hisoblanadi. Har bir insonning, u kimligidan qat‘iy nazar unga bilim va tarbiya bergan ustozining o‘rni alohida. Shu ma’noda, ustoz mehnati bir avlod doirasidagina emas, balki butun jamiyat kelajagida juda ahamiyatlidir. Ustoz va murabbiylar kuni ana shu fidoyi insonlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularning mashaqqatli mehnatini qadrlash uchun muhim imkoniyatdir.
Ta’lim taraqqiyotning eng muhim omillaridan biridir. Biroq ta’lim jarayonining markazida, avvalo, inson va uning kamoloti turadi. Bu jarayonda ustozning o‘rni beqiyosdir. Chunki ustoz o‘quvchi yoki talabani fikrlashga, izlanishga o‘rgatadi. Haqiqiy ustozning faoliyati dars bilan cheklanmaydi. U o‘z shogirdining qiziqishi, qobiliyati va intilishlarini anglashga harakat qiladi. Ba’zan birgina yaxshi so‘z, o‘z vaqtida berilgan maslahat yoki bildirilgan ishonch yosh insonning kelajakdagi tanloviga katta ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin. Shuning uchun ham ustozlik faqat kasb emas, balki katta mas’uliyat va yuksak ma’naviy fazilatlarni talab qiladigan sharafli faoliyatdir.
Bugungi ta’lim tizimi ustoz oldiga yangi talablarni qo‘ymoqda. Zamonaviy pedagog o‘z fanini chuqur bilishi bilan birga, yangi pedagogik texnologiyalar, raqamli vositalar va zamonaviy ta’lim metodlaridan foydalanish ko‘nikmasiga ham ega bo‘lishi zarur. Shu bilan birga, zamonaviy ustoz doimo izlanishda bo‘ladi. U o‘z ustida ishlaydi, yangi ilmiy manbalarni o‘rganadi, tajribasini boyitadi va dars jarayonini takomillashtirib boradi. Chunki bugungi talaba yoki o‘quvchining ehtiyoji, qiziqishi va axborot olish imkoniyatlari avvalgi davrlardagidan farq qiladi.
Zamonaviy pedagogning yana bir muhim jihati – shaxsga hurmat bilan munosabatda bo‘lish. Har bir yoshning o‘z qobiliyati, dunyoqarashi va o‘zlashtirish imkoniyati mavjud. Ustoz ana shu individual jihatlarni hisobga olib, ta’lim jarayonini tashkil eta olishi kerak. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida professor-o‘qituvchining vazifasi faqat fan doirasidagi bilimlarni yetkazish bilangina cheklanmaydi. U talabani ilmiy izlanishga, mustaqil fikrlashga, kasbiy mahoratini rivojlantirishga va jamiyatdagi o‘z o‘rnini anglashga yo‘naltiradi.
Ustozga hurmat faqat bayram kunlarida tabriklash bilangina ifodalanmaydi. Ustozning mehnatini qadrlash, uning bergan bilimlarini amalda qo‘llash, yaxshi inson bo‘lishga intilish va jamiyatga foydali faoliyat yuritish ustozga ko‘rsatiladigan eng katta hurmatdir.
Shogirdning yutug‘i, avvalo, uning o‘z mehnati natijasi bo‘lsa-da, bu yo‘lda ustozning maslahatlari, sabri va ko‘magi alohida o‘rin tutadi. Shu sababli inson hayotida o‘ziga bilim bergan, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan ustozlarini doimo minnatdorlik bilan eslaydi. Ustoz va murabbiy - jamiyat kelajagini tarbiyalaydigan, inson qalbiga ma’rifat va ezgulik olib kiradigan fidoyi kasb egalaridir. Ularning mehnati natijasi bugun emas, yillar o‘tib, shogirdlarning yutuqlari va jamiyat taraqqiyotida namoyon bo‘ladi.
Shu bois, O‘qituvchi va murabbiylar kuni har birimiz uchun minnatdorlik va ehtirom tuyg‘ularini ifodalash kunidir. Bu kunda bizga saboq bergan, hayot yo‘limizni yoritgan, ilm va ma’rifatga chorlagan ustozlarimizga chuqur hurmat bajo keltiramiz. Ustozlar bor ekan, bilim va ma’rifat davom etadi, ezgu an’analar avloddan avlodga o‘tadi. Ularning sharafli mehnati esa jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘lib qolaveradi.
Feruza Nizamova,
“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish