Turkiy davlatlar hamdo‘stligi taraqqiyotida Ahmad Yassaviy merosining o‘rni
Ahmad Yassaviy Markaziy Osiyo islom maʼrifati va tasavvuf tarixida chuqur iz qoldirgan buyuk mutafakkir, mutasavvif va shoir boʻlib, turkiy xalqlarning umumiy maʼnaviy-madaniy merosini shakllantirgan siymolardan biridir. Uning “Devoni hikmat” toʻplami va asos solgan Yassaviya tariqati islom taʼlimotini turkiy tilda keng ommaga yetkazishda, insonparvarlik, bagʻrikenglik, maʼrifatparvarlik va maʼnaviy kamolot gʻoyalarini targʻib etishda muhim oʻrin tutgan.
Ushbu meros asrlar davomida Markaziy Osiyo, Qozogʻiston, Volga boʻyi va Anadolu hududlaridagi turkiy xalqlar maʼnaviy hayotiga taʼsir koʻrsatib kelmoqda. Turkiston shahridagi Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi esa UNESCO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va turkiy davlatlar oʻrtasida siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ilm-fan, taʼlim va madaniyat sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan Yassaviya taʼlimotidagi bagʻrikenglik, maʼrifatparvarlik, insonparvarlik va maʼnaviy kamolot gʻoyalarining tarixiy-falsafiy asoslarini chuqur oʻrganish, ularning turkiy xalqlar maʼnaviy-madaniy mushtarakligini mustahkamlashdagi oʻrni va ahamiyatini ilmiy jihatdan ochib berish hamda mazkur merosni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida xalqaro miqyosda targʻib etish zarurati yuzaga kelmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 15-16-oktabr kunlari “Turkiy davlatlar hamdo‘stligi taraqqiyotida Ahmad Yassaviy merosining o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Mazkur konferensiya O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti huzuridagi Yassaviy ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda Akademiya professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar, yosh olimlar va mustaqil tadqiqotchilar, Turkiya, Qozogʻiston, Malayziya, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarning yetakchi universitetlari va tadqiqot markazlari vakillari, IRCICA olimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti vakillari, turkiy davlatlar elchixonalari xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada Oʻzbekiston, turkiy davlatlar va boshqa xorijiy mamlakatlarning olimlari va ekspertlari ishtirokida Ahmad Yassaviy va Yassaviya tariqati ilmiy-maʼnaviy merosining turkiy xalqlar tarixiy-madaniy taraqqiyotidagi oʻrni, umumiy maʼnaviy qadriyatlar shakllanishiga taʼsiri, bagʻrikenglik va maʼrifatparvarlik gʻoyalarining bugungi kundagi ahamiyati hamda turkiy xalqlar oʻrtasidagi ilmiy, madaniy va maʼnaviy aloqalarni rivojlantirishdagi imkoniyatlari muhokama qilinadi. Mazkur tadbir Yassaviy merosini oʻrganishda yangi ilmiy yondashuvlarni shakllantirish va turkiy davlatlarning ilmiy-maʼrifiy hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Mazkur anjumanni tashkil etishdan maqsad Ahmad Yassaviy va Yassaviya tariqati ilmiy-maʼnaviy merosining turkiy xalqlar tarixiy-madaniy taraqqiyoti va umumiy maʼnaviy qadriyatlar shakllanishidagi oʻrnini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida oʻrganish, uning bugungi kundagi ahamiyatini ochib berish hamda turkiy davlatlar oʻrtasida ilmiy, madaniy va maʼnaviy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Ishtirokchilar tomonidan “Yassaviylikka doir asarlarning ahamiyati haqida”, “Markaziy Osiyodagi islom me’morchiligi tirik meros sifatida”, “Yassaviya tariqatining Toshkent muzofotidagi namoyandalari” hamda “Turkiy dunyoda ilmiy diplomatiya va ta’lim hamkorligi: imkoniyatlar va istiqbollar” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Anjuman “Ahmad Yassaviy merosi: tarixiy manbalar, ilmiy tadqiqotlar va zamonaviy metodologiya”, “Ahmad Yassaviy merosida komil inson shaxsiyatini tarbiyalashning ahamiyati”, “Yassaviy merosida turkiy xalqlarning tarixiy-madaniy mushtarakligi” hamda “Turkiy davlatlarning ilmiy-maʼrifiy hamkorligining bugungi kundagi ahamiyati” kabi sho‘balarga bo‘lingan holda davom etdi.
Yakunda konferensiya ishi samarali o‘tgani ta’kidlandi.
Konferensiya o‘z ishini ertaga ham davom ettiradi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish