336

Sizga doim ta’zimdamiz, aziz, Ustozlar!

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Akademik litseyida 1-oktabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami munosabati bilan “Sizga doim ta’zimdamiz, aziz, Ustozlar!” mavzusida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, Akademik litsey direktori Ibrohim Usmonov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Diniy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov, taniqli san’atkorlar, litsey ustoz va murabbiylari, o‘quvchi-yoshlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Bayram tadbiri avvalida Bobomurod Rustamov Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning 1-oktabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Akademik litsey ustoz va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Bayram tabrigida har bir tolibi ilmning yetuk mutaxassis bo‘lib kamolga yetishida ustozlarning xizmati beqiyos ekani, boy hayotiy tajriba va yuksak ilmiy salohiyat bilan yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishdan aslo tolmasliklari aytilib, samimiy tilaklar bildirilgan.

Darhaqiqat, olimlari va ustoz-murabbiylari ulug‘langan yurt hamisha taraqqiyotga erishadi. Binobarin Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekistonda eng obro‘li inson — muallim bo‘lishi kerak”, degan g‘oya asosida ziyolilar mehnatiga yuksak baho berilayotgani e’tiborga molik.

O‘zgacha shukuh bilan boshlangan tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbek davlat akademik drama teatri aktrisasi Ra’no Yarasheva so‘zga chiqib, ustozlarni bayram bilan tabrikladi. 

O‘quvchilar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishi namoyish etilib, she’r va g‘azallar ijro qilingani tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi. Ko‘tarinki ruhda davom etgan bayram shodiyonasi kuy va qo‘shiqlarga ulanib ketdi. Tadbir so‘ngida Akademik litsey o‘qituvchilariga mutasaddilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
19
Yoshlar bilan ishlash
Odob-axloq – inson ziynati
22:49
Apr
19

Izoh qoldirish