358

Doktoranturaga kirish imtihonlari boshlandi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida oliy ta’limdan keyingi ta’lim shaklining tayanch doktorantura, maqsadli tayanch doktorantura, stajyor-tadqiqotchilik, doktorantura va mustaqil tadqiqotchilik institutlarida tadqiqot olib borish istagini bildirgan talabgorlar uchun kirish imtihonlari boshlandi.

Bu yilgi imtihonlarda talabgorlar “Dinshunoslik”, “Din psixologiyasi”, “Islom tarixi va manbashunosligi”, “Qur’onshunoslik, Hadisshunoslik”, “Fiqh, kalom ilmi, Ilohiyot”, “Mumtoz Sharq adabiyoti va manbashunosligi” ixtisosliklari bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazadilar.

Mazkur ixtisosliklar bo‘yicha ilmiy faoliyat olib borish maqsadida tayanch doktoranturaga 45 nafar (2 nafar xorijiy), doktoranturaga 1 nafar va maqsadli tayanch doktorantura (PhD)ga 24 nafar va stajyor-tadqiqotchilikka 9 ta talabgor hujjat topshirgan bo‘lib, ular joriy yilning 1-15-noyabr kunlari belgilangan taqvim reja asosida ixtisoslik fanlari va chet (ingliz) tilidan imtihon topshirishadi.

Kirish imtihonlari va suhbatlarida talabgorlarning hujjat topshirgan ixtisosliklari bo‘yicha bilim darajasi, zamonaviy muammolarni tahlil etish va yechim taqdim qilish bo‘yicha ilmiy salohiyati hamda ushbu masalalarni chet tilida bayon qilish qobiliyati sinovdan o‘tkaziladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish