447

Arab tili zamonaviy ta’limida vosita til muammosi va innovatsion yondashuv

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Chet (arab) tili zamonaviy ta’limida vosita til muammosi va innovatsion yondashuv” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. 

Ta’kidlash kerak, mazkur anjuman “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasining tashabbusi bilan har yili an’anaviy tarzda chet tillarini o‘rgatish tizimini yanada rivojlantirish, yosh avlodni zamonaviy bilimlarga ega yetuk inson qilib tarbiyalash maqsadida tashkil etiladi.

Joriy yilgi anjumanda “Chet (arab) tilini o‘qitishda zamonaviy uslublarni shakllantirishning nazariy muammolari, “Chet (arab) tilini o‘qitishda jahon tajribasi: muammo, yutuq, kamchiliklar”, “Chet (arab) tili zamonaviy ta’limida vosita til muammosi masalalarining tahlili”, “Masofaviy ta’lim tizimini rivojlantirish” kabi muhim mavzular konferensiyaning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi. 

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov ochib berib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Konferensiyada “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi mudiri Akbar Kazakbayev, kafedra dotsentlari Shihata Abu Shusha, Hilol Abdurroziq, Ahmad Muso, Muhammad Ali, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti dotsenti Kamola Qodirova, Misr Arab Respublikasining Al-Minya universiteti tadqiqotchisi Nabila Nabil, mamlakatimizning boshqa yetakchi oliy ta’lim muassasalari pedagog-mutaxassislari, ilmiy-tadqiqotchilar, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etishdi.

– Nafaqat arab tili, balki arab adabiyotini til egasi bo‘lmaganlarga o‘qitishda ham muayyan uslublardan foydalanish lozim bo‘ladi, – deydi doktor Ubayd Muhammad o‘zining “Til egasi bo‘lmaganlarga adabiyotni o‘qitish muammolari va yechimlari” ma’ruzasida. – Chunki adabiyot manbalarining o‘ziga xos tili va murakkabligi bo‘lib, uni o‘qitishda adabiyot tarixidan ko‘ra ko‘proq manbaning tili, uslubi, mazmun-mohiyatiga qaratish foydalidir.

Konferensiyada so‘zga chiqqan ma’ruzachilar tomonidan “Til egasi bo‘lmagan ta’lim muassasalarida arab tilini o‘qitishda til me’yorlari”, “Zamonaviy lahjalarning adabiy asoslari: Misr lahjasi misolida”, “Til egasi bo‘lmaganlarga arab adabiyotini o‘qitishda elektron ta’lim strategiyasi”, “So‘zning musiqadorligi va uning til egasi bo‘lmaganlarga arab tilini o‘qitishdagi o‘rni”, “Talabalarning arab tili o‘rganish darajasini aniqlashda differensial yondashuv”, “Arab tilini bilish darajasini aniqlash imtihonlari”, “Arab tilini O‘zDJTUda o‘qitilishi: tarix va istiqbol rejalar”, “Til egasi bo‘lmaganlar arab tilini o‘rganishda duch keladigan ayrim qiyinchiliklar tahlili” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.

– Respublika miqyosidagi bunday anjuman mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan arab tili o‘qituvchilari o‘zaro muloqot olib boradigan, fikr almashadigan, arab tilini o‘qitishda duch kelinayotgan muammolarga birgalashib yechim topadigan ilm maydoniga aylandi, – deydi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Yorqin Shukurov.

Qizg‘in muhokamalar, bahslarga boy o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir yakunida talabalarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi hamda konferensiya ishchi guruhiga yuborilgan tezislarning elektron to‘plami tayyorlanishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
19
Yoshlar bilan ishlash
Odob-axloq – inson ziynati
22:49
Apr
19

Izoh qoldirish