446

Yoshlar – kelajak poydevori

Ma’lumki, yurtimiz aholisining 60 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatimizning kelajagi boʻlgan yigit-qizlarni har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli shaxs, komil inson sifatida tarbiyalash masalasi doimo eng ustuvor vazifa bo‘lib kelgan. Ayniqsa, poyoniga yetayotgan joriy yilga davlatimiz rahbari tomonidan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berilgani fikrimiz isbotidir. Mazkur yilda ertamiz egalariga bo‘lgan e’tibor, g‘amxo‘rlik yanada ortdi. Butun respublika bo‘ylab ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilgan “Yoshlar oyligi” tadbirlarida Akademiya talabalari ham faol ishtirok etdi. 

Akademiyada shu munosabat bilan 10 ta ma’naviy va ma’rifiy tadbir, 26 ta sport musobaqasi, turli mavzulardagi 12 ta ko‘rik-tanlov, ilmiy-amaliy seminarlar, “Zakovat” intellektual o‘yini, o‘z sohasining mutaxassislari bilan uchrashuvlar, teatr va muzeylarga tashriflar uyushtirildi va ushbu tadbirlarda Akademiyaning 1 ming 400 nafarga yaqin talabalari faol ishtirok etdi. 

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 2021-yil – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” yakunlariga bag‘ishlangan “Oltin davrim” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi Ergash Daminov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Otabek Bozorov hamda Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etishdi.

Bayram tadbirini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasini eng asosiy vazifa sifatida bilishlari, yoshlarni xalqimiz mentalitetiga yot, yosh avlod ongi va tafakkuri uchun zararli boʻlgan salbiy taʼsirlardan himoya qilish, millat va davlat taraqqiyotini dunyo hamjamiyatiga koʻrsatishga qodir boʻlgan yosh avlodni tarbiyalash zimmalaridagi eng muhim vazifa ekanini ta’kidlashdi.

Bayram davomida “Oltin davrim” shiori ostida o‘tkazilgan talabalar oyligi doirasidagi tanlov va musobaqalar g‘oliblari hamda yil davomida har tomonlama faol bo‘lgan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, “Toshkent yoshlarni sevadi!” shiori ostida o‘tkazilgan yoshlar oyligi doirasidagi sport musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Akademiya talabalari Saidjon Hakimov, Dillola Xusanova hamda Gulzoda Orifboyevaga Toshkent shahar hokimining diplomi tantanali tarzda topshirildi.

Tadbirda “Yil talabasi – 2021” Respublika tanlovining Akademiya bosqichi g‘oliblari e’lon qilindi.

“Oltin davrim” shiori ostida tashkil etilgan oylik doirasida faol ishtiroki bilan jonbozlik ko‘rsatgan Akademiya fakultetlari ham e’tirof etildi. “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti “Eng namunali talabalar fakulteti”, “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti “Eng faol tashkilotchi fakultet” hamda “Islomshunoslik” fakulteti esa “Eng faol ishtirokchi fakultet” deb topildi.

Rasmiy tadbirlardan so‘ng talabalar ijrosida “5 tashabbus” qo‘shig‘i, musiqiy va she’riy chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
19
Yoshlar bilan ishlash
Odob-axloq – inson ziynati
22:49
Apr
19

Izoh qoldirish