321

Akademiya dotsenti xalqaro konferensiyada ma'ruza qildi

Xalqaro arab tili kuni munosabati bilan “Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari tashkiloti – ICESCO” tomonidan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

“Ayollar va arab tili: voqelik va istiqbollar” mavzusidagi onlayn formatda o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi dotsenti Zulfiya Shokirova o‘zining ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Xalqaro konferensiyani tashkilot bosh kotibi Salim bin Muhammad al-Malik tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Anjumanda Liviya, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Ukraina, Indoneziya, Malayziya, Qatar, Misr, Janubiy Koreya kabi davlatlarning vakillari ishtirok etdi. 

2021-yil – Ayollar yilini nishonlash dasturi doirasida ICESCO tashkiloti tomonidan tashkil etilgan tadbirda arab tilini rivojlantirish bo‘yicha o‘z sohasida yutuqlarga erishgan xotin-qizlar tajribasidan foydalanish, bu tilning mavqeini targ‘ib qilishda ayollarning adabiy asarlarini keng yoritish haqida so‘z yuritildi. 

Nufuzli anjuman “Ayollarning arab tilini targ‘ib qilishdagi o‘rni va ahamiyati”, “Til rivojini oshirishda ayollarning yetakchiligi” hamda “Arab tilini targ‘ib qilishda ayollarning kelgusidagi roli” kabi seksiyalarda o‘tkazildi.

Konferensiyada arab tilining o‘ziga xos jihatlarini yoritish, arab tilida so‘zlashuvchilar uchun bu tilni o‘rgatish sohasida ayollarning mavqeini oshirish kabi masalalar kun tartibidan o‘rin oldi. 

Akademiya dotsenti Zulfiya Shokirova “O‘zbek ayolining arab tilini o‘qitishdagi roli” mavzusidagi ma’ruzasida mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilanganini ta’kidladi. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida arab tilini o‘rganish uchun yaratilayotgan e’tibor, talaba-qizlarning ta’lim olishiga yaratilgan sharoitlarga to‘xtalib o‘tdi.

Konferensiya yakunida Zulfiya Shokirovaning ma’ruzasi qatnashchilarda katta taassurot qoldirib, ishtirokchilar tomonidan munosib e’tirof etildi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish