O‘zbekiston va Misr: ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy aloqalar rivojida yangi davr
Misr insoniyat sivilizatsiyasining qadimiy markazlaridan biri bo‘lib, bugungi kunda ulkan salohiyatga ega, islom olamida, arab mamlakatlari orasida va Afrika qit’asida alohida mavqega ega davlatdir.
O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi do‘stona hamkorligi ko‘p asrlik boy tarixga ega bo‘lib, Movarounnahr va Misr diyorida yashab ijod qilgan ulug‘ siymolarning noyob ilmiy-ma’rifiy merosi butun musulmon olamining bebaho boyligi hisoblanadi. Buyuk alloma Ahmad Farg‘oniy Misrda yashab, o‘lmas kashfiyotlar qilgan.
Jumladan, alloma bunyod etgan, Nil daryosi suvini o‘lchaydigan “Miqyos Nil” inshooti bugungi kunda ham Misr xalqi farovon hayoti va davlat taraqqiyotiga xizmat qilayotgani e’tiborlidir. Qohira shahrida, Nil bo‘yida Ahmad Farg‘oniy sharafiga o‘rnatilgan haykal xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlikning yorqin ramziga ham aylangan.
Misr arab davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib 1991-yil 26-dekabrda O‘zbekiston davlat mustaqilligini tan olgan. Diplomatiya munosabatlari 1992-yil 23-yanvar kuni o‘rnatilgan. 1993-yil may oyida Toshkentda Misr elchixonasi ochilgan. O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi 1994-yil dekabr oyidan faoliyat boshlagan. O‘tgan davr mobaynida mamlakatlarimiz bir-birining manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilish tamoyillariga asoslangan samarali hamkorlikni izchil rivojlantiryapti.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan oqilona siyosati natijasida keyingi yillarda munosabatlarimiz yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, mamlakatimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosati tufayli O‘zbekiston va Misr ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tardi. Misrning “Nazar – 2030” strategik rejasi va Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar ham bir-biriga hamohangdir.
Avvalambor, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida nafaqat rasmiy, balki o‘zaro samimiy do‘stlik munosabatlari o‘rnatilgan. Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining 2018-yilda O‘zbekistonga rasmiy tashrifi va uning Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvi tarixiy ahamiyat kasb etdi.
Bundan tashqari, 2022-yil fevralida ikki davlat rahbarlari Pekinda o‘tkazilgan qishki Olimpiada o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi doirasida ham uchrashib, muzokaralar olib bordilar. Ushbu oliy darajadagi tadbirlar yakunida erishilgan kelishuvlar siyosiy, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, madaniy, ilm-fan kabi sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga mustahkam zamin yaratdi.
2023-yilning 20-21-fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasining rahbari Abdulfattoh as-Sisining taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifni amalga oshirdi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston – Misr hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochildi – tomonlar munosabatlarni “har tomonlama strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarish to‘g‘risida kelishib oldilar. Shu uchrashuv natijasida siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalar, ta’lim, fan, madaniyat va din sohalarida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda Misr Arab Respublikasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda iqtisodiy sohada O‘zbekiston – Misr munosabati faol rivojlanish bosqichiga o‘tgan, 2017-yildan buyon o‘zaro savdo va sarmoyaviy hamkorlik faollashmoqda. Tovar ayirboshlash so‘nggi besh yilda uch barobar, ya’ni 10 million dollardan 30,5 million dollargacha oshdi. Eksportimiz miqdori 16 barobar o‘sdi.
O‘zbekistonning Misrga eksporti tarkibida to‘qimachilik mahsulotlari, transport uskunalari va xizmati, jumladan, havo transporti xizmati yetakchilik qilmoqda. O‘tgan yil importida oziq-ovqat, kimyo mahsulotlari, mashina va transport uskunalari va xizmatlar ustuvor bo‘lgan.
O‘zbekiston tomoni Misrni Afrika va Yaqin Sharqdagi ishonchli hamkor sifatida e’tirof etadi, Misr esa O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotning muhim markazi sifatida qadrlaydi. 2024-yilda Toshkent va Qohira shaharlarida o‘tkazilgan qo‘shma qo‘mitalar, siyosiy maslahatlashuvlar va biznes forumlar o‘zaro ishonch va manfaatdorlik asosidagi aloqalarning yanada mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat rasmiy diplomatik doirada, balki xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar, diniy muassasalar va biznes hamjamiyatlar darajasida ham faol kengayib bormoqda. Shu tariqa O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi strategik va do‘stona aloqalar o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va uzoq muddatli manfaatlarga asoslangan yangi bosqichga kirgan, bu esa ikki xalqning yaqinlashuvi va umumiy taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi ijtimoiy hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Avvalo, ikki xalqni yaqinlashtiruvchi asosiy omil bu – ta’lim, din, madaniyat va inson kapitaliga qaratilgan qo‘shma tashabbuslardir.
Aloqalarimiz rivojida turizm o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Misrning ulkan turizm salohiyati O‘zbekiston uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi.
Ta’kidlash joiz, “Ehromlar o‘lkasi”ga tashrif buyurgan sayyohlarimiz ulushi o‘tgan yildagiga nisbatan 40 foiz oshgan. Bugungi kunda bu o‘lkada faoliyat yuritayotgan 3 milliondan ziyod hamurtimiz mamlakatga qariyb 30 milliard dollar valyuta olib kiryapti.
Eng diqqatga sazovor jihati, O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan misrlik sayyohlarning asosiy qismi ziyorat uchun keladi. Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Qarshi, Termiz, Xiva, Marg‘ilon, Toshkent kabi shaharlar islom madaniyatining markazlari sifatida butun dunyoga dong taratgan. Islom ilmi va ma’rifatini yuksak cho‘qqiga ko‘targan buyuk ajdodlarimizning maqbaralari muqaddas ziyoratgohlarga aylantirilgan. Tarixning turli davrlarida, ayniqsa, Amir Temur va temuriylar davrida buyuk allomalarning yodgorlik majmualari barpo etilgan.
O‘tgan davrda ulug‘ bobolarimizning ma’naviy va ilmiy merosini tiklash, keng targ‘ib etish, tavallud sanalarini xalqaro miqyosda nishonlash, ziyoratgohlarini har tomonlama obod qilish bo‘yicha ulkan ishlar qilindi. Shu o‘rinda ulug‘vor ziyoratgoh – Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi misli ko‘rilmagan darajada obod bo‘ldi. Bugun Xo‘ja Ismoil (avvalgi Xartang) chin ma’noda ko‘rkam va betakror shaharga aylangani ham rost. Bu ziyoratgoh butun musulmon olamining e’tiboridagi har tomonlama obod maskanga aylandi.
Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa bu jarayonning mantiqiy davomidir. Ushbu markaz faoliyati ilmiy-ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lish barobarida xorijiy olimlar va ziyoratchilar tashrifini ham keskin oshirmoqda. Undagi elektron arxivlar, qo‘lyozmalar fondi, interaktiv muzeylar va ko‘rgazmalar nafaqat musulmon mamlakatlaridan, balki Yevropa va Osiyodan kelayotgan mehmonlar uchun ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Eng muhimi, ushbu maskan ilm markazi hamdir. Unda dunyoning eng nufuzli ilmiy tadqiqot markazlari, muzeylarining vakillari ilm bilan, ma’rifat va ijod bilan shug‘ullanishi uchun keng sharoitlar yaratilgan, Bu esa Toshkentni jahon ma’naviy turizmi xaritasidagi muhim nuqtaga aylantirmoqda.
Misr vakillari O‘zbekistonda tashkil etilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. ShHTning Xalq diplomatiyasi tadbirlari, “Sharq allomalarining islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” mavzusidagi xalqaro konferensiya, “Lazgi” xalqaro raqs festivali, Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali, “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Uyg‘onish davri poydevori” xalqaro kongressi, “Xalqaro ziyorat turizmi” haftaligi, “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali, “Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi shular jumlasidan.
2024-yilda Misrning nufuzli Al-Azhar universiteti delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurib, O‘zbekistonda arab tili va diniy-ma’rifiy fanlarni o‘qitish markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Xuddi shu yil sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Al-Azhar vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib, unda yoshlar ta’limi, diniy bag‘rikenglik, gender tengligi va ma’naviy qadriyatlar masalalari muhokama qilindi. Shu yilning sentabr oyida BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), O‘zbekiston hukumati va Al-Azhar ishtirokida ayollar huquqlari va gender zo‘ravonligining oldini olish bo‘yicha respublika miqyosidagi seminar-trening tashkil etildi. Tadbirda barcha viloatlardan 100 dan ortiq diniy yetakchilar, jamoatchilik faollari va ta’lim vakillari qatnashdi. Bu tashabbuslar ikki davlatning ijtimoiy sohada inson huquqlari, gender tengligi va diniy-ma’rifiy tarbiya yo‘nalishidagi o‘zaro ishonch va hamkorlik darajasining yuqoriligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Qohira – Toshkent to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlari yo‘lga qo‘yilgani fuqarolarning ijtimoiy aloqalarini, ayniqsa talaba, ilmiy tadqiqotchi va turistik qatlamlar o‘rtasidagi almashinuvni yengillashtirdi.
Xususan, ta’lim sohasida oliy ta’lim vazirliklari, universitetlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar tobora mustahkamlanmoqda, talaba va o‘qituvchilar almashuvi yo‘lga qo‘yilmoqda. Dunyodagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari qatoriga kiruvchi Qohira, Ayn Shams, Iskandariya, Helvan va Port Said universitetlari bilan mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari faol hamkorlik qilmoqda.
Misr oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek talabalari soni ortib bormoqda, xususan, 2024-yilda Al-Azhar va Qohira universitetlarida 120 nafardan ortiq o‘zbek talabalari tahsil olyapti. Shu bilan birga, O‘zbekiston universitetlarida arab tili, islomshunoslik va xalqaro aloqalar yo‘nalishlarida 50 ga yaqin misrlik talaba va tadqiqotchilar tahsil olmoqda. Bunday ijtimoiy hamkorlik inson kapitalini rivojlantirish, madaniyatlararo muloqotni kuchaytirish va ikki xalqni yanada yaqinlashtirishda muhim o‘rin tutmoqda.
2024-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan 11-raund siyosiy maslahatlashuvlar va Misr – O‘zbekiston Qo‘shma qo‘mitasining 7-sessiyasi ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamladi. Mazkur uchrashuvlarda savdo, investitsiya, transport, energetika va madaniyat yo‘nalishlarida 4 ta anglashuv memorandumi (MOU) imzolandi. Shuningdek, ikki mamlakat BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va Afrika Ittifoqi doirasida ham o‘zaro qo‘llab-quvvatlash siyosatini olib bormoqda.
O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsion hamkorlik so‘nggi yillarda jadal rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga chiqmoqda.
2024-yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 54,8 million AQSH dollarini tashkil etdi, shundan O‘zbekistonning Misrga eksporti 48,87 million dollar, Misrdan import esa 5,97 million dollarni tashkil qilgan. 2018-yilda bu ko‘rsatkich atigi 5,2 million dollar bo‘lganini hisobga olsak, so‘nggi besh yilda savdo hajmi deyarli 9 barobar oshgan.
Yurtimizda misrlik ishbilarmonlar kapitali ishtirokida 29 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Farmatsevtika sohasida Toshkent va Qashqadaryo, baliqchilik bo‘yicha Namangan viloyatida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida muzokara olib borilmoqda. Ayni payt ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 30,5 (eksport – 23,1, import – 7,4) million dollarni tashkil etmoqda.
O‘zbekistonda jahon darajasidagi yo‘l infratuzilmasi barpo etish ko‘p jihatdan Prezidentimiz ilgari surgan global tashabbuslar bilan uyg‘unlashmoqda. Xalqaro hamkorlik va transport-logistika sohalaridagi yangilanishlar yangi O‘zbekiston imkoniyatlarini namoyon etmoqda. Davlatimiz rahbarining islohotlari yuzlab xalqlarning taraqqiyoti va madaniy rivojlanishida ulkan xizmat qilgan Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklash tashabbusi sifatida mamlakatimizning Sharq va G‘arb, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hab sifatidagi mavqeyini tiklashda muhim o‘rin tutadi.
Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, O‘zbekistonning jug‘rofiy nuqtayi nazardan muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashgani, ko‘plab davlatlar bilan iqtisodiy, madaniy aloqalar o‘rnatgani mahalliy xalqning iqtisodiy va madaniy hayotiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
Shu yili Al-Azhar tomonidan 500 dan ortiq noyob darsliklar va ilmiy adabiyotlar O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga hadya qilindi, bu esa ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni sezilarli kuchaytirdi.
Shu bois, yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar jarayonida transport va logistika sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan Transport va logistika sohasini rivojlantirish strategiyasi doirasida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Yagona transport siyosati konsepsiyasi ishlab chiqilib, transport tizimini raqamlashtirish va ekologik talablarga moslashtirish ishlari boshlandi. Transport-logistika va yangi mintaqalararo savdo yo‘llarini to‘liq ochish strategik ahamiyatga ega bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlarini Xitoy, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bozorlari bilan bog‘laydi.
O‘zbekiston qadimdan sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lgan. Bu borada uning hududidan o‘tgan Buyuk ipak yo‘li beqiyos o‘rin tutgan. Turli mintaqalardagi xalqlarni o‘zaro bog‘lagan qadimiy yo‘l nafaqat savdo-iqtisodiy, balki davlatlar va qit’alar o‘rtasidagi axboriy va madaniy muloqotni ta’minlagan.
O‘zbekistondan Misrga asosan to‘qimachilik mahsulotlari, ipak, rangli metallar, qurilish materiallari va oziq-ovqat eksport qilinadi, Misrdan esa dorivor vositalar, kimyo mahsulotlari, plastmassa, elektr jihozlari hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari olib kelinmoqda.
2023-yilda Misrning O‘zbekistonga eksportidagi eng yirik tovar toifasi aviatsiya va transport texnikasi (12,2 million dollar) bo‘lgan.
Investitsiyalar borasida ham ijobiy dinamikaga erishilmoqda. 2023-yilda Misr kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotiga 1,2 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish niyatini bildirgan, bu sarmoalar asosan farmatsevtika, qurilish materiallari, oziq-ovqat, to‘qimachilik va energetika sohalariga yo‘naltirilmoqda.
2025-2027-yillar davomida O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi savdo aylanmasini kamida 3 barobar oshirish rejalashtirilgan. Ushbu natijalar ikki davlat iqtisodiy hamkorligi tobora amaliy tus olayotganini, investitsiya oqimi esa strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va manfaatlar uyg‘unligiga asoslangan. Bu hamkorlik nafaqat ikki davlat manfaatlariga, balki Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalarida barqarorlik, taraqqiyot va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda. Shu tariqa O‘zbekiston – Misr aloqalari bugun strategik sheriklikning yangi bosqichiga kirib, har ikki xalqning farovonligi va istiqboliga zamin yaratmoqda.
O‘zbekiston – Misr hamkorligida diniy-ma’rifiy soha alohida o‘rin tutadi. Davlatlarimiz bag‘rikenglik tamoyilini, muqaddas islom dinining ma’rifiy qadriyatlarini targ‘ib qilish, insonparvarlik mohiyatini avaylab-asrab, mavjud merosni tadqiq etish, turli tahdid va xavflarga qarshi kurashish tarafdoridir.
Muxtasar aytganda, har ikki davlat insoniyat tamaddunining qadimiy o‘choqlaridan hisoblanadi. Barcha sohalardagi hamkorlik aloqalari esa strategik sheriklikni shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Muzaffar KAMILOV,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori,
ICESCO tashkiloti ijroiy kengashining a’zosi
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish