224

Vashingtondagi masjid imomi, iste’fodagi harbiy va olim Tolib Sharif bilan maxsus intervyu

Toshkent shahrida “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi bo‘lib o‘tayotganini ma’lum qilgan edik. Unda qatnashayotgan Vashingtondagi «Xalq masjidi» yoki Muhammad masjidining prezidenti va imomi Tolib Sharif “Xabar.uz” sayti uchun maxsus intervyu berdi.

— Assalom alaykum, janob Tolib Sharif. “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumidan nimalarni kutmoqdasiz?

— Assalom alaykum. “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumidan umidlarim katta. Hammamizga ma’lumki, O‘zbekiston ayni paytda har bir sohada yuqori o‘sish sur’atlarini ko‘rsatmoqda. Ayrim yo‘nalishdagi qiyinchiliklardan ham xabardormiz, deyishim mumkin. Davlatlarimiz o‘zaro bu borada ishlamoqdalar. Bu forumdan so‘ng o‘zaro hamkorligimizning yangi yo‘nalishlarini belgilab olishimizga, bu yerdagi birodarlarimizga qandaydir yordam berishimiz mumkinligiga umid qilaman.

— “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumiga aynan O‘zbekistonning tanlanishiga qanday sabablarni keltira olasiz?

— Birinchi sabab bu O‘zbekistonning ushbu tadbir mezbonligiga o‘z nomzodini qo‘yishidir. Shubhasiz, bunday deklaratsiyalar turli mamlakatlarda ham imzolangan. O‘zbekiston Islom dunyosining eng muhim vakillaridan biri. Mamlakatingizda Islom merosi juda kuchli. Biz bilamizki, Imom Buxoriyning to‘plagan hadislari dinimizning eng asosiy manbalaridan hisoblanadi. Deklaratsiya imzolagan ko‘plab boshqa davlatlarga ham e’tibor beradigan bo‘lsak, ularning aksari adolatli intilishlari sababli bunday ishga qo‘l urganlar. O‘zbekistonning xalqaro forumga mezbon etib saylanishiga sabablaridan biri ham mamlakatingizda bu sohada allaqachon tashlangan qadamlardir. Mamlakatingizda deklaratsiya imzolanishi nafaqat intilish, balki amaliy ishlar davomi hamdir. Bu keyingi qadamlar uchun yo‘l ochadi. Menimcha, mamlakatingizda islohotlar faqat yuqori yo‘nalishlarda bo‘ladi. Jamiyatning barqarorligiga intilish, sog‘lom fuqarolik muhitini yaratish global tinchlikka ham o‘z hissasini qo‘shadi.

— O‘zbekistonga tashrifingizdan qanday tassurrotlar oldingiz?

— Bu O‘zbekistonga ikkinchi marta kelishim. Buyuk mutafakkirlar yurtida ekanligimdan juda ta’sirlandim. Va aniqki, har bir musulmon uchun bu zaminda bo‘lish juda yoqimli. Ko‘ramizki, dunyo taraqqiyoti uchun xizmat qilgan olimlarni, xususan, Mirzo Ulug‘bek kabi matematika va astronomiya sohasida buyuk mutafakkirlarni alohida e’tirof etishimiz kerak. Ammo kommunizm hukm surgan davrlarda ularning merosini to‘la o‘rganishning imkoni bo‘lmadi. O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach yana buyuk o‘tmishini tiklashga va rivojlanishga harakat qilmoqda. Men O‘zbekistonga yana tashrif buyurishni reja qilyapman.

— Sizningcha, diniy bag‘rikenglik nima?

— Diniy bag‘rikenglik haqida gapirganda ko‘p narsani tushunish kerak. Diniy bag‘rikenglik berilishi boshqalar tomonidan qarshiliklarga sabab bo‘lishi mumkin deb hisoblashadi. Ko‘pchilik o‘ylaydiki, diniy erkinlik berilishi orqali ko‘p narsani yo‘qotib qo‘yish mumkin. Ammo bu noto‘g‘ri. O‘ylashimcha, diniy bag‘rikenglikning foydasi zararidan ko‘ra ko‘proq. Bu qonun bilan tartibga solinishi kerak. Shundagina barcha diniy konfessiyalar o‘zining samarali faoliyatini olib boradi.

Izoh qoldirish