2

O‘zXIA va USIM o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining navbatdagi muloqoti

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga “Visiting professor” (Tashrif buyuruvchi professor) dasturi doirasida Malayziya islom ilmlari universiteti (USIM)dan professor-o‘qituvchilar hamda talabalardan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.

Delegatsiya a’zolarini Akademiyaning Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda “Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi o‘qituvchisi Firuz Rashidov kutib oldi va tashrif davomida mehmonlarga hamrohlik qildi. 

Tashrifning asosiy maqsadi – Akademiya va USIM o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi akademik almashinuvni kengaytirish, shuningdek, Akademiya talabalari uchun Malayziya tajribasi asosida ilmiy-ma’rifiy ma’ruzalar taqdim etishdan iborat bo‘ldi. 

Delegatsiya a’zosi, professor Nur Ayna Abdulloh tomonidan “Malayziyada jinoyat huquqi: an’ana, amaliyot va adolat” mavzusida ma’ruza o‘qildi. 

Ma’ruzada Malayziya jinoyat huquqining shakllanish tarixi, federativ davlat tuzilishiga xos huquqiy tizim asoslari, mamlakatda amalda bo‘lgan ikki yo‘nalishli fuqarolik va islom huquqining o‘ziga xosliklari atroflicha tushuntirildi. Professor jinoyat qonunchiligining asosiy manbalari, sud organlarining institutsional tuzilishi, jinoyat va jazoga oid tushunchalarning jamiyatdagi adolat va barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rniga to‘xtalib o‘tdi. 

Navbatdagi ma’ruza professor Nurul Ayn Hazram tomonidan “Malayziyada oila huquqi” mavzusida bo‘ldi. 

Tashrif davomida USIM talabalari Akademiya professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan ilmiy-amaliy muloqotlar olib bordi. Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi umumiy diniy, ma’rifiy va madaniy jihatlar yuzasidan fikr almashildi. Akademiya uchun ushbu tashrif xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash, ta’lim jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni integratsiya qilish, xususan Malayziyadagi fuqarolik va islom huquqi uyg‘unligini o‘rganishda muhim amaliy imkoniyat yaratdi. Shu bilan birga, professorlar bilan kelgusida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, o‘quv dasturlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma tadbirlar va ilmiy nashrlar bo‘yicha istiqboldagi rejalar muhokama qilindi. 

Ushbu tashrif O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va USIM o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi, ikki oliygoh o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli ilmiy-amaliy hamkorlik va istiqbolli qo‘shma loyihalar uchun mustahkam zamin yaratdi. 

Izoh qoldirish