269

O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy soha islohotlari Turkiya jamoatchiligi e’tiborida

Xabar berganimizdek, bir guruh olim va tadqiqotchilarimiz Turkiya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Anqara universiteti o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga asosan, Akademiya professor-o‘qituvchilari mazkur universitetning Ilohiyot fakultetida ma’ruza darslari bilan ishtirok etmoqda.

Anqara xalqaro universitetining Ilohiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari uchun vakillarimiz “O‘zbekistonda din sohasidagi islohotlarning yangi bosqichi”, “O‘zbekiston buyuk allomalar yurti” mavzularida seminarlar o‘tkazishdi.

Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO”, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi”, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedralari professor-o‘qituvchilari, Xalqaro hamkorlik bo‘limi vakillari hamda “Islomshunoslik” mutaxassisligi magistrantlari tomonidan ma’ruzalar qilindi.

Seminarda o‘z taqdimotlari bilan ma’ruzaga chiqqan yuridik fanlari doktori N.Yusupova “Islom huquqida oila va nikoh hamda gender tenglikni tushunish muammolari”, N.Hakimova “Qaffol Shoshiyning “Mahosin” asari qo‘lyozmalari”, dotsent D.Raximdjanov “O‘zbekistonda so‘nggi yillarda diniy sohada erishilgan yutuqlar”, (PhD) N.To‘ychiyeva “Islom ilmlari rivojida Markaziy Osiyo tasavvuf allomalarining tutgan o‘rni”, dotsent S.Oqilov “O‘zbekistonda Moturidiya ta’limotiga oid saqlanayotgan qo‘lyozmalar”, professor O.Astanaqulov “Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasining mohiyati va ahamiyati”, (PhD) N.Botirova “Murobaha instrumentining islom banklarida va an’anaviy banklarda qo‘llanilishi”, katta o‘qituvchi O‘.Jiyanov “O‘rta asrlarda iqtisodiy rivojlanish omillarining Markaziy Osiyo olimlarining talqinida”, iqtisod fanlari nomzodi G.Gʻulomova “O‘zbekistonning ziyorat turizm salohiyati”, katta o‘qituvchi G.Xudayberganova “Islom dinining ilk davrlarida zuhd tushunchasining talqini”, D.Mavlonova “O‘zbekiston – buyuk allomalar diyori” mavzularida ma’ruzalar qildi. 

Ma’ruzalar tinglovchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. Savol-javoblar davomida yangi O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlagan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy va o‘rta maxsus diniy bilim yurtlari faoliyati, alloma ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy meros bo‘lib qolgan qo‘lyozma manbalarga oid tadqiqotlar bo‘yicha berilgan savollarga ma’ruzachilar tomonidan batafsil javob berildi. 

Seminar davomida dotsent S.Oqilov tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan chop ettirilgan monografiya, risola va tarjima kitoblari hamda esdalik sovg‘alari mezbonlarga taqdim etildi. 

Anqara universiteti fakultet dekani Shamil Dagji va boshqa professor-o‘qituvchilar o‘zlari chop etgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalariga oid nashrlarni vakillarimizga taqdim etdi.

Shundan so‘ng, Ilohiyot fakulteti kutubxonasi bilan tanishuv tashkil etilib, professor-o‘qituvchi va magistrantlarimiz bu yerdagi mavjud qo‘lyozma, toshbosma, nashrlar va ularning elektron variantlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Kunning ikkinchi yarmida delegatlarimiz va Anqara universiteti prorektori, professor Mustafa Fener bilan uchrashuv tashkil etilib, ikki oliy dargoh o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida fikr almashildi. Tomonlar bir-birlariga esdalik sovg‘alarini ulashishdi.

Do‘stona o‘tgan uchrashuvdan so‘ng, delegatlarimiz Ilohiyot fakulteti xodimlari hamrohligida Anqaradagi Mustafo Kamol Otaturk mavzoleyini ziyorat qilishdi.

Delegatlarimizning Turkiya Respublikasidagi xizmat safari davom etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish