315

NAJMIDDIN NIZOMIDDINOV TALABALAR DAVRASIDA

Xabaringiz bor, kuni kecha “Shuhrat” medali sohibi, “Bobur xalqaro mukofoti”ning sovrindori, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, filologiya fanlari doktori Nizomiddinov Najmiddin Gʻulomovich tavalludi Akademiya rahbariyati va jamoasi tomonidan qutlandi.

Shu bois, olimning 75 yillik yubileyini keng nishonlash maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faollar zalida “Hayot haqiqati” mavzusida ustoz yubileyiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Unda professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, ustozning hamkasblari va shogirdlari, xodimlar ishtirok etdi.

Tadbirda Najmiddin Nizomiddinov talabalarga o‘zining hayoti va ijodi, yoshlik yillari, ilm-fanga bo‘lgan ishtiyoqi, ajdodlar ilmiy-ma’naviy merosini tadqiq etib, xalqimiz, ayniqsa, yosh-avlodga yetkazishdek mas’uliyatli vazifani bekamu ko‘st bajarib kelayotganini so‘zlab berdi.

Shuningdek, butun umrini ilm-fanga baxshida qilgan taniqli olim mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, yosh avlodni intellektual jihatdan yetuk bo‘lib barkamol voyaga yetkazishda samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgani xususida talaba-yoshlar, o‘qituvchilar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

“Shuhrat” medali sohibi, “Bobur xalqaro mukofoti”ning sovrindori, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Najmiddin Nizomiddinov butun umrini ilm-fanga baxshida etib kelayotgan kamtarin, xokisor va zahmatkash inson. Ustozning ibratli hayot yo‘li barchaga namuna bo‘lib kelmoqda. Zero, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Hind filologiyasi fakultetida o‘qish bilan birga Hindistondagi Lakhnau universiteti magistraturasida ham tahsil olgan. Uzoq yillar mobaynida Hindistonda xizmat safarida bo‘lib, hind, urdu, ingliz va fors tillarini mukammal o‘zlashtirish bilan bir qatorda ko‘hna brajbhasha tilini ham puxta o‘rganishga muvaffaq bo‘ldilar.

Hindiston adabiyoti va madaniyatiga bo‘lgan qiziqish tufayli “Progress” nashriyoti, Inturist tashkilotlarida ham faoliyat ko‘rsatib, ko‘pchilik hind kinosi ixlosmandlari olimni qator hind kinofilmlarining tarjimoni sifatida yaxshi bilishadi. “O‘zbekfilm”da ishlagan yillarda ham samarali mehnat qildilar.

Ustoz Najmiddin Nizomiddinov ko‘p yillik fidoyi mehnati, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-avgustdagi Farmoniga binoan “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.

Adabiyot va ilmga nisbatan chanqoqlik Ustozni O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyiga yetaklab keldi. Uzoq yillar davomida shu ilmiy tashkilotda faoliyat ko‘rsatib, “XVI-XVIII asrlarda Hindiston turkiyzabon shoirlarining adabiy merosi” mavzusidagi nomzodlik (10.01.06 – “Xorijiy Osiyo va Afrika mamlakatlari xalqlari adabiyoti” ixtisosligi bo‘yicha) hamda “XVI-XIX asrlar Hindiston turkiyzabon adabiyoti” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari  dinlari tarixi, madaniyati bilan bog‘liq mavzularni o‘zida qamrab olgan qator fanlardan bir necha yillardan beri bakalavr va magistrantlarga saboq berib kelyapti. Bu borada har yili o‘quv qo‘llanma, monografiya va risolalar nashr etishga ham vaqt topdi.

Hindiston madaniy hayotida o‘chmas iz qoldirgan Bobur va boburiylar faoliyatiga oid tadqiqotlari ilmiy jamoatchilikda e’tirof etildi. Shu tufayli 2013-yili “Bobur xalqaro mukofoti”ning sovrindori bo‘ldi.

Samimiy o‘tgan uchrashuv davomida olim hayoti va ijodi, ilmiy faoliyatiga oid videorolik tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi. Yakunda Ustozga sihat-salomatlik, boqiy umr, ilmiy-ijodiy ishlarida muvaffaqiyat tilandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish