382

“VATANNI SEVMOQ IYMONDANDIR” INSHOLAR TANLOVI QIZG‘IN PALLAGA KIRDI

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Xalqaro islom akademiyasi hamkorligida oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi qizg‘in pallaga kirdi.

Ishtirokchilar dastlab poytaxtimizdagi “Chinobod plaza” sanatoriyasida ziyolilar bilan muloqotlar o‘tkazdi. Yoshlar bu yerda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xurshid Do‘stmuhammad, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov va boshqalar bilan mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar xususida suhbatlashdi.

O‘zbek Milliy akademik drama teatridagi “Jaloliddin Manguberdi” spektakli namoyishi, “Tashkent city”ga sayohat barchada katta taassurot qoldirdi.

Tadbirning ikkinchi kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, “Gʻalaba” yodgorlik majmuasiga sayohat uyushtirildi. Sayohat mobaynida talabalar “Istiqlol” monumenti va “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qo‘yishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasiga ham tashrif buyurildi. Tashrif asnosida bir qator siyosiy va diniy arboblar bilan muloqotlar uyushtirildi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov, Xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovlarning ma’ruzalari talabalarning bilim va saviyasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Bugun tanlov qatnashchilari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida “Vatanni sevmoq iymondandir” mavzusida insho yozishadi.

Ertaga esa tanlov g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan. “Ishonch”ning navbatdagi sonida tanlov jarayonlari, talaba-yoshlarning taassurotlari va g‘oliblar haqida batafsil hikoya qilamiz.

Gʻulomjon MIRAHMEDOV,

“ISHONCH”.

Manba: “Ishonch” gazetasi 2022-yil 16-iyun, 76-son.

Izoh qoldirish