297

“Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari taqdirlandi

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, shoir va yozuvchilar, olimlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etdi.

Shuningdek, oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari vakillari, talabalari, tanlov ishtirokchilari, Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar qatnashdi.

Dastlab, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov “Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining o‘tkazilish maqsadi, mazmun-mohiyati, so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan sharoit va berilayotgan imkoniyat, aynan yangi O‘zbekistonni barpo etishda yoshlarning daxldorlik hissi bilan faol ishtirok etishi muhimligini aytib o‘tdi. O‘tkazilgan tanlovda ham ishtirokchilarning Vatan tuyg‘usini dilga jo aylab, yozgan insholarida aks etishga harakat qilganlari e’tirof etildi.

Uchrashuvda so‘z olgan davlat va jamoat arboblari ham bu borada o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi.

Shundan so‘ng “Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Dastlab hakamlar hay’ati taklifi bilan joriy etilgan nominatsiyalar sovrindorlari mukofotlandi. 

“Yosh vatanparvar” nominatsiyasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi “Xorijiy filologiya” yo‘nalishi 1-kurs o‘quvchisi Muslima Muratova, “Bezovta qalb” nominatsiyasida Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Islomshunoslik yo‘nalishi 3-kurs talabasi Ikrombek Ilhomiy, “Eng samimiy dil izhori” nominatsiyasida “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Islomshunoslik yo‘nalishi 3-kurs talabasi Abduvaxob Abdurashidov, “Istiqbolga sobit ishonch” nominatsiyasida Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Islomshunoslik yo‘nalishi 1-kurs talabasi Zohidjon Yusufov, “Fidoyilik ruhi” nominatsiyasida Jo‘bori Kalon ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Islomshunoslik yo‘nalishi 2-kurs talabasi Ozoda Sattorova, “Ma’rifat ruhi” nominatsiyasida Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Islomshunoslik yo‘nalishi 4-kurs talabasi Amina Xo‘jayor Toshmurod qizi, “Chet tilida ravon yozilgan insho” nominatsiyasida “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Islomshunoslik yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Eldorbek Yo‘lchiyev taqdirlandi.

Shuningdek, “Eng yaxshi ijodiy yondoshuv” nominatsiyasida Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Islomshunoslik yo‘nalishi 4-kurs talabasi Yolqin Muqimov, “Teran talqinlar” nominatsiyasida “Imom Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Islomshunoslik yo‘nalishi 1-kurs talabasi Jahongir Xolmurodov, “Eng yaxshi Vatanparvarlik g‘oyasi” nominatsiyasida Hadis ilmi maktabi Islomshunoslik yo‘nalishi 3-kurs talabasi Saidmahmud Parpiyev, “Milliy ruh” nominatsiyasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Islomshunoslik yo‘nalishi 4-kurs talabasi Irodaxon Abdumannopova, “Beg‘ubor tuyg‘ular” nominatsiyasida Jo‘bori Kalon ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Islomshunoslik yo‘nalishi 1-kurs talabasi Fotima Turobova taqdirlandi.

Yuqoridagi nominatsiya g‘oliblariga mutasaddilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

“Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi uchinchi o‘riniga uch nafar — “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Islomshunoslik yo‘nalishi 1-kurs talabasi Ravshanbek Abduraximov, Toshkent islom instituti Islomshunoslik yo‘nalishi 1-kurs talabasi E’zozxon Yigitaliyeva, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Muhammad al-Beruniy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Islomshunoslik yo‘nalishi 3-kurs talabasi Azizbek Atamuratov loyiq topildi. Uchinchi o‘rin sovrindorlari 3-darajali diplom va 10 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Tanlovning respublika bosqichi ikkinchi o‘riniga ikki nafar — Mir Arab oliy madrasasi Islomshunoslik yo‘nalishi 1-kurs talabasi Asrorbek Teshaboyev hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Ziyorat turizmi” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Muhammadamin Mamanov egalladi. Ikkinchi o‘rin sovrindorlari 2-darajali diplom va 20 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

“Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi 1-o‘rin g‘olibi “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi Islomshunoslik yo‘nalishi 2-kurs talabasi Murtazo Musayorov munosib deb topildi. Birinchi o‘rin g‘olibi 1-darajali diplom va 30 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

“Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi 1-2-3-o‘rin sovrindorlarining ustozlari ham pul mukofoti bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish