366

“Tafakkur egalari – kelajak liderlari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi

Bugun, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xalqimizning sevimli xonandasi, o‘zining betakror ijodi bilan muxlislari olqishiga sazovor bo‘lib kelayotgan Shuhrat Daryo ishtirokida “Tafakkur egalari – kelajak liderlari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Akademiyada o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan turli ko‘rik-tanlov va musobaqalarda talabalarning faol ishtirok etayotgani, ayniqsa, o‘zining iqtidori bilan tengdoshlariga namuna bo‘lib, ko‘plab yutuqlarga erishayotgan iste’dod sohiblari e’tirof etildi. 

Shu nuqtai nazardan, talabalar qo‘lga kiritayotgan har bir yutuq, g‘oliblikka munosib ko‘rilgani zamirida jonkuyar, mehnatkash, o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashayotgan ustoz-murabbiylarning xizmati borligi, ular qilgan mehnat bugun o‘zining mahsulini berayotgani ta’kidlandi.

Ma’lumki, Akademiyada talaba-yoshlarning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha turli tanlovlar o‘tkazilib, iste’dod egalarini saralash maqsadida “Tafakkur egalari” klubi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda ushbu klub o‘zining samarali faoliyatini olib bormoqda. Tadbirda “Tafakkur egalari” klubi a’zolari o‘zlarining faoliyatiga oid taqdimotlarini tinglovchilarga havola etishdi.

Shuningdek, “Tafakkur egalari” tanlovining g‘olib va sovrindorlari Akademiya rektori tomonidan taqdirlandi. Kuni kecha, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazilgandi. 

Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Ziyorat turizmi” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Muhammadamin Mamanov ikkinchi o‘rinni egallab, 2-darajali diplom va 20 million so‘m pul mukofoti, “Milliy ruh” nominatsiyasida Islomshunoslik yo‘nalishi 4-kurs talabasi Irodaxon Abdumannopova, “Yosh vatanparvar” nominatsiyasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi “Xorijiy filologiya” yo‘nalishi 1-kurs o‘quvchisi Muslima Muratova hamda tanlovning ikkinchi o‘rin sovrindori Muhammadamin Mamanovning ustozi Akademiya o‘qituvchisi Jasur Ergashev 10 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlangani yana bir bor e’lon qilindi.

Xonanda Shuhrat Daryo tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbir fayziga yanada fayz qo‘shdi. Ayniqsa, Vatan, do‘stlik, mehr-oqibat, yoshlik kabi mavzularda aytilgan jonli ijrodagi ohanglar barchaga birdek manzur bo‘ldi. Tadbir qatnashchilari xalqimizning sevimli xonandasiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Xalqimiz, ayniqsa, yoshlar Shuhrat Daryoning O‘zbekiston xalq shoirlari marhum Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf, bugungi kunda ham samarali ijod qilib kelayotgan Iqbol Mirzo kabi shoirlarning dilbar she’rlariga murojaat qilib, mahorat bilan ijro qilgan taronalarini yaxshi bilishadi.

“Tafakkur egalari – kelajak liderlari” mavzusida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir so‘nggida talabalar o‘rtasida kitobxonlikni yanada shakllantirish, o‘zlari mutolaa qilgan o‘zbek va jahon adabiyoti durdona asarlari bo‘yicha qiziqarli o‘yinlar o‘tkazildi. Berilgan savollarga to‘g‘ri javob bergan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish