296

Akademiyada “27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” keng miqyosda nishonlandi

So‘nggi yillarda yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida “Mamlakatimizda demokratik yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, ommaviy axborot vositalari faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lida davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan sohani qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning mashaqqatli mehnatini har tomonlama rag‘batlantirishga bundan buyon ham alohida e’tibor qaratiladi”, deya mazkur soha vakillarining mashaqqatli va sharafli mehnatini e’tirof etgan edi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, OAV xodimlari hamda Akademiya o‘qituvchi va xodimlari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda yurtimizda so‘z erkinligiga bo‘lgan e’tibor yangi darajaga ko‘tarilganini qayd etishdi. OAV demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma’lumotlar yetkazish, yangi O‘zbekistonning demokratik qiyofasini shakllantirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlashdi.

Uchrashuv davomida Akademiya rektori Muzaffar Komilov, Matbuot kotibi Bahodir Jovliyev hamda “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorovga O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan a’zolik guvohnomasi topshirildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi o‘rtasida Anglashuv Memorandumi imzolandi.

Ta’kidlash joizki, 2022/2023-o‘quv yilida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ilk bor bakalavriatning kunduzgi hamda sirtqi ta’lim shakllariga “Jurnalistika (xalqaro jurnalistika)” hamda magistratura bosqichining “Jurnalistika (internet jurnalistika)” yo‘nalishiga abituriyentlar qabuli e’lon qilindi. Shuning o‘zi ham bugungi kunda mazkur soha vakillariga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lajak jurnalist kadrlarga ta’lim berishda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi amaliy yordam berishga tayyor ekanini ma’lum qildi. 

Anglashuv Memorandumi imzolanganidan so‘ng yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda yosh avlodning barkamol voyaga yetishi, xalqaro standartlar asosida ta’lim olishi, ilm-fan, kasb-hunar cho‘qqilarini egallashi hamda xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishi borasidagi yangilanishlarni keng jamoatchilikka samarali yetkazishda Akademiya bilan faol hamkorlik qilib kelgan bir guruh OAV xodimlarni bayram munosabati bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari berildi.

Shundan so‘ng tadbir tashkilotchilari tomonidan sana munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish