282

Akademiyada abituriyentlar uchun dastlabki imtihonlar boshlandi

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha sohalar singari ta’lim sohasida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida milliy va ma’naviy qadriyatlar asosida zamon talablariga mos, diniy va dunyoviy bilimlar hamda chet tillarni puxta egallagan yetuk mutaxassis kadrlarni tayyorlashga ustuvor ahamiyat qaratilib kelinmoqda. Joriy yilda ham Akademiyada o‘qishni istovchi yoshlarning safi yanada kengaydi. 

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriat “Islomshunoslik” va “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun dastlabki imtihon jarayoni bo‘lib o‘tdi. Ushbu yo‘nalishlarga hujjat topshirgan abituriyentlar guruhlarga ajratilib, imtihonda ishtirok etdi. 13-iyul kuni bo‘lib o‘tgan imtihonlar ikki smenada tashkil etildi. 

Imtihon boshlanishidan avval Akademiya Qabul komissiyasi mutasaddilari tomonidan imtihon o‘tkazish tartib-qoidalari hamda uni buzgan abituriyentlarga nisbatan dalolatnoma tuzilib, o‘sha vaqtning o‘zida ular imtihondan chetlashtirilishi haqida ogohlantirildi. Jarayon adolatli va shaffof tarzda o‘tkazilib, to‘liq onlayn translatsiya qilindi. Abituriyentlarning ota-onalari mazkur jarayonni faol kuzatib borishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 5-iyundagi “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 358-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra Dastlabki imtihon yozma shaklda Akademiya hududida tashkil etildi.

Imtihon nizomiga muvofiq, abituriyentlarning intellektual, ma’naviyat va ma’rifat asoslari bo‘yicha bilim hamda xorijiy tillarni (ingliz, fransuz va nemis) bilish darajalari sinovdan o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, dastlabki imtihonlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ertaga, ya’ni 14-iyul kuni ham davom etadi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish