347

Akademik litseyning dastlabki yozma imtihonlari boshlandi

Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab oliy ta’lim muassasalari tasarrufidagi Akademik litseylarda dastlabki saralash imtihonlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Akademik litseyiga qabul bo‘yicha dastlabki imtihon jarayonlari boshlandi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, joriy yilning 14-16-iyul kunlari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademik litsey dastlabki yozma imtihon (diktant) o‘tkazilishi belgilangan. Bugun ikki smenada tashkil etilgan sinovlarda abituriyentlar guruhlarga ajratilib, ular ishtirokida dastlabki yozma imtihon (diktant) o‘tkazildi.

Akademik litseyning xorijiy filologiya (tillar bo‘yicha: ingliz tili), xorijiy filologiya (tillar bo‘yicha: arab tili) hamda ijtimoiy-gumanitar fanlar (yurisprudensiya) yo‘nalishlarining o‘zbek guruhlariga umumiy hisobda 1 ming 104 nafar o‘g‘il-qiz hujjat topshirgan. Xorijiy filologiya (tillar bo‘yicha: ingliz tili) rus tili guruhiga esa berilgan o‘rinlarga esa 152 nafar abituriyent da’vogarlik qilmoqda.

Ta’kidlash joiz, 2022/2023-o‘quv yili uchun Akademik litseyga 182 ta kvota berilgan bo‘lib, shundan 156 tasi o‘zbek guruhi, 26 tasi esa rus guruhiga ajratilgan. 

Eslatib o‘tamiz, abituriyentlar imtihonlarga kirish uchun ruxsatnoma bilan birga shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (tugʻilganlik guvohnomasi, pasporti yoki ID kartasini) ham olib borishlari lozim.

Imtihonlar davom etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish