482

Xalqaro jurnalistika ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy imtihonlar boshlandi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 2022/2023-o‘quv yilida ilk bor bakalavriatning kunduzgi hamda sirtqi ta’lim shakllariga “Jurnalistika (xalqaro jurnalistika)” hamda magistratura bosqichining “Jurnalistika (internet jurnalistika)” mutaxassisligiga abituriyentlar qabuli e’lon qilingandi. Mazkur yangilikning o‘zi ham bugungi kunda ushbu soha vakillariga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohaga ixtisoslashgan jurnalist kadrlar hassos yo‘nalish faoliyatini yanada keng va ta’sirli yoritishi davr talabidir.

Bugun, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriat “Jurnalistika” (xalqaro jurnalistika) ta’lim yo‘nalishiga kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari boshlandi.

Dastlab, AkademiyaQabul komissiyasi mutasaddilari tomonidan imtihon o‘tkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi. Jarayonni adolatli va shaffof tarzda o‘tkazish maqsadida imtihon to‘liq onlayn translatsiya qilindi.

Bu yilgi qabul jarayonlari o‘ziga xos, — deydi  Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Zohidjon Islomov. — Chunki, respublikamizdagi ko‘plab oliy ta’lim muassasalariga yangi yo‘nalishlar bo‘yicha qabullar e’lon qilindi. Xususan, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohaga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning yorqin isboti sifatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining joriy yilgi qabul jarayonida bakalavriat va magistratura bosqichida Jurnalistika ta’lim yo‘nalishining ochilgani ham yangilik bo‘ldi hamda Akademiya oldiga yana bir muhim, diniy-ma’rifiy sohaga ixtisoslashgan jurnalist kadrlarni tayyorlash vazifasi berildi. 

Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning birinchi kunida abituriyentlar ijodiy insho yozishdi. Imtihon dasturi va baholash mezoniga ko‘ra, insho mavzulari xalqaro jurnalistika tizimida ijtimoiy-siyosiy, adabiy-tarixiy, madaniy-ma’naviy, axloqiy, vatanparvarlik va boshqa dolzarb masalalariga bag‘ishlanganligi hamda jurnalistik xususiyatga yo‘naltirilgan va abituriyentning ijodiy imkoniyatlarini ochib berishga qaratilgan bo‘lishi nazarda tutildi.

Keyingi yillarda mamlakatimiz yoshlariga juda katta imkoniyatlar yaratilyapti, — deydi Nargiza Xayrullayeva. — Ayniqsa, yangi oliy ta’lim muassasalar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda yangi yo‘nalishlarning tashkil etilishi biz ota-onalar uchun xursandchilik ulashdi. Jumladan, eng nufuzli va ulug‘ dargohlardan biri Xalqaro islom akademiyasida jurnalistika ta’lim yo‘nalishining ochilgani farzandlarimiz, bo‘lajak soha vakillari, jurnalistlar uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Aynan mana shu bilim maskaniga farzandim Umidaxon Murodxonova bilan bugun o‘tkazilayotgan imtihonlarga keldik. Farzandim qatori barcha o‘g‘il-qizlarimizga imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalik baxtiga muyassar bo‘lishlarini tilab qolaman.

Akademiyada ilk bor ochilgan “Jurnalistika” ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshirganlar orasida o‘rta-maxsus ma’lumotga ega abituriyentlar bilan bir qatorda respublika va mahalliy Ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan amaliyotchi jurnalistlar ham bor. Bugun har bir sohada bo‘lgani kabi, OAVda ham faoliyat yuritayotgan soha vakillari oldida muhim va mas’uliyatli vazifalar turibdi.  Aynan Xalqaro islom akademiyasida ushbu yo‘nalishning ochilgani bejiz emas.

Ko‘p yillardan beri jurnalistika sohasida ishlab kelaman, — deydi abituriyentlardan Boboravshan G‘oziddinov. — Xalqaro islom akademiyasida jurnalistika ta’lim yo‘nalishini ochilganini eshitib, shu yerga topshirishga qaror qildim. Bugun ijodiy imtihonlarda ishtirok etib, berilgan mavzular bo‘yicha fikrimizni bayon etdik. Imtihon jarayonlari shaffof o‘tdi. Abituriyentlar va ota-onalarga yaratilgan sharoitlarni ko‘rib xursand bo‘ldik. Aynan ushbu oliy ta’lim maskanida mazkur yo‘nalishning ochilgani ko‘pchilikni mamnun qildi. Bugun diniy-ma’rifiy sohani yoritishda shu sohada bilim olgan, tajriba to‘plagan jurnalistlarga juda katta ehtiyoj bor. Akademiyada tahsil olgan bo‘lajak jurnalistlar bu bo‘shliqni to‘ldiradi degan umiddaman.

Imtihon dasturi va baholash mezonida belgilanganidek, Xalqaro juralistika ta’lim yo‘nalishida ijodiy imtihon o‘tkazishdan maqsad — abituriyentda mazkur soha talab etadigan ijodiy qobiliyat, xorijiy tillarini o‘rganish va bilishga qiziqishi, mustaqil fikrlash mahorati, xalqaro mavzularning yoritilishi, xalqaro miqyosda axborot uzatuvchi Xalqaro OAV tizimining shakllanishi va ko‘rinishi, xalqaro axborot bozori va uning qonuniyatlari, OAV faoliyatining iqtisodiy asoslari, iqtisodiy va ijtimoiy ta’sirlar, muassislik va boshqaruv, media-biznes va unda bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqadigan zamonaviy tendensiyalar kabi muhim nazariy mavzularini qamrab oladi. “Dunyoning axboriy xaritasi”, “raqamli tengsizlik” yangi tushunchalar mazmunini anglashi va xulosalar chiqarish kabi sifatlarning mavjudligini hamda abituriyentlarning dunyoqarashi va fikrlash doirasini aniqlashdir.

Ertaga, 2-avgust kasbiy (ijodiy) imtihonlarning ikkinchi kunida abituriyentlarning xalqaro juralistika sohasiga qiziqishi, ijodiy qobiliyati va dunyoqarashini baholash bo‘yicha og‘zaki suhbat bo‘lib o‘tadi. Unda abituriyentlarga juralistika va jamiyat tuzilishi, matbuot erkinligi, juralistika prinsipi va funksiyalarining mohiyatini anglash, xalqaro miqyosda sodir bo‘layotgan yangiliklar va uning turli sohalarida yuz berayotgan o‘zgarishlardan xabardorlik darajasi, O‘zbekiston va jahonda yuz berayotgan so‘nggi yangiliklar, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar kabi savollar berish orqali ularning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy va boshqa sohalardagi o‘zgarishlardan boxabarlik darajasi aniqlanadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish