270

O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni: TARIXIY, MADANIY VA DINIY RISHTALAR MUSTAHKAMLANMOQDA

Xalqaro hamkorlik

Shu kunlarda Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon Rabia boshchiligidagi nufuzli delegatsiyasi yurtimizda bo‘lib turibdi.

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ikki mamlakatning o‘zaro hamkorlik aloqalari ijobiy sur’at kasb etib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ikki mamlakatni azaldan tarixiy, madaniy-ma’rifiy va ijtimoiy-ma’naviy rishtalar bog‘lab turadi. O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni munosabatlari mushtarak va do‘stona hamkorlik asosiga qurilgan. 

Ajdodlarimiz azaldan Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga intilganlar. Ular bu zaminda islom dini asoslarini o‘rganib, dunyo ilm-fani taraqqiyotiga tamal toshini qo‘yganlar.

Amaliy tashrif doirasida Toshkent shahridagi “Simpoziumlar saroyi”da Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon Rabia boshchiligidagi nufuzli delegatsiyasi a’zolari bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov ishtirokida o‘zaro do‘stona muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi S.Toshboyev so‘z olar ekan, joriy yilning 17-18-avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikki Muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistoniga borgani davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik munosabatini yanada yuksak darajaga ko‘tarishga xizmat qilganini ta’kidlab o‘tdi. Eng muhimi, ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlik, birodarlik tamoyiliga asoslangan aloqalar ko‘lami bugungi kunda yanada kengayib bormoqda.

Buni birgina joriy yilda yurtimizning haj ziyoratchilari soni 12 000 nafardan, umra ibodatini bajaruvchilar soni esa 40 ming nafardan oshganida ham ko‘rish mumkin. Ma’lumki, yurtimizda “Haj” va “Umra” tadbirlari Vazirlar Mahkamasining 364-sonli qarori asosida Jamoatchilik Kengashi tomonidan amalga oshirilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bu borada katta tajriba orttirgani, natijada, yurtimiz ziyoratchilari har yilgi haj mavsumida eng namunali, degan maqomga munosib bo‘layotgani alohida qayd etildi.

O‘z navbatida, Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon Rabia ham ikki mamlakat yetakchilarining oliy darajadagi uchrashuvlari va unda qabul qilingan keng ko‘lamli va istiqbolli qarorlar xalqlarimiz orzu-maqsadlari mushtarakligini namoyon etganini bildirdi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ilmiy-ma’rifiy va turizm kabi sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish masalalariga katta urg‘u berayotganiga e’tibor qaratdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov haj va umra ziyoratini bajaruvchilar Alloh taoloning mehmoni ekani, ularga ko‘mak bergan, og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ savobga noil bo‘lishi mazmunidagi hadisi sharifni keltirib o‘tdi. Shu ma’noda, haj va umra ibodatida xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida yanada qulay sharoitlarni hozirlash borasidagi vazirlik faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng samimiy muloqot doirasida amaliy hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash, ziyorat turizmini rivojlantirish borasida fikr almashildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga tashriflari dovomida bildirgan takliflari asosida Samarqand viloyatida qaytadan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi yonida qad rostlaydigan muhaddis bobomiz nomidagi muzeyni Madina shahrida joylashgan Islom sivilizatsiyasi muzeyi tajribasi asosida tashkil etish, islom olimlarining ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, din ulamolari ishtirokida anjumanlar o‘tkazish, Saudiya Arabistoni fuqarolarini O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlariga ziyoratlarini tashkil etish kabi bir qator amaliy taklif va fikr-mulohazalar bildirilib, mushtarak maqsadlar ifodalandi. 

Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi Yusuf Solih Utaybiy bugungi tarixiy uchrashuv hamkorlikni mana shunday amaliy natijalar bilan boyitish, Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilishi ziyorat turizmini rivojlantirishda muhim qadamlardan biri bo‘lgani haqida to‘xtaldi.

Muzokaralarda Saudiya Arabistonida “Nigoh – 2030” davlat dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, ikki mamlakatning ko‘p yondashuvlari o‘xshashligi va xalqaro doirada bir-birini doim qo‘llab-quvvatlab kelayotgani e’tirof etildi.

Uchrashuvda mana shunday hamkorliklarga zamin hozirlagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari, Ikki Muqaddas Masjid xodimi Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hazrati oliylari va Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon janobi oliylariga minnatdorlik bildirildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston diniy-ma’rifiy, tarixiy va madaniy aloqalarga ega bo‘lgan Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyat va salohiyatga ega ekani qayd etildi. 

Saudiya Arabistoni delegatsiyasi vakillari mamlakatimizga tashrifi davomida bir qator manfaatdor vazirlik va idoralar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazishi, ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishishi, mamlakatimizdagi muborak qadamjolarni ziyorat qilishi reja qilingan.

Bahodir JOVLIYEV

Izoh qoldirish