291

OTINOYILAR UCHUN NAVBATDAGI MALAKA OSHIRISH O‘QUVLARI BOSHLANDI

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida 2022-yilning 3-oktabr kunidan “Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi doirasida din soha xodimlarining oldida turgan vazifalar” yo‘nalishida respublikada faoliyat yuritayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyatlar va tuman/shahar bosh otinoyilari uchun 36 soatlik malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Unda jami 90 nafar tinglovchilar ishtirok etmoqda.

2022-yil 3-oktabr kuni mazkur o‘quvlarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilbar Gʻulomova, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Farida Abduraximova hamda Malaka oshirish markazi direktori X.Axmedov ishtirok etdi.

Ushbu o‘quvlarning birinchi kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, dotsent Davronbek Maxsudov “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda diniy-ma’rifiy soha xodimlari mas’uliyati”, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, falsafa fanlari doktori Matluba Qahharova “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish”, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i, PhD  Mansur Musayev “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi, PhD Ahmad Saad Damanhuriy tomonidan “Aqidaparast kontentlarga ilmiy asosda raddiya berish uslublari: xalqaro tajriba” mavzularida dars mashg‘ulotlari olib borildi.

Mazkur malaka oshirish o‘quvlaridan ko‘zlangan maqsad Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlari va maqsadlaridan kelib chiqqan holda diniy soha xodimlari oldida turgan diniy-ma’rifiy va ma’naviy-axloqiy ishlarni yanada jadallashtirish, yoshlar tarbiyasi, ularni yot g‘oyalar ta’siridan saqlashga qaratilgan targ‘ibotlarni keng ko‘lamda tashkil etish, ayniqsa, imom-xatiblarning fuqarolar bilan ishlash, aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlam vakillarini jamiyatga qaytarish bilan bog‘liq faoliyatlarini samarali tashkil etish mexanizmlari bilan qurollantirishdan iborat.

Malaka oshirish o‘quvlari davom etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish