170

Zo‘ravonlik va jinoyatchilikni oldini olishda ma’rifatning o‘rni

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Bugungi kunda muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sayotgan yosh avlodni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 4-sentabrdagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda diniy-ma’rifiy sohani yanada takomillashtirish, jamiyatda “jaholatga qarshi ma’rifat” degan ulug‘vor g‘oya asosida dinning insonparvarlik, ezgulik va tinchlik kabi fazilatlarini hamda diniy bag‘rikenglik ruhini keng targ‘ib qilish, shuningdek, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va qonun ustuvorligini ta’minlash kabi bir qator vazifalar alohida qayd etildi.

Davlatimiz rahbati tomonidan ta’kidlanganidek, “Jamiyatimizda diniy konfessiyalar o‘rtasida hamjihatlik va fuqarolar totuvligini mustahkamlashni biz bundan buyon ham eng dolzarb va ezgu vazifamiz deb bilamiz”

Polietnik (ko‘p millatli) va polikonfessional (ko‘p diniy konfessiyali) O‘zbekiston sharoitida milliy totuvlik va bag‘rikenglik o‘zaro do‘stona muhitni yanada yuksaltiradiki, bu jihat taraqqiyotning optimal rivojini ta’minlashda zaruriy omildir.

Har inson o‘z vatanida tinch, xotirjam, osoyishtalikda yashashni xohlaydi. Yurt tinch bo‘lsa, to‘y-tomosha xursandchilik tinmaydi. Tinchlik – barcha xalqlarning, shuningdek, o‘zbek xalqining ham azaliy orzusi bo‘lib kelgan. Tinchlik insonparvar va bag‘rikeng xalqimizning tili va dilidan mustahkam joy olgan eng oliy qadriyat hisoblanishini alohida qayd etish lozim.

Islom dini zo‘ravonlik va jinoyatchilikni butkul qoralaydi, insonparvarlikni, odob-axloqni, tinchlik va do‘stlikni targ‘ib qiladi. Islom dinining haqiqati aslida shuni taqozo etadi. Aniqroq qilib aytganda, islom dini har qanday qon to‘kish, talonchilik, zo‘ravonlikdan butunlay holi, eng ezgu qarashli va chiroyli amallarni bajarishga chaqiruvchi sof dindir.

Islom o‘zidan avvalgi dinlarni (yahudiylik, nasroniylik) e’tirof etibgina qolmasdan, ularning haq-huquqlarini qonun bilan mustahkamlab qo‘ygan. Shuningdek, ularning madaniyat va an’analariga ehtirom bilan qarashga hamda ular bilan adolatli munosabatda bo‘lishga buyurgan. Alloh taolo Qur’oni karimning “Moida” surasi 8-oyatida shunday marhamat qiladi: 

“... biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin!”

Ya’ni bu oyatda keltirilishicha islom dini bag‘rikenglik, osoyishtalik, tinchlik dini ekanining yana bir ifodasidir. Islom dini ilk davrlardayoq o‘zidan oldingi dinlarga hech qanday tazyiq o‘tkazmadi. Ya’ni islomda dinga majburlash yo‘q deyildi. O‘zbekiston yillar davomida dinlararo bag‘rikenglik o‘lkasi siftida e’tirof etiladi. Bugungi kunda yurtimizda bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillari va turli diniy konfessiyaga e’tiqod qiluvchi kishilar yashab kelmoqda. Bu o‘z navbatida yurt tinchligi, mamlakat rivojiga xizmat qilmoqda. 

Islom dinining tinchlik-osoyishtalikka bo‘lgan e’tibori yuqori bo‘lishi bilan bag‘rikenglikka uning bir tarmog‘i hisoblanadi. Bag‘rikenglik (tolerantlik) tushunchasi o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, keng qamrovli tushuncha sifatida jamiyatning barcha sohalaridagi mavjud munosabatlarni qamrab oladi. Xususan, falsafa, dinshunoslik, siyosatshunoslik kabi fanlar doirasida ko‘p e’tirof etiladi.

Bag‘rikenglik tinchlikka erishishni musharraf qilguvchi va urush madaniyatsizligidan tinchlik madaniyatiga eltuvchidir. Bag‘rikenglikni ikki ko‘rinishda ifoda etsa bo‘ladi. Birinchisi, tashqi ko‘rinishdagi bag‘rikenglik bo‘lsa, ikkinchisi, ichki ijobiy bag‘rikenglikdir. Tashqi ko‘rinishdagi bag‘rikenglik o‘zgalarning diniy e’tiqodini inkor etmaslik, unga qarshi kurashmaslik, ya’ni unga toqat qilish, chidashdir. Ichki ijobiy bag‘rikenglik esa muayyan diniy e’tiqodda mustahkam bo‘lgan holda boshqa diniy qadriyatlarni ham yaxshi bilish bo‘lib, ularga nisbatan hurmat bilan yondashish hisoblanadi.

Bag‘rikenglik o‘z qarashlari va qadriyatlaridan voz kechishni asosiy erkinliklarini tan olishni hamda uning tantanasi uchun ko‘maklashishdek amaliy faoliyatni ham anglatadi.

Diniy bag‘rikenglik esa turli din vakillari e’tiqodidagi mavjud aqidaviy farqlardan qat’i nazar ularning yonma-yon, o‘zaro tinch-totuv yashashi hamda har bir diniy ta’limotga hurmat bilan qarashni ifodalaydi. 

Islom dini o‘zining ilk davridayoq bag‘rikenglik dini sifatida namoyon bo‘ldi. Jahon dinlari ichida faqat islomda e’tiqod erkinligi ochiq-oydin e’lon qilingan. Xususan, Qur’oni karimning “Baqara” surasi 256-oyatida “Dinda majburlash yo‘q”, deyilgan. Shuning uchun boshqa din vakillarini majburan islom diniga kiritish Qur’on oyatlariga ziddir. Haqiqiy e’tiqod ichki imondan kelib chiqadi. Shunday ekan, uni zo‘rlik bilan o‘rnatib bo‘lmaydi.

Bag‘rikenglik xususida ko‘plab sahih hadislar ham mavjud. Jumladan, Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Kim bir ahdlashgan (g‘ayridin) kishiga zulm qilsa, yoki uning haqqini poymol etsa yohud uni toqati yetmaydigan narsaga majbur qilsa yoki undan o‘z roziligisiz bir narsa olsa, qiyomat kuni men o‘sha odamning xusumatchisi bo‘laman”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentabr kuni BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida yuksak minbardan turib, sessiya ishtirokchilariga “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish taklifi bilan chiqdilar. Ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishi diniy erkinlikni ta’minlash, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat. Har bir dinning o‘ziga xos aqida va qarashlari mavjud. Ularning dinlari bir-biriga mutanosib bo‘lsa, ba’zan bir-biriga qarama-qarshi ham bo‘lishi mumkin. Diniy bag‘rikenglik esa ana shu qarama-qarshilik, xilma-xillik asoslarida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldini oladi, turli e’tiqodlarning yonma-yon ziddiyatlarsiz bo‘la olishiga xizmat qiladi. Markaziy Osiyo mintaqasida ko‘p yillardan beri ta’kidlab kelinayotgan O‘zbekiston dinlararo bag‘rikenglik o‘lkasi sifatida e’tirof etiladi. O‘zbek xalqi shunday bir millatki, butun tarixi davomida boshqa xalq, millat va elatlarni dinlarini xurmat qilishyapti.

Hozirgi paytda har qanday tahlikali fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ham muhim bo‘lib turibdi. Shu bois, yoshlarni turli ma’naviy tajovuzlardan himoya qilish uchun xalqimizning milliy urf-odatlari, buyuk ajdodlarimiz ma’naviy meroslaridan samarali foydalanmog‘imiz zarur.

Jaholat va johillik hech qachon o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Inson qalbida qandaydir kuchli qo‘rquvmi, yoki kuchli nafrat tugunimi paydo bo‘ladiki, inson ma’rifati va aql-u zakovati ojizlik yoki zaiflik qilib bu qo‘rquv yoki nafratni yenga olmaydi. Natijada yesa jaholat insonni asta-sekin o‘z domiga tortib ketaveradi, o‘zining zulmat, qo‘rqinch va alamga to‘la  yutib yuboruvchi yo’laklari sari yetaklayveradi.

Prezidentimiz BMTning 2017-yil 19-sentabrdagi 72-sessiyasidagi nutqida “Dunyoda terrorizm tahdidlari ayniqsa, so‘nggi yillarda kuchayib borayotgani ularga qarshi asosan kuch ishlatish yo‘li bilan kurashish usuli o‘zini oqlamayotganidan dalolat beradi. Bu borada ko‘p hollarda tahdidlarni keltirib chiqarayotgan asosiy sabablar bilan emas ,balki ularning oqibatlariga qarshi kurashish bilangina cheklanib qolinmoqda. Xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga jaholat va murosasizlik tashkil etadi, deb hisoblayman. Shu munosabat bilan odamlar, birinchi navbatda yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir. Hozirgi kunda O‘zbekistonda ekstremizm g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan fuqarolar ijtimoiy reabilitasiya qilinmoqda, ularni sog‘lom hayotga qaytarish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda” degan fikrlarni bildirib o‘tgan edilar.

Insonda ma’rifat ona qornidaligidayoq rivojlana boshlaydi. Demoqchimanki, agar ona qornidaligidayoq bolaga mehr, e’tibor berilsa, u tug‘ilganidan voyaga yetgunga qadar  go‘zal xulq-atvor, odob va bilim egasi qilib tarbiyalansa, bunday insonda hech qachon jaholat nishonasi uchramaydi. Bunday insonlar o‘z mehr-oqibati, iymon-e’tiqodi va ezgu amallari ila atrofdagi shaxslarga ziyo va ma’rifat nurini tarqatadilar. Atrofdagilarni ma’rifatli bo‘lishga yetaklamoq uchun bor kuch-g‘ayratlarini qaratadilar.

Ma’rifat yillar davomida tarbiyalanib boradi va inson qalbiga singib boradi. Inson ma’rifatning oltin mevasi bo‘lgan kitoblardan ziyo nurini oladi. Inson qancha ko‘p bilim olsa, bilim olish uchun tirishsa, demakki, bu insonlarda ma’rifat nihollari bo‘y cho‘zmoqda. Bunday insonlarga e’tibor berilsa, qo‘llab-quvvatlansa, albatta nihollar ko‘kka yuksalib bo‘y cho‘zaveradi.

Xususan, bularning qatoriga ijtomoiy tarmoq, internet bular insonni o‘z domiga tortishi yoki inson uchun qo‘shimcha ma’lumotlar olishiga ko‘makchi bo‘ladi. Internet bu shunday bir tarmoqki, u o‘z rolini har bir sohada namoyon etadi. Terrorchi va ekstremistlarning internetdan foydalanish yo‘llari yangi a’zolariga intiladilar, targ‘ibot maqsadida ma’lumot tarqatadilar, mahorat oshirish, mablag‘ jamg‘arish, psixologik kurash, terorchilarni tayyorlash, qo‘poruvchilikni rejalashtirishdan iborat. Shu orqali ekstremistlar va terroristlar o‘zlarining aql bovar qilmas darajadagi g‘oyalarini amalga oshirishadi. Terroristlar va ekstremistlar haqida ilmiy ma’lumotga ega bo‘lmagan inson esa bularning domiga tushib qoladi. Natijada u ham dinni noto‘g‘ri talqin qila boshladi. Nafaqat dinni notog‘ri talqin qiladi, mamlakatimizga ham zarar yetkaza boshlaydi.

Xulosa qilib aytganda, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashimiz kerak, yoshlarga buni tushuntirishimiz nafaqat yoshlarimizga balki kattalarga ham bu haqida uqtirishimiz lozim. Bu hozirgi vaqtimizning eng asosiy dolzarb mavzularidan biri sanaladi.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan ularning sa’y-harakatilari bilan yoshlarimizni ma’rifatli qilishga juda katta e’tibor berilyapti. Xususan O‘zbekistonda 16 ta konfessiya vakillari tinch-totuv yashayotgani bu O‘zbekiston xalqining bag‘rikenglik, tinchlik va totuvligining yana bir dalilidir. Bag‘rikenglik o‘zbek xalqi ma’naviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Shunday ekan, yosh avlod “Jaholatga qarshi ma’rifat”ga qo‘limizni-qo‘limizga berib kurashishimiz kerak bo‘lsa, yangicha uslublarni joriy qilishimiz lozim.

Shahlo MAKSUDOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti

“Turizm (ziyorat turizimi)” yo‘nalishi 1-bosqich talabasi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish