138

Buzgʻunchilik tinchlikning asosiy kushandasidir

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Alloh taolo insoniyat olamini yaratish bilan birga unga turli ne’matlarni ham berib qo‘ygan. Ming afsuslar bo‘lsinki, inson zoti mana shu ne’matlarning qadriga, ne’mat qo‘lidan ketganidan keyin yetadi. Xalqimizda bir maqol bor, “So‘nggi pushaymon o‘zinga dushman”. Darhaqiqat, ne’mat qo‘ldan ketgandan keyin qilingan pushaymondan ne naf?

Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan ne’matlar ichida eng afzallaridan biri bu shubhasiz tinchlikdir. Haqiqatan ham bugun butun insoniyat olami bu benazir haqiqatni tan olishdan boshqa chora topolmayapti. Zero, tinchlik bo‘lmasa, insonga boshqa biror-bir ne’mat tatimaydi. Shuningdek tinchlik bo‘lmasa, boshqa ne’matlarga erishish ham juda mushkul ishlar qatoriga kiradi. 

Alloh taolo Qur’oni Karimda munofiqlarni sifatlab shunday deydi:

“Agar ular (munofiqlar)ga yer yuzida fasod qilmanglar deyilsa, biz faqat isloh qiluvchilarmiz derlar. Ogoh bo‘ling! Ular, faqat ular fasodchilardir” (Baqara surasi, 11-12-oyatlar). 

Shuningdek, Moida surasida esa: 

“Albatta Alloh fasodchilarni sevmas” deb xitob qiladi. (Moida surasi, 64-oyat).

Biz nega aynan fasod va fasodchilar borasidagi oyatlarni keltirdik, chunki tinchlik degan ne’matga xavf tug‘diruvchi asosiy tahdid bu fitna fasodni insonlar orasiga yoyish va yoyilishidir. 

Moida surasida zikr qilingan “mufsid” so‘zining lug‘aviy ma’nosi “buzuvchi”, “urishtirib qo‘yuvchi”, “o‘zaro orani buzuvchi” bo‘lib, mana shunday ishlarni amalga oshirib, o‘zlari esa tinchlik ne’matini ko‘rolmaydigan fasodchi insonlar qatorida tomosha qilib turadiganlar mufsidchilardir.

Hozirgi kunda insonlar orasida fasod ishlar tez urchishining sabablaridan biri, inson eshitgan narsasiga ishonib, ergashib ketaverishidir. “Bu xabar rostmi? yoki fitnami?”. Bu haqida o‘ylab ham o‘tirmaydilar. Axir Alloh taolo bunday holatlarda mo‘min kishi qanday yo‘l tutishini Hujurot surasi, 6-oyatida bayon qilganku:

“Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa aniqlab ko‘ringlar, bir qavmga bilmasdan musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar” deyilgan bo‘lib, ushbu oyati karimaga amal qilishimiz hamda biron xabar eshitsak bu xabar qanchalik haqiqatga yaqin ekanligini biz musulmonlar tekshirib, so‘ngra fikr-mulohaza qilishimiz, agar o‘sha xabar yolg‘on bo‘lsa va buni tekshirmasdan fikr bildirsak yuqoridagi mufsid insonlar qatorida bo‘lib qolishimizni o‘zimiz yaxshi bilamiz. Demak, musulmon kishi bu holatda tarqalgan xabarlarni sinchiklab tekshirishi va fasod xabarlardan o‘zini hamda oila a’zolarini to‘xtatishi lozimdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar.

Ya’ni “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi”. (Buxoriy, al-Adab al-mufrad) Payg‘ambarimizning ushbu so‘zlariga e’tibor bersak, biz uchun juda muhim bo‘lgan ammo biz ko‘pincha o‘shanga e’tibor qilmaydigan uch narsani aytib o‘tganlar. O‘sha uch narsa tinchlik, salomatlik va moddiy ta’minotdir. Barchamizga ayonki, mana shu uch narsaning barchasiga biz erishib turibmiz va bu ne’matlar uchun albatta Allohga hamdlar aytib shukr keltirmog‘imiz kerak. 

Yurtimiz tinchligini saqlashimiz uchun har xil fitnalarga, ig‘volarga hamda din nomidan noto‘g‘ri ish qiluvchilarga ishonmasligimiz, bu borada barcha insoniyatni ogohlantirib tinchlik ne’matini qadriga yetadigan qilib tarbiya qilmog‘imiz lozim. 

Alloh taolo butun olam osoyishtaligini, xossatan, yurtimiz tinchligi va barqaror rivojini bardavom aylasin. 

 Jobir ELOV,

Mir Arab oliy madrasasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish