158

Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Davlatimiz rahbari ilgari surgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori bugun har birimizning kundalik a’molimizga aylanishi shart. Aks holda yoshlarimizni yot g‘oyalar ta’siriga topshirib qo‘yamiz.

Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda: “Yo olim bo‘l yoki o‘rganuvchi bo‘l. Yoxud eshituvchi bo‘l yoki yaxshi ko‘ruvchi bo‘l. Hargiz beshinchisi (ahli ilmlarni yomon ko‘ruvchi) bo‘lma. Halok bo‘lasan” (“Al-ibanat al-kubro”, Ibn Batta) deyiladi. 

Arablarda bir maqol bor: “Inson – bilmagan narsasiga dushman”. Darhaqiqat, har bir inson bilmagan narsamizga dushmandir. Ayniqsa, bugun yuksak taraqqiy etgan axborot texnologiyalari asrida aqidasi buzuq kimsalar yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirish payida yurishibdi.

Farzandlarimiz diniy ilm bilan bir qatorda dunyoviy fanlarni ham puxta o‘zlashtirish shart. Aslida, ilmni diniy yoki dunyoviy deb ajratishning o‘zi xato. Bugungi taraqqiyot asrida yoshlarimiz har jihatdan barkamol bo‘lishi zarur. Aks holda jadidchi ma’rifatparvar bobomiz Munavvarqori Abdurashidxonov aytganidek: “Bugungacha Ovro‘po xalqi osmonga uar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovro‘polilar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va qisqa kiyimlar janjallari, Ovro‘po shaharlari bugun elektrik isitilar va yoritilar ekan, bizda maktablarda jo‘g‘rofiyo va tabiyot o‘qitish, o‘qitmaslik ixtiloflari... davom etadi” (“Turkiston” gazetasi, 1923-yil), kabi muammolar girdobidan chiqib keta olmaymiz.

Shukrki, dunyoga ustoz bo‘lgan ulamolarni tarbiya qilgan xalq vakilimiz. Necha asrki, yurtimizdan olimlar silsilasi uzilmagan. Ulamoning etagidan tutgan xalq ma’naviyat va ma’rifatda, madaniyat va kamolotda ustun bo‘lgan. Hozir ham yurtimizda ko‘plab yetuk ulamolar bor. Ammo yoshlar masalasi esa hanuz dolzarb bo‘lib turibdi.

Ba’zan bir og‘iz yaxshi gap insonning kelajagiga poydevor bo‘lishi mumkin. Misol uchun, lampochkani ixtiro qilgan Tomas Edison bolalik paytida maktabdan uyiga kelgach, onasiga konvertga solingan xatni beradi va: “Buni o‘qituvchimiz sizga berib yubordi”, deydi.

Ona xatni o‘qir ekan, ko‘zlarida yosh halqalanadi. Bundan xijolat bo‘lgan yosh Tomas xavotirga tushib yig‘ining sababini so‘raydi. Onasi ancha xotirjamlik ila javob beradi: “Sening kuchli qobiliyating bor ekan. Mana eshit: “O‘g‘lingiz o‘ta iqtidorli, maktab unga va uning qobiliyatiga torlik qiladi. Shuning uchun o‘g‘lingiz uyida ta’lim ola qolsin!”.

Shunday qilib Edison o‘z uyida onasidan tarbiya ola boshlaydi. Oradan bir qancha yillar o‘tib u lampochkani ixtiro qiladi. 

Vaqti-soati yetib uning onasi vafot etadi. Shundan so‘ng olim shkafdan bir konvertni topib oladi. Ancha yil o‘tgan bo‘lsa-da, xatni taniydi. Bu – o‘sha bolaligida maktabdan kelgan xat edi. Bir zum tarix og‘ushiga sho‘ng‘igan Edison xatni o‘qiy boshladi. Unda shunday so‘zlar bor edi: “O‘g‘lingiz o‘ta beaql va qobiliyatsiz bola. Ertadan maktabga kelmasin!”

Tomas Edison ancha vaqtgacha yig‘isini to‘xtata olmaydi. So‘ng xotiralar daftariga quyidagi so‘zlarni bitib qo‘yadi: “Edison, haqiqatan ham, o‘ta kaltafahm bola edi. Biroq onasining go‘zal tarbiyasi sababli iste’dod sohibiga aylandi”.

Xulosa sifatida “Dunyo imomi” degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriyning “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay” so‘zlari bugun har qachongidan ham dolzarblik kasb etmoqda. Bunga har birimish qat’iy rioya qilishimiz shart.

Tolibjon NIZOMOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish