78

Jahon uzra eʼtirof etilayotgan diniy-maʼrifiy islohotlar

XALQARO ANJUMAN

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz ichki hayotida kuzatilayotgan ochiqlik siyosati, roʻy berayotgan oʻzgarish va yangilanishlar, taʼlim va maʼrifatga eʼtibor, shubhasiz, yurtimizning tashqi siyosatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Xorijiy tahlilchilarning fikricha, bugun Oʻzbekiston oʻzining misli koʻrilmagan ochiqligi va jadal taraqqiyoti bilan dunyoda muhim oʻrin egallayotgan mamlakat sifatida namoyon boʻlmoqda. 

Maqsad-vazifalar, muammolarni oʻzaro hurmat va hamjihatlik asosida hal etishga intilish hamda dunyo mamlakatlari, ayniqsa, rivojlangan davlatlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalar oʻrnatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Oʻzbekistonning musulmon davlatlari bilan hamkorligi yil sayin mustahkamlanyapti. Ayniqsa, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Misr Arab Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar bilan yaqin aloqalar yangi bosqichga koʻtarildi.

Mustahkamlanayotgan aloqalar

Taʼkidlash joiz, mazkur davlatlar rahbarlari bir necha bor yuzma-yuz muloqot qilib, keng qamrovli hamkorlikni kelishib oldilar. Mazkur oliy darajadagi uchrashuvlar samarasi oʻlaroq, diniy-maʼrifiy sohada ham oʻzaro yaqin aloqalar yoʻlga qoʻyildi. 

Yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati diniy sohaga ham keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Natijada Oʻzbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanib, koʻplab xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik oʻrnatildi, turli davlatlarning diniy idoralari bilan memorandumlar imzolandi. Sohaga doir taklif va tashabbuslar musulmon dunyosi tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, nufuzli tadbir-u anjumanlarga mamlakatimiz mezbonlik qilib kelayotgani ham ana shu islohotlar samarasi desak, adashmaymiz. 

Dunyo ulamolarining yuksak bahosi

Xalqaro anjuman va ilmiy konferensiyalarda ulamolarimizning chiqishlari yuqori baholanayotgani, ular nufuzli xalqaro tashkilotlar aʼzolari safidan oʻrin olayotgani va jahon uzra tan olinayotgani barchamizni mamnun etishi, shubhasiz.

Shunday quvonchli xabarlardan biri yaqinda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Musulmon donishmandlari kengashi aʼzoligiga qabul qilinganidir. Bu haqda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati atroflicha maʼlumot berdi. 

Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida boʻlib oʻtgan Musulmon donishmandlari kengashi yigʻilishida Kengash raisi, Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib janoblari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarini ushbu nufuzli kengash aʼzoligiga qabul qilish haqidagi qarorni eʼlon qildi.

Ahmad Toyyib janoblari oʻz soʻzida Markaziy Osiyo mintaqasida hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan koʻplab ulamolar orasidan faqatgina Oʻzbekiston muftiysi aʼzo etib qabul qilinganiga alohida urgʻu berdi. 

Yigʻilishda ishtirok etgan dunyoning yetakchi va taniqli ulamolari ushbu aʼzolik tarixiy voqea boʻlganini taʼkidlab, Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak eʼtirof etdi. Shuningdek, Oʻzbekiston hududida turli din va millat vakillari ahil-inoq yashayotgani, buning uchun barcha sharoit mavjudligi, soʻnggi yillarda bu boradagi ishlar yanada yuqori bosqichga koʻtarilgani ham qayd etildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, Musulmon donishmandlari kengashi mustaqil xalqaro tashkilot boʻlib, 2014-yili Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida tashkil topgan. Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari, Shayx Ahmad Toyyib Kengashga raislik qiladi.

Kengashga Saudiya Arabistoni Podshohligi, Misr Arab Respublikasi, Iordaniya, Indoneziya, Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Marokash, Mavritaniya, Nigeriya, Gvineya, Livan, Malayziya, Chad kabi davlatlardan 16 nafar nufuzli musulmon olimlari aʼzo sanaladi.

Tashkilotning asosiy maqsadlari musulmon olamida tinchlikni targʻib qilish, nizolarni birgalikda hal etish va bagʻrikenglikni taʼminlashdan iborat. Shuningdek, ilm va olimlarni qadrlaydigan, oʻzaro muloqotni mustahkamlaydigan, bagʻrikenglik hamda boshqalarga hurmatni qoʻllab-quvvatlaydigan farovon jamiyat barpo etishdir. 

Yigʻilishda bugungi murakkab davrda dunyo xalqlarining hamjihatligini taʼminlash, tarafkashlikka barham berish, jamiyatda tinch-totuv yashash va diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash hamda islomofobiyaga murosasiz boʻlish kabi jihatlar ham muhokama qilindi.

Manfaatli muloqotlar

Anjuman doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi Birlashgan Arab Amirliklarining Din ishlari va Vaqf bosh boshqarmasi rahbari, doktor Umar Habtur al-Diriy, BAAning Fatvo kengashi rahbari va Abu Dabi tinchlik forumi raisi Shayx Abdulloh ibn Bayya, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda, Indoneziya din ishlari boʻyicha sobiq vaziri, professor, doktor Muhammad Quraysh Shihob va livanlik ulamo shayx Sayyid Ali al-Amin kabi bir guruh ulamolar bilan uchrashuv oʻtkazdi. 

Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan muloqotlarda ulamolar xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi hamkorlikni rivojlantirish va ilm-fan sohalarida oʻzaro tajriba almashishga oid masalalarga ham urgʻu qaratdilar. 

Uchrashuvlar yakunida Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik yoʻnalishida qilingan ishlar munosib eʼtirof etildi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil 20-fevral, 36-son

Izoh qoldirish