
Har kim o‘z tili bilan tirikdir
Til millat ma’naviyati, madaniyati ko‘zgusidir! Har bir tilda millat qiyofasini, uning qadriyatlarini aks ettiruvchi maxsus birliklar, iboralar, maqollar, topishmoqlar, hikmatli so‘zlar, o‘xshatishlar, metaforalar mavjud. Ular shu xalq tomonidan belgilangan muayyan qadriyatlar, me’yorlarni tashuvchi asosiy birliklar sanaladi.
Xalqimizning ona tilimizga qadriyatli munosabati tilni qadrlash tuyg‘usi bilan uzviy bog‘liq. Tilni asrab-avaylash, qadrlash tuyg‘usi har bir insonda turlicha namoyon bo‘ladi. Bu tuyg‘uning darajasi asosida tilga qadriyatli munosabat ham turlicha bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, bu jihat xalq maqol va matallarida, aforizmlarda, iboralarida ham ko‘zga tashlanadi. Jumladan, o‘zbek xalq maqollari va matallarida tilning inson hayotida muhim o‘rin tutishi, shu sababli qadriyat sifatida baholanishi tavsiflanadi. Masalan, “Til yurakning kaliti”, “Yaxshi so‘z – yurak dardiga da’vo”, “Til bilan tilla topiladi”, “Har kim o‘z tili bilan tirik” maqol va matallarda tilning qudrati, u inson qalbida kechayotgan hissiyotlarni aks ettirishi, til, xususan, yaxshi so‘z inson dardiga malham, ko‘ngliga tasalli bo‘lishi, yaxshi so‘z bilan rizqqa, boylikka ega bo‘lish mumkinligi, yaxshi so‘z insonlarni birlashtirishi, yomon so‘z esa kishilarni bir-biridan ajratish kuchiga egaligi, til orqali inson o‘zligini anglashi, saqlab qolishi aks etgan. Ushbu maqol va matallardan anglashiladiki, kishilar tilni inson hayotidagi o‘rnini yaxshi bilishadi va uni milliy-madaniy qadriyat sifatida baholashadi.
Xalqimiz yaratgan iboralarda ham biz uchun qadrli bo‘lgan milliy tilimizning xususiyatlari tavsiflanadi. Jumladan, til topishmoq iborasi kishilarning bir fikr-mulohazaga kelganligi, hamfikrlikda ish tutishini anglatadi. Ushbu ibora kishilarning o‘zaro aloqa-munosabatida til muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Tilidan bol tommoq iborasi insonning muomalasi, gaplari o‘ta yoqimli ekanini bildiradi. Ushbu iborada insonning nutq odobi, axloqi, muomala madaniyatida tilning roliga baho beriladi. Tillarda doston iborasi biror kimsa yoki narsaning ko‘pchilik odamlar muhokamasida ekani, ularning tilidan tushmay, tavsiflanayotganligini anglatadi. Mazkur iborada tilning jamiyat a’zolari o‘rtasida axborot tashish, kishilarga nutqiy ta’sir ko‘rsatish, jamoa fikrini shakllantirish kabi vazifalari namoyon bo‘lgan. Bu ibora ham milliy tilimizning hayotimizda muhim o‘rin tutishi, shunga ko‘ra ulug‘lanishini ko‘rsatadi.
Ona tilimizga hurmat-e’tibor qadimiy manbalarda ham kuzatiladi. Eng qadimgi yodgorliklarda, xususan, Mahmud Koshg‘ariyning “Devon-u lug‘otit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarlarida adiblarning tilga munosabatida ko‘zga tashlanadi. Masalan, “Devon-u lug‘otit turk” asaridagi quyidagi misralarda tilning inson ma’naviyatini ko‘rsatuvchi vosita ekani, uning qadr-qimmati tili orqali belgilanishi ta’kidlangan: “Sөzi shirin erse kishi yag‘lig‘, Tili sevlig bolur, өzү sag‘lig‘” (Agar insonning so‘zi shirin bo‘lsa, u sevimli bo‘ladi, uning tili yoqimli, o‘zi yaxshi bo‘ladi), “Til еrkә, tila saqla kishi, Tili arqi toprilur kishi” (Til – insonning boyligi, inson tili orqali taniladi).
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarlarida ham tilning qudrati, uning inson hayotidagi o‘rni tavsiflanadi: “Til agza kilur, agzu tilin tutar, Til agza yaramas – kishi aŋgutar” (Til og‘izga hukmron, og‘iz tilini tutadi. Yomon tilli inson boshqalarning nafratiga uchraydi), “Til – beglik eshigi, aŋ – andin kire, Bu ikki bilegsiz kishi tirmire” (Til – hukmdorlik eshigidir, aql unga kirish yo‘li. Bu ikkisi bo‘lmasa, inson zaifdir).
Anglashiladiki, har ikki adib tilni nafaqat aloqa-aralashuv vositasi sifatida, balki inson axloqi, manaviyatini ko‘rsatuvchi, uning qadr-qimmatini belgilab beruvchi, insonni baxtga, rizq-boylikka yеtaklovchi, uning qalbi, aqlining ko‘zgusi sifatida tavsiflashadi.
Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Furqat, Zavqiy kabi buyuk siymolar asarlarida ham til, uning qudrati, inson hayotidagi beqiyos o‘rni ulug‘langan, tilning millat ruhi, milliy iftixori, ma’naviy merosi ekanligi tavsiflangan. Masalan, Alisher Navoiyning “Suvning mazasi muz bila, oshning mazasi tuz bila, odam yaxshiligʻi soʻz bila” (“Mahbub-ul qulub”) misrasida insonning axloqiy-ma’naviy fazilati so‘zi, gapi orqali namoyon bo‘lishiga ishora qilinadi. Bu fikr adibning tilning vazifaviy imkoniyatlariga yuqori baho berganini anglatadi.
Buyuk mutafakkir “Nazm-ul javohir” asarida tilning qudratiga quyidagicha baho beradi:
Soʻzdurki, nishon berur oʻlukka jondin,
Soʻzdurki, berur jonga xabar jonondin.
Insonni soʻz ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhari sharifroq yoʻq ondin.
Anglashiladiki, til – insonga berilgan bebaho ne’mat. Til insonni ma’naviy jihatdan yuksaltiradi, uni so‘zlay olish baxtiga erishtiradi. Demak, insonda tildan o‘zga gavhar kabi qimmatli narsa yo‘q. Shu sababli til inson uchun qadrlidir, unga berilgan bebaho ne’matdir.
Xullas, har bir millatning qadriyatlari turli-tuman, ulardan biz uchun muhim bo‘lgani o‘z ona tilimiz O‘ZBEK TILIdir. Bu til kishilar o‘rtasida kommunikativ aloqani ta’minlashi, insonning his-tuyg‘ularini aks ettirishi, axborotni tashishi va avlodlarga yеtkazishi kabi qator funksional xususiyatlarga egaligi, millatning mavjudligi, davlat shakllanishining muhim sharti ekanligiga ko‘ra ma’naviy qadriyatimiz sanaladi. Bejiz xalqimiz bu til haqida “Har kim o‘z tili bilan tirik” maqolini yaratmagan.
Durdona Lutfullayeva,
“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi professori
Izoh qoldirish