23

Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Konfessiyalar ishlari boʻyicha kengash hamda Milliy madaniy markazlar Respublika jamoatchilik kengashining xalqimizga MUROJAATI

Oʻzbekiston azaldan irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va eʼtiqodidan qatʼi nazar, barcha insonlar uchun muqaddas zamin, Vatan boʻlib kelgan.

Yurtimiz fuqarolari eʼtiqod qiladigan barcha dinlarda tabiatni muhofaza qilish ibodat darajasiga koʻtarilgani eʼtiborga molik. Xususan, muqaddas Qurʼoni karimda shunday marhamat qilinadi: “U sizlarni yerdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qoʻydi”. Alloh taolo ushbu oyati karimada yer va uni oʻrab turgan tabiatni asrab-avaylashga, undan oqilona foydalanishga buyuradi.

Shuningdek, xristianlikning muqaddas manbasi Bibliyada inson ilohiy ijodning guli va boshqa mavjudotlar uchun javobgar ekani taʼkidlansa, yahudiylik taʼlimotidagi “yoʻq qilinmaslik” tamoyili tabiat va tirik mavjudotlarga nisbatan shafqatsizlik, xususan, mevali daraxtlarni kesishni taqiqlaydi.

Buddist axloq kodeksida “odamlarga va boshqa mavjudotlarga zarar bermaslik” qayd etilgan. Hinduizm hamda bahoiy taʼlimotida ham tabiatni muhofaza qilishga qatʼiy chaqiriladi.

Aziz vatandoshlar!

Soʻnggi yillarda jahonda kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq global muammolar, afsuski, yurtimizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Roʻy berayotgan chang-toʻzonlar, havoning ifloslanishi, shuningdek, yogʻingarchilik meʼyorlarining buzilishi soʻzimiz tasdigʻidir. Bu har bir aqli raso kishini befarq qoldirmasligi lozim.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish, chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yigʻilishida ushbu dolzarb masalaga alohida toʻxtalib, daraxt ekishni ommalashtirish, umummilliy harakatga aylantirish, ushbu tashabbusga chin dildan yondashish lozimligi taʼkidlandi.

Bu yil bahorda “Yashil makon” loyihasi doirasida 125 million tup koʻchat ekish belgilandi. Ekologiya vazirligiga “Mening bogʻim” loyihasini ishga tushirish topshirildi.

Ushbu maqsadda byudjetda nazarda tutilgan 50 milliard soʻm ajratiladi. Joylarda 444 ta yashil bogʻ va 160 ta jamoat parkini tashkil qilishga koʻrsatma berildi.

Prezidentimizning jonkuyarlik bilan aytgan soʻzlari hayotiy asosga ega. Chunki soʻnggi paytlarda aholi orasida atrof-muhitga bepisand, loqayd qarash hollari kuzatilmoqda.

Bunday holatlar tobora koʻpayishi natijasida global ekologik muammolar yuzaga kelmoqda.

Hurmatli yurtdoshlar!

Barcha din va milliy madaniyatlar insonlarni doimo poklik va ozodalikka chaqiradi. Avvalo qalbdan boshlangan poklik ruhu tanimizni, yashab turgan Vatanimizni ozoda saqlashga chorlaydi. Zero, hadisi shariflarda keltirilishicha, “poklik imonning yarmidir”.

Koʻrinib turganidek, atrof-muhit pokligi qalb pokligi bilan bevosita uygʻun.

Xonadonlarimiz, xususan, koʻp qavatli uylarning atrofi, ariqlar, koʻchalar, qabriston va uning atrofini hashar yoʻli bilan tozalashdek goʻzal odat qadimdan xalqimiz orasida urf boʻlib kelgan. Ammo taassufki, soʻnggi paytlarda yurtdoshlarimiz bu qadriyatlardan uzoqlashayotgandek goʻyo.

Shu bois, davlatimiz rahbari bu masalaga mahalla faollari, nuroniylar, ulamolar, milliy madaniy markazlar vakillari, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikni eʼtibor qaratishga daʼvat etib, barchaning zimmasidagi muhim vazifani shunday bayon etdilar: “Albatta, bunday muammolarni faqat maʼmuriy yoʻl bilan hal etib boʻlmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, koʻchalarda chiqindi tashlagan kishini koʻrganda “bu ishingiz notoʻgʻri boʻldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarni bunga oʻrgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir".

Ota-bobolarimiz ogʻishmay amal qilib kelgan ushbu hikmatga, avvalo oʻzimiz rioya qilishimiz, qolaversa, oʻsib kelayotgan yosh avlodga goʻzal tarzda oʻrgatishimiz kerak.

Zero, atrof-muhitni pokiza saqlash ham bugungi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi.

Ming afsuski, baʼzi joylarda chiqindilarni suvga oqizish, yoʻl chetlarida qoldirish holatlari uchrab turibdi.

Ayniqsa, oqar suv – kanallar, arigʻu anhorlarga chiqindilarning ataylab oqizilayotgani juda achinarli. Ilohiy manbalarning taʼlim berishicha, qurgʻoqchilikning koʻpayishi, dehqonchilikdan qut-barakaning koʻtarilishi, turli kasalliklarning tarqalishi hamda oʻt, suv balosi kabi tabiiy ofatlar insonlarning qilmishlariga yarasha ogohlantirish hisoblanadi.

Ulugʻ allomalar asarlarida, buyuk tarixiy shaxslarning hikmatlarida atrof-muhitga oid qator masalalar bayon etilgan. Jumladan, Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida atrof-muhitning inson salomatligi va ruhiyatiga taʼsirini ochib bergan.

Amir Temur boʻz yerlarni oʻzlashtirgan kishilar yoki bogʻ barpo qilganlarni ragʻbatlantirgan. Alisher Navoiy esa tabiatga xiyonatni doʻstga xiyonat qilishga qiyos qilgan.

Muhtaram yurtdoshlar!

Imonli kishi tabiatga ozor bermaydi. Balki uni obod qilish, koʻkalamzorlashtirish payida boʻladi. Koʻchat ekish haqida gap ketarkan, uning ahamiyatini Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilgan kuyidagi Hadisi sharifdan bilib olamiz: “Agar Qiyomat qoim boʻlsa-yu, qay biringizni koʻlida bir dona xurmo koʻchati boʻlsa, Qiyomat qoim boʻlguncha uni ekishga qodir boʻlsa, uni ekib qoʻysin”.

Haqiqatda, Yaratganning nazdida obod qiluvchilar qatorida boʻlish eng afzal ishlardandir.

Shu bois, shu aziz yurtning har bir fuqarosi “Yashil makon” umummilliy tadbiri doirasida oʻzi yashab turgan shaharu qishlogʻini, mahallasini obod qilishda faol boʻlishi lozim. Bu ikki karra yutuqdirki, ham yurtimiz obod boʻlib, shaharu qishloqlarimiz qiyofasi koʻrkamlashadi, ham bunday xayrli ishlarimizning savobi sadaqai joriya sifatida amal daftarimizga yoziladi.

Ushbu yaxshi maqsadlarga erishish din va eʼtiqoddan qatʼi nazar, barcha fuqarolardan kuchlarni birlashtirishni talab qiladi.

Shunga asoslanib, biz, Oʻzbekistonda yashayotgan diniy konfessiyalar, milliy madaniy markazlar hamda “Nuroniy” jamgʻarmasi rahbarlari barcha vatandoshlarimizga bir ovozdan murojaat etamiz:

- jannatmonand Oʻzbekiston tabiatini asrang, uylarimiz, koʻchalarimiz, mahallalarimiz, qishloq va shaharlarimiz tozaligiga hissa qoʻshing va "Dolzarb oʻn kunlik” tadbirlarida faol boʻling;

- davlatimiz rahbari tomonidan eʼlon qilingan “Yangi Oʻzbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlang;

- yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda muborak Haj safariga otlanayotgan 15 ming nafar vatandoshlarimiz “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” tamoyili asosida ishlarni tashkil etishda mahalladoshlarga oʻrnak boʻling. Sizlarning bu boradagi saʼy-harakatlaringiz boshqalarga ibrat boʻlib xizmat qiladi;

- ezgu anʼanalarimizga hamohang tarzda har bir xonadonda farzandlar ota-onalariga, ota-onalar farzandiga atab daraxt koʻchatlari ekishi va oʻstirishi tashabbusini ilgari suramiz;

- hayotiy tajriba, duo va tilaklari xalqimiz uchun hamisha katta tayanch boʻlib kelgan 3 million nafardan ortiq nuroniylardan aholi tomonidan koʻchatlarni sifatli ekishni tashkillashtirishda yoshlarga namuna oʻlaroq yanada faollik va tashabbus kutib qolamiz;

- daraxt ekish, gulu rayhon oʻstirish va ularni parvarishlashni ezgu qadriyatga aylantiraylik! Muqaddas anʼanalarimiz qatorida farzandlarimiz qalbiga singdiraylik!

Yaratgan Parvardigor barchamizni poklikka intiluvchi, bilganlariga amal qiluvchi, jismu imoni, uy-joyi – Vatanini toza tutuvchi, bogʻu rogʻlar oʻstiruvchi va Yer yuzini obod qiluvchilardan qilsin!

Izoh qoldirish