14

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurovning BAYRAM TABRIGI

Assalom-u alaykum muhtaram Akademiya professor-oʻqituvchilari, xodimlari, aziz talaba yoshlar!

Soʻzim avvalida, Sizlarni yangi Oʻzbekiston tarixidagi buyuk va shonli sana – Vatanimiz Mustaqilligining 33 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!

Istiqlol milliy davlatchiligimiz rivoji uchun yuz yilliklarga teng boʻlgan tarixiy voqea va natijalarni bizga tuhfa etdi. Xalqimiz fidokorona mehnati va qatʼiyati bilan mamlakatimizning iqtisodiy tarmoqlarini jadal rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish, tibbiy xizmat va taʼlim sifatini jahon standartlari darajasiga koʻtarish orqali malakali kadrlar tayyorlash, bir soʻz bilan aytganda, yangi Oʻzbekiston poydevorini yaratishda Prezidentimiz rahnamoligida yelkama-yelka xizmat qilmoqda. Zero, Oʻzbekiston mustaqilligining 33 yilligi shodiyonalarining “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh gʻoya ostida tashkil etilayotganida bagʻrikeng, hamjixat mehnatsevar yurtdoshlarimizning azmu shijoatini tarannum etuvchi maʼno mujassam. 

Bugun xalqimiz oldiga ulugʻ maqsadlar qoʻyib, ulkan islohotlar bilan Uchinchi Renessans davriga qadam qoʻymoqda. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan yangi Oʻzbekiston, dunyoning eng qudratli va rivojlangan davlatlaridan biri boʻlib qad rostlayotganini, aholi, ayniqsa, oʻgʻil-qizlarimizning ijtimoiy faolligi oshib, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik hissi kuchayib borayotganini, zamonaviy, demokratik jamiyatni barpo etishda navqiron avlodning ham munosib ishtirok etayotganini barchamiz guvohi boʻlmoqdamiz. Qolaversa, yurtimiz tinchligi va daxlsizligi, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik hamda hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi islohotlar dunyo hamjamiyatining ham eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. 

Yoshlarimizning qobiliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarib, oʻzining kuchi va salohiyatiga ishonib, kelajakka intilib yashaydigan, xalq va davlatning istiqboli uchun qaygʻuradigan qilib tarbiyalash bugungi insonparvar siyosatimizning eng muhim va ustuvor yoʻnalishi boʻlib, bu yoʻlda ulkan ishlar amalga oshirlayotgani barchamizga yaxshi maʼlum.

Aziz ustozlar va talaba yoshlar! 

2024-yil mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”, deb eʼlon qilindi. Joriy yilda iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratish yanada kuchaytirilib, ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan bunday keng koʻlamli islohotlar dunyo miqyosida tan olinmoqda. Oʻtgan yili Yoshlar taraqqiyoti indeksiga koʻra, Oʻzbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb eʼtirof etilgani ham shundan dalolat beradi. Shuningdek, BMT tomonidan “Yoshlar strategiyasi – 2030”ni namunaviy tarzda amalga oshirish boʻyicha tanlab olingan 10 ta mamlakatdan biri aynan Oʻzbekistondir. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30-iyun kuni Oʻzbekiston yoshlariga yoʻllagan bayram tabrigida “Mana, bizning qanday isteʼdodli, bilimli va matonatli yoshlarimiz bor! “Yangi Oʻzbekiston yoshlari” degan sharafli nomga har tomonlama munosib boʻlgan bunday yigit-qizlar bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimizdir”, deganlarida yuraklarimizni faxr-iftixor tuygʻulariga toʻldi.

Albatta, yoshlarimiz bugun imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda muhim yutuqlarga erishayotgani barchamizni xursand qiladi. Kuni kecha Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida dunyoning 206 ta mamlakatidan tashrif buyurgan eng kuchli atletlar ishtirokidagi oʻyinlarda Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etishga muvaffaq boʻldi. Sportchilarimiz murosasiz bellashuvlar davomida 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 13 ta medalni qoʻlga kiritib, Yangi Oʻzbekiston qahramonlariga aylanishdi. 

Albatta, bu natijalarga oʻz-oʻzidan erishilgani yoʻq. Yurtimizda aynan davlatimiz rahbari tomonidan sixat salomatlik garovi – sportga boʻlgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik har qachongidan ham bugun yuksak darajaga koʻtarildi. Shuni faxr va gʻurur bilan ayta olamizki, sportchilarimizning dunyo arenalarida erishayotgan yutuqlaridan yurtdoshlarimizning koʻngli togʻdek koʻtarilmoqda. Ularning har bir yutugʻidan cheksiz quvonmoqdamiz. Dunyo bizning sportchilarimizni tan olayotgani alohida eʼtiborga molik.

Hurmatli talabalar!

Maʼlumki, oliy taʼlim muassasalarining 2023-yildagi faoliyat natijalari boʻyicha milliy reytingda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 

Ijtimoiy-gumanitar soha boʻyicha oliy taʼlim muassasalari reytingida esa, 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 

Akademiyamiz oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati boʻyicha reytingda ham 1-oʻrinni egalladi.

Yana bir eʼtirofga arziydigan jihat. Oʻtgan yili “Xalqaro bagʻrikenglik kuni” munosabati bilan diniy-maʼrifiy soha samaradorligini oshirishga munosib hissa qoʻshgan bir guruh Akademiyamiz vakillari “Diniy bagʻrikenglik” va “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishonlari, bilan taqdirlandi. Bu ham yurtimizdagi bagʻrikenglik, hamjihatlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni taʼminlashga doir saʼy-harakatlarda oliygohimiz vakillari uchun berilgan eʼtirof deb bilaman.

Zero, Akademiyaning pirovard maqsadi hassos soha boʻlgan muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etib, ulugʻ allomalarimiz maʼnaviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlab, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshishdan iborat!

Qadrli talabalar!

Shu oʻrinda oʻzining bilimi, isteʼdodi va salohiyati bilan kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplab, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari safidan oʻrin egallagan barcha oʻgʻil-qizlarimizni Akademiya jamoasi nomidan tabriklayman. 

Oʻtgan oʻquv yilida yoshlarimiz oʻzlarining oʻqish va namunali xulqlari, maʼnaviy-intelektual qobiliyatlari bilan dunyoqarashi keng, zakiy va madaniyatli avlod vakillari sifatida namoyon etdilar. Ular:

 – “Maʼrifat maydoni” respublika tanlovining 3-mintaqaviy bosqichida faxrli 1-oʻrin;

– Respublika oliygohlari oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” intelektual oʻyini Toshkent shahar bosqichida faxrli 1-oʻrin;

­– “Milliy qadriyatlar sayli” doirasida tashkil etilgan musobaqada 1-oʻrin;

– Oliy taʼlim muassasalari “Bitiruvchi va talaba yoshlar festivali” doirasida oʻtkazilgan “Eng yaxshi maqolalar” tanlovida 2-oʻrin;

– “Munozara” intellektual tanlovida 2-oʻrin sohibi boʻldilar.

Prezidentimiz, xalqimiz sizlarga yuksak maqsadlar yoʻlida turgan,  bebaho xazinamiz, kuch-qudratimiz va buyuk kelajagimiz timsoli, ertangi kunimizning egalari sifatida qaramoqda. Bu zimmangizdagi ulkan masʼuliyat va javobgarlikni yanada oshirib, ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringiz bildirayotgan umid va ishonchni amaliy ishlar – aʼlo oʻqishingiz, mehnatingiz, namunali xulq-u odobingiz bilan oqlaysiz, degan umiddamiz.

Fursatdan foydalanib butun Akademiyamiz jamoasini Vatanimiz mustaqilligi bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga yangi oʻquv yilida kuch-quvvat, yutuqlar, baxt va omad yor boʻlishini tilayman!

Uygʻun GʻAFUROV,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish