Jadid ma’rifatparvarlari – millat oydinlari
Keyingi yillarda taraqqiyparvar ajdodlarimizning ilg‘or g‘oya va qarashlarini tadqiq etish, Turkiston jadidlarining milliy davlatchilik rivojidagi o‘rni va ta’sirini o‘rganish borasidagi islohotlar yangi davrga ko‘tarildi.
Xabaringiz bor, poytaxtimizdagi Tashkent City Mall savdo markazida “Jadidlar. Turkistonga maktublar” nomli jadidlarning taʼlim va maorif sohasidagi tashabbuslariga bagʻishlangan multimedia koʻrgazmasi oʻz ishini boshlagan edi.
Mazkur koʻrgazmada Turkistondan Germaniyaga oʻqishga yuborilgan 73 nafar talaba va ularning mintaqa madaniy-maʼrifiy merosiga qoʻshgan hissasi haqida hikoya qilinadi.
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari ustozlari hamrohligida ko‘rgazmaga tashrif buyurdilar. Ekskursiya davomida talabalar mazkur ko‘rgazmaning mazmun-mohiyati, uning bugungi kundagi ahamiyati haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Savdo markazida “Jadidlar. Turkistonga maktublar” koʻrgazmasi uchun savdo markazidan 1400 kvadrat metrdan ortiq maydon ajratildi. Arxiv materiallari orqali oʻzbek, rus va ingliz tillaridagi vizual va audio installyatsiyalar bilan taʼminlangan bir qancha boʻlimlar oʻrin olgan.
Ma’lumki, jadidchilik harakati madaniy o‘tgan asr boshlarida shakllanib, nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun musulmon olami va turkiy dunyo tarixida chuqur iz qoldirgan.
Mushtarak tariximizning yorqin sahifalarini tashkil etadigan ma’rifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning o‘z qimmati va ahamiyatini hamon yo‘qotmasdan kelayotgan boy merosini tadqiq va targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Koʻrgazma uchun xizmat qilgan 500 dan ziyod materialning asosiy manbasi davlat arxivlari, xalqaro arxivlar va shaxsiy kolleksiyalardir. Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Bahrom Irzayevning kolleksiyasi, Germaniyaga oʻqishga ketgan talabalarning avlodlaridan olingan ashyolar ham juda katta ahamiyat kasb etgan.
XX asrning birinchi choragida Turkiston jadidlari taʼlim-tarbiya jamiyat taraqqiyotining eng ishonchli vositasi, deb hisoblaganlar. “Taraqqiy”, “Najot”, “Shuhrat”, “Samarqand”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Fargʻona” gazetalari hamda “Oyina” jurnali jamiyatni taraqqiyot yoʻliga olib borish maqsadida tashkil etilgan.
1922-yilning birinchi yarmida jadidlar yoshlarni chet ellarga taʼlim va madaniy almashinuvga tayyorlashda muhim rol oʻynagan, maʼrifatparvarlik va milliy istiqlol gʻoyalarini yanada rivojlantirish uchun tayanch va minbar vazifasini oʻtagan “Koʻmak” jamiyatini tuzgan.
Koʻrgazma 5 ta zaldan iborat. “Jadidlar. Turkistonga maktublar” nomli birinchi zaliga kirilganda 1917-1918-yillardagi Turkiston muhiti his qilinadi. Bu yerda Turkiston ziyolilarining yurtni rivojlantirish yoʻlida bir-birini uygʻonishga, ilm olish, sanoatni rivojlantirish, oʻlka boyliklaridan shu oʻlka xalqlarining oʻzi foydalanishi lozimligi haqidagi maqolalari, maktublari ovozli tarzda hikoya qilinadi.
Ikkinchi zal esa “Olmoniyadan maktublar”da 1920-1930-yillardagi Germaniya va bu yurtga oʻqishga ketgan talabalarning uyga – Turkistonga yozgan xatlari bilan tanishish mumkin.
Uchinchi zal “Turkiston. Hurlik va taraqqiyot orzusi” deb nomlangan boʻlib, unga qorongʻi tunneldan oʻtiladi. Bu goʻyoki poyezd boʻlib, unda 1930-1940-yillardagi Turkistonga “qaytasiz”. Bu yerda kechagi talabalar oʻz bilimlarini vatanda qoʻllay boshlaganliklariga oid detallar namoyishga qoʻyilgan.
“Qatagʻonlar” zaliga kirishda yonayotgan kitoblar installyatsiyasi kutib oladi. Bu Germaniyadan qaytib, qatagʻonga uchragan turkistonlik yoshlarning yondirib yuborilgan kitoblariga ishora. Zaldagi har bir ekranning oʻz yoʻlagi bor – ularga bir daqiqadan ortiq qarab turgan kishi oxiri koʻzguda oʻz aksini koʻradi. Bu holat tomoshabinni oʻsha davrdagi odamlar oʻrniga oʻzini ham qoʻyib koʻrishga undaydi.
Eng oxirgi “Aks” zali devorlarida jadidlarning suratlari chiroqlar nuri va yulduzlar yorugʻligi bilan uygʻunlashadi. Bu yerda hech qanday matnli yoki audio maʼlumotlar yoʻq. Faqatgina past ovozda musiqa qoʻyilgan. Bu yerda koʻrgazma tomoshabini tanishuv oxirida oʻtirib oʻylashi, xulosa chiqarishi uchun moʻljallangan. Hisobsiz yulduzlar va chiroqlarning ham oʻz maʼnosi bor.
Akademiya talabalari mazkur ekskursiya orqali jadidchilik harakati yetakchilari, ma’rifatparvar ajdodlarimizning ilm-ma’rifat, hurriyat yo‘lidagi orzu-niyatlari, intilishlari, armonlari haqida yetarlicha bilimga ega bo‘lishdi.
Izoh qoldirish