10

Sizdan boshlanadi asli tafakkur

                                                   Ustoz, muallimsiz qolsa gar zamon,

                                                     Nodonlikdan qora bo‘lardi jahon.

Abdurahmon Jomiy 

Insonlarga ta’lim berish, ilm oʻrgatish, maʼrifat ziyosini tarqatish nihoyatda savobli amaldir. Bunday masʼuliyatli vazifani bajaruvchilarning darajasi ham buyukdir. Darhaqiqat, kishida ilm oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaydi. Ilm va uni talab qilishning fazilati naqadar ulugʻ boʻlsa, ilm oʻrgatish, yaʼni ustozlik qilishning fazilati undan-da buyukdir. 

Qurʼoni karim oyatlari va hadisi shariflarda ilmiga amal qiluvchi olimlar, ustozlarni hurmat, qilish, eʼzozlash haqida juda koʻp koʻrsatmalar berilgan. 

Alloh taolo Qurʼoni karim “Mujodala” surasi 11-oyatida shunday marhamat qiladi: 

“Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarning darajalarini yuqoriga koʻtarur. Albatta, Alloh nima qilayotganlaringizdan xabardordur”

Ushbu oyati karima tafsirida Ibn Abbos (r.a) bunday deganlar: “Olimlarning darajasi ilmsiz insonlarning darajasidan yetti yuz daraja yuqoridir. Har bir darajaning orasi 500 yillik masofaga tengdir”.

Albatta, ustoz va murabbiylar ma’rifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Ular hayot bo‘stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun tinimsiz mehnat qiladi. Shuning uchun ham uning shogird ustidagi haqqi benihoya katta va ulug‘dir. 

“Ustoz otangdek ulug”, degan hikmatda olam-olam ma’no bor. Hatto otani quyoshga qiyos etamiz, ko‘klarga ko‘tarib maqtaymiz. Ammo otaday ulug‘ deb nisbat beriluvchi inson bor, bu ustozdir! Haqiqatan, ota-ona sizni voyaga yetkazadi, ustoz esa unib-o‘sishingiz, kamolotga erishishingiz, ilm-ma’rifat cho‘qqilarini zabt etishingizga ko‘maklashadi. O‘z umrini, qalb qo‘rini, aql-idrokini, tajribasi va bilimini sizning yo‘lingizga sarf etadi. 

Imom Buxoriy, Alisher Navoiy va boshqa ota-bobolarimizning hayotiga nazar solsak, ular o‘z ustozlarini qanchalar ardoqlab, hurmat qilganini guvohi bo‘lamiz. Zero, muvaffaqiyatga erishgan buyuk shaxslarning ortida to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan ustozlari turadi. Ustozini rozi qilib, hurmat qilgan inson, albatta, hurmat topadi.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy Sollollohu alayhi vasallam: “Jannat bog‘lari yonidan o‘tsangiz, sayil qiling”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli, Jannat bog‘lari nimadir?” deyishdi. “Ilm majlislari”, dedilar”.

Bu hadisda ilm majlislarida ishtirok etish naqadar ulug‘ ekani ta’kidlanmoqda. Ta’lim jarayoni jannat bog’lari bo‘lsa, ta’lim oluvchilar unda sayl qilguvchilardir. Vaqtni to‘xtatib bo‘lmagani kabi ilm olishni ham ortga surib bo‘lmaydi. Talabalik davri oltin davrdir. Bu davrda olingan bilimlar, faoliyati davomida doimo asqatadi. O‘qishni ham, ishlashni ham o‘z davrida amalga oshirish lozim. 

Davlatimiz tomonidan ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatishdagi fidoyiligi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun o‘qituvchi va murabbiylar quyidagi faxriy unvonlar bilan taqdirlanadi:

“O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”, 

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”,

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”,

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi”.

O‘qituvchilarning maqomi yuqori ko‘rilgan jamiyatda, albatta, rivojlanish bo‘ladi. Shu bois, mamlakatimizda ta’limi sohasidag islohotlarni boshlashda qo‘yilgan eng katta vazifa ham jamiyatda ustozning nufuzini oshirish bo‘ldi. Bugun pedagog xodimlarning mehnatiga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish, ijtimoiy ijtimoiy himoya qilish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlar­­ kelajak egalari bo‘lsa, ustozlar kelajak bunyodkorlari. Ustoz yonib turgan shamga o‘xshaydi, o‘zi yonib, atrofga nur, dunyoga ezgulik, ma’rifat taratadi.

Maqolamni O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning quyidagi satlari bilan xotimalashga jazm etdim:

Sizdan boshlanadi asli tafakkur,

Munis muallimlar, sizga tashakkur!

       Irodaxon Madazimova,

       O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Islomshunoslik fakulteti 2-bosqich talabasi

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Oct
09
Maqolalar
Mavlono Arshad Madaniy
16:07
Oct
09
Maqolalar
Nazir Muhammad Ayyod
16:02
Oct
09
Maqolalar
Muhammad Taqiy Usmoniy
15:52

Izoh qoldirish