44

Diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik tamoyillari

Tarixdan ma’lumki, mamlakatimiz diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va hamjihatlikning jamiyatdagi ijobiy amaliy tajribasi bilan e’tirof etiladi. Yangi O‘zbekiston ham millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni amalda ta’minlagan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida barqaror rivojlanishi bilan butun dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. 

Yurtimizda 16 ta konfessiyaga mansub bo‘lgan 2300 dan ortiq diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritib, 130 dan ziyod millatlar va elatlar vakillari emin-erkin istiqomat qilayotganliklari yuqoridagi fikrlarga yaqqol dalil bo‘la oladi. Shuningdek, davlat tomonidan 7 tilda ta’lim olish imkoniyati, 12 tilda teleradiodasturlar efirga uzatilayotgani, 14 tilda gazeta va jurnallar chop etilib, 155 ta milliy madaniy markazlar faoliyat olib borayotgani millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitining amaldagi namunasi hisoblanadi. 

O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi yuqoridagi fikrlarga yana bir dalil bo‘lib, davlat va din munosabatlarini muvofiqlashtiruvchi, yana ham mustahkamlovchi omil sifatida xizmat qiladi. 

Xususan, “O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplari” deb nomlangan 3-bobning 9-bandida belgilangan O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilangan:

– Jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, fuqarolarning erkinligini va qonun oldida tengligini ta’minlash hamda konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish; 

– ko‘p millatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekiston xalqining birligi va birdamligini, urf-odatlariga nisbatan hurmat ruhini mustahkamlash, ularning rivojlanishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish; 

– fuqarolarning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi uchun teng huquqiy shart-sharoitlar yaratish; 

– fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda, ularning vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish; 

– davlat o‘zining ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishida konstitutsiyaviy normalarga muvofiq dunyoviylikka tayanish; 

– konstitutsiyaviy normalarga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faoliyatini, shuningdek ijtimoiy munosabatlarni dunyoviylik asosida tartibga solinishini ta’minlash; 

– jamiyatda diniy bag‘rikenglik va qonuniylikni qaror toptirish borasida fuqarolarning faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

– davlat xizmatchilarining o‘z kasbiy faoliyatida va funksional vazifalarni bajarishda biror-bir dinga yoki e’tiqodga ustunlik berishiga yoxud biror-bir dinni yoki e’tiqodni kamsitishiga yo‘l qo‘ymaslik; 

– jahon ilm-fani, madaniyati, san’ati va adabiyotining ilg‘or yutuqlaridan bahramand bo‘lgan holda mamlakatning ilm-fani va madaniyatini rivojlantirish; 

– fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, aholining sog‘lig‘iga, ijtimoiy axloqqa, jamoat xavfsizligiga va jamoat tartibiga tahdid soluvchi radikallashuvga qarshi kurashish, ekstremizm va terrorizm g‘oyalarining tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik, kabi aniq belgilangan prinsiplar O‘zbekistondagi vijdon erkinligi, diniy bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlikni yana bir pog‘onaga ko‘tarib, e’tiqod erkinligini ta’minlashda muhim omillardan biri hisoblanadi. 

Muxtasar aytganda, diniy bag‘rikenglik va dinlarning asl insonparvarlik mohiyati jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslaridan biri bo‘lib, turli din niqobidagi tahdidlarga qarshi omil sifatida O‘zbekiston xalqini birlashtirish va jipslashtirishga xizmat qiluvchi, oilalarda o‘zaro hurmat-izzat va mehr-oqibatni mustahkamlovchi asriy qadriyatlar manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Dono Kalandarova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti

Izoh qoldirish