36

Dunyoviy davlatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va mexanizmlariga oid konseptual tamoyillar

2025-yil 25-fevralda davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda, ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekistonda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. 

Dunyoviy davlat – bu jamiyatda diniy e’tiqoddan mustaqil ravishda boshqariladigan siyosiy tizim bo‘lib, u fuqarolarning teng huquqliligini ta’minlashga va davlat ishlariga din ta’sirini cheklashga qaratilgan. Bugungi kunda dunyoviy davlatni rivojlantirish uchun ustuvor yo‘nalishlar va samarali mexanizmlarni shakllantirish dolzarb masala hisoblanadi. 

Mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi munosabatlar, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda 2021-yil 5 iyulda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi. 

Mazkur konsepsiyaning 6-bobiga ko‘ra, davlat boshqaruvi yo‘nalishidagi dunyoviylik bu-davlat boshqaruviga oid qarorlarni qabul qilish hamda amalga oshirishda Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq umummilliy va umuminsoniy qadriyatlarni va madaniy merosni hurmat qilgan holda, umumjamiyat manfaatlarini ko‘zlash, ilmiy asoslangan yondoshuvlarga tayanadi. 

Konsepsiyada dunyoviy davlatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va mexanizmlari belgilab berildi. 

1. Davlat boshqaruvida dunyoviylik nima? 

Davlat boshqaruvida dunyoviylik – davlat boshqaruviga oid qarorlarni qabul qilish hamda amalga oshirishda Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq umummilliy va umuminsoniy qadriyatlarni va madaniy merosni hurmat qilgan holda, umumjamiyat manfaatlarini ko‘zlash, ilmiy asoslangan yondashuvlarga tayanishdir. 

Dunyoviylikning mohiyati shundaki, davlat boshqaruvi muayan diniy qarashlardan mustaqil bo‘lib, umuminsoniy va umummilliy qadriyatlarni hurmat qilishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Bu davlatning barcha fuqarolarga teng munosabatda bo‘lishini, qarorlar shaxsiy yoki diniy qarashlarga emas, balki ilmiy va huquqiy asoslarga suyanib qabul qilinishini ta’minlaydi. 

 2. Dunyoviy davlat boshqaruvi zaruriyati nimada? 

Dunyoviy davlat boshqaruvi jamiyatda barqarorlikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda barcha ijtimoiy qatlamlarga teng imkoniyatlar yaratish uchun zarur. 

Bu yondashuv davlat qarorlarini subyektiv diniy qarashlardan xoli qilish va barcha fuqarolarning manfaatlarini hisobga olish imkonini beradi. 

Dunyoviylik orqali jamiyatda turli qatlamlar o‘rtasida murosa va o‘zaro hurmat shakllanadi, shuningdek, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga zamin yaratiladi. 

3. Davlat boshqaruvida dunyoviylikni ta’minlash mexanizmlari qanday? 

Davlat boshqaruvida dunyoviylikni ta’minlash uchun bir qator mexanizmlar mavjud: 

Davlat boshqaruvi yo‘nalishidagi dunyoviylikni ta’minlashning asosiy mexanizmlari quyidagilardan iborat: 

– normativ-huquqiy hujjatlarni, xalqaro shartnomalarni va boshqaruvga oid qarorlarni ishlab chiqish, qabul qilish hamda amaliyotga joriy etish jarayonida umumjamiyat manfaatlarini ko‘zlash, ilmiy asoslangan xulosalarga tayanishni qat’iy ta’minlash; 

– davlat boshqaruviga oid qarorlarni qabul qilishda fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari va turli ijtimoiy guruhlar vakillarini keng jalb qilish; 

– diniy belgilarga ko‘ra siyosiy partiyalarni va ommaviy jamoat harakatlarini tashkil etishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tashkiliy va huquqiy choralar ko‘rish; 

– diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining saylov to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etishini ta’minlash;

– davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarining va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining diniy qarashlari ularning professional faoliyatiga va funksional vazifalarini amalga oshirishiga ta’sir qilmasligini ta’minlash; 

– sud hokimiyatining milliy, irqiy yoki siyosiy va diniy ta’sirlardan mustaqil va xoli bo‘lishini ta’minlash; 

– davlat xizmatchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish tizimining dunyoviy qadriyatlar asosida tashkil etilishini ta’minlash; 

– davlat xizmatiga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishda ularning umumjamiyat manfaatlarini anglash, oqilona va ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lishini ta’minlash; 

– davlat fuqarolik xizmatchilarining va harbiy xizmatchilarning, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining hamda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining faoliyatini qonunchilik hujjatlari asosida olib borishini ta’minlash; 

– dunyoviylik asoslari va umumjamiyat manfaatlariga rahna soluvchi ichki va tashqi xavflarni barvaqt aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish. 

Davlat boshqaruvida dunyoviylikni ta’minlash nafaqat huquqiy talab, balki ijtimoiy barqarorlik va barcha fuqarolar uchun tenglikni kafolatlash uchun muhim mexanizmdir. 

Uning samarali amalga oshirilishi uchun huquqiy tizim, ijtimoiy sheriklik va ilmiy yondashuvlar asosida ish yuritish zarur. Shu bilan birga, dunyoviylikni saqlash davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlab, har bir fuqaro uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. 

Dunyoviy davlatni rivojlantirish demokratik jarayonlarni mustahkamlash, huquqiy bazani takomillashtirish, maorif va madaniy sohani rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Bu jarayonda huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va demokratik qadriyatlarni rivojlantirish orqali davlatni barqaror va adolatli shaklda boshqarish imkoniyati yaratiladi. Jamiyatda madaniy va ijtimoiy birlikni ta’minlash uchun ta’lim tizimi muhim o‘rin tutadi. Turli millat vakillarini o‘zaro hurmat qilishga, bag‘rikenglikka o‘rgatish, madaniyatlar xilma-xilligini qadrlash jamiyatda hamjihatlikni oshirishga xizmat qiladi. 

Turli millatlar va ijtimoiy qatlam vakillari o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlash uchun an’anaviy madaniy festivallar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlar o‘tkazish muhim. Bu tadbirlar orqali turli madaniyatlar va an’analar bilan tanishish, o‘zaro tushunish va hurmatni kuchaytirish mumkin. Jamiyatda ijtimoiy va madaniy hamjihatlikni ta’minlashda OAV va internet platformalarining o‘rni katta. Ular orqali bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, inson huquqlari va jamiyatda tenglikka oid g‘oyalarni keng targ‘ib qilish mumkin. Har qanday davlatda barcha fuqarolarning teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishi muhim. Adolatli qonunlar va tenglik tamoyillariga asoslangan siyosat ijtimoiy hamjihatlikni ta’minlashga xizmat qiladi. 

Jamiyatda kambag‘allik va ishsizlikning oldini olish, barcha fuqarolar uchun munosib iqtisodiy sharoit yaratish ham ijtimoiy hamjihatlikni ta’minlashda muhim omildir. Oila va mahalla jamiyatning asosiy tarkibiy qismlari hisoblanadi. Shuning uchun ularda insoniylik, birdamlik va bag‘rikenglikka asoslangan tarbiyani kuchaytirish muhimdir. Ijtimoiy va madaniy hamjihatlik jamiyat barqarorligi va rivojlanishining asosiy shartlaridan biridir. Ushbu tamoyillarni rivojlantirish orqali insonlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, hurmat va hamkorlik muhitini yaratish mumkin. Bu esa jamiyatda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga yordam beradi.

Zarifa Mamazova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi katta o‘qituvchisi

Izoh qoldirish