15

Oila – muqaddas qo‘rg‘on

Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyat shu qadar farovon va barqaror bo‘ladi. Jamiyat, oila va shaxs bir-birisiz mukammal, baxtiyor bo‘la olmasligi hayotiy haqiqat. Shu ma’noda, oilaning jamiyatdagi o‘rni va rolini oshirish, mustahkamligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Oila – muqaddas qo‘rg‘on” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

“Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani Ilyos Mirziyotov, Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat bo‘limi boshlig‘i Rahmatilla Gaipnazarov, kafedra mudiri Zebo Kasimova, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasining 1993-yil 20-sentabrdagi yalpi yig‘ilishida 1994-yildan boshlab 15-may sanasi – Xalqaro oila kuni deb belgilangan.

Bugungi kunda mamlakatimizda ham xalqaro oila kunini keng nishonlash an’ana tusiga kirib ulgurdi.

Xususan, bugun davlatimiz rahbari maktab ta’limi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ham bejiz “Oila – jamiyat tayanchi, ma’naviyat beshigi va avlodlar o‘rtasidagi uzviylik ramzidir. Xalqimiz azal-azaldan oilaga muqaddas qadriyat, barqarorlikning mustahkam asosi sifatida qarab keladi. Darhaqiqat, o‘zaro hurmat, shukronalik bor oilalarda fayz bo‘ladi. Bunday oilalar qancha ko‘p bo‘lsa, mahalla ham tinch va obod bo‘ladi” deb ta’kidlamadilar.

Davra suhbati davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan oilalarni mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.

Tadbirda “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan qiziqarli psixologik treninglar o‘tkazildi. 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish