1

Turkiy tilli davlatlarning falsafasi, madaniyati, aloqalari: tarix, bugun va kelajak

Ma’lumki, dunyo tarixi, insoniyat taraqqiyotida turli davrlarda yuzaga kelgan sivilizatsiyalar, saltanatlarning o‘rni va ahamiyati katta bo‘lgan. Ular orasida turkiy xalqlar tomonidan asos solingan qadimiy davlatlar, ularning madaniyat va tamaddunlari alohida o‘rin tutadi. 

E’tirof etish joizki, bugungi kunda ham turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari har tomonlama yangi bosqichga ko‘tarildi. 

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Turkiy tilli davlatlarning falsafasi, madaniyati, aloqalari: tarix, bugun va kelajak” mavzusida VI xalqaro simpozium o‘tkazildi.

Simpozium doirasida turkiy xalqlar o‘rtasidagi falsafiy va madaniy aloqalar, umumiy tarixiy ildizlar, zamonaviy axborot makonidagi hamkorlik va taraqqiyot istiqbollari kabi masalalar muhokama etildi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan simpoziumda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti, Turkiya Respublikasining Qirqqal’a universiteti, Shvetsiyaning Lund universiteti, Malayziyaning Malay universiteti, Qozog‘iston Respublikasining Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti, Muxtor Auezov nomidagi Janubiy-Qozog‘iston davlat universiteti, Qirg‘iziston Respublikasi K.Sh.Toqtamatova nomidagi xalqaro universitetlardan yetakchi olimlar, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, magistr va talabalar ishtirok etishdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Matluba Qahhorova, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Axmadali Asqarov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, akademik Nurislom To‘xliyev, Istanbul universiteti ijtimoiy siyosat fanlari doktori Kemal Yavuz Ataman tabrik so‘zlari bilan ochib berishdi. 

“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi tomonidan an’anaviy tarzda tashkil etilgan anjuman ijtimoiy fanlar, falsafa, tarix, siyosatshunoslik va madaniyatshunoslik sohalaridagi dolzarb masalalarni qamrab oldi.

Mazkur ilm muhokamasini o‘tkazishdan maqsad Turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, hamkorligi va xavfsizligi masalalari shuningdek, turdosh fan yo‘nalishlarida Turkiy tilli davlatlar integratsiyasi omillari hamda qonuniyatlarini o‘rganish sohasida to‘plangan tajribani umumlashtirishdan iborat. 

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yangi O‘zbekiston strategiyasida kitobida belgilangan “O‘zbekiston xalqaro tuzilmalar bilan amaliy muloqotni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlik va amaliy sheriklikni kengaytirish” tamoyiliga binoan, O‘zbekistonda yangi siyosiy tizim yaratilganligi amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik bo‘yicha ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalar o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik asosidagi integratsiya va hamkorlik aloqalari mustahkamlanayotganining omillari ochiqlik siyosati ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy tomonidan tahliliy tadqiq etish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan. 

Simpozium davomida Turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy jihatlarining nazariy-metodologik masalalariga oid tahlillar o‘rganildi. Turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati tarixi bo‘yicha ma’lumotlar almashildi. Turkiy tilli davlatlar integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, madaniy, siyosiy jihatlari masalasi muhokama qilindi.

– Islom dinining Hijoz zaminidan Movarounnahrga yoyilishi va turkiy xalqlarning musulmon bo‘lishi tarix oqimini hamda jamiyatlarning tuzilishini tubdan o‘zgartirdi, – deydi Istanbul universiteti ijtimoiy siyosat fanlari doktori Kemal Yavuz Ataman. – Bu davrlarda buyuk olimlar, so‘fiylar yetishib chiqqan, bebaho asarlar yaratilgan. Turkiy xalqlar islom tamaddunining yuksalishiga boshchilik qilib, butun dunyoga o‘z ta’sirini ko‘rsatdilar.

Bugungi kunda esa davlatlar va millatlar global markazlarning hukmronligi ostida qoldi. Siyosiy, iqtisodiy va texnologik monopoliyalar shakllanib, insoniy, milliy va diniy qadriyatlar zaiflashdi. Tabiiy boyliklar va resurslar talanmoqda, barcha narsa manfaat asosiga qurilmoqda, insoniyatning kelajagi xavf ostida qolmoqda. Shunday davrda turkiy xalqlarning birdamligi har qachongidan-da muhim.

O‘ylaymanki, bugungi simpozium o‘tmishda yashab o‘tgan ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganishga, bugungi kundagi mushtarak maqsadlarimiz sari tatbiq etishga zamin bo‘ladi. Bu borada anjuman ishiga muvaffaqiyat tilab, uni yuqori saviyada tashkil etgani uchun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga minnatdorlik bildiraman. 

Tadbirda “Tarixni ezgulik bilan o‘zgartirgan turkiy davlatlar mehr bilan dunyoni ham o‘zgartira oladimi?”, “Islomda boshqaruv sotsiologiyasi: etnografik va ijtimoiy-huquqiy yondashuvlar”, “Turkiy xalqlar davlatchiligi tarixida qabul qilingan ilk Konstitutsiya”, “Turkiy falsafiy tafakkurda inson qadri masalasi”, “Markaziy Osiyo – mantiq ilmi taraqqiyotida G‘arb va Sharqni bog‘lovchi madaniy ko‘prik” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. 

Simpoziumda “Turkiy falsafiy tafakkurda inson va tabiat uyg‘unligi: tarixiy ildizlar va zamonaviy talqinlar”, “Turkiy xalqlar davlatchiligi va huquq tarixi hamda ularning zamonaviy huquq tizimlar rivojidagi o‘rni”, “Turkiy davlatlar integratsiyasi: geosiyosiy jarayonlar va yangi istiqbollar”, “Buyuk Ipak yo‘li va turkiy xalqlar o‘rtasidagi tarixiy aloqalar” hamda “Turkiy xalqlarning islom svilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” singari masalalar muhokama qilindi.

– Bugungi jahon siyosiy jarayoni xalqaro hamjamiyatni yanada jipslashish, murakkab vaziyatlar bilan bog‘liq muammolarga birgalikda samarali yechim topishga undamoqda, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, falsafa fanlari doktori Ismoil Saifnazarov. – Zamonaviy global masalalar – ayrim mintaqalardagi notinchlik, turli ziddiyatlar avj olishi, moliyaviy-iqtisodiy tanglik, global energetika va oziq-ovqat inqirozi, ekologiyaning jahon iqtisodiyotiga ta’siri, inflyatsiya bosimi ortishi, milliy iqtisodiyotlar zaiflashib borayotgani xalqaro munosabatlardagi institutsional o‘zgarishlarni kun tartibiga olib chiqdi. 

Bunday sharoitda, shubhasiz, xalqaro va mintaqaviy institutlar roli ortmoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti mintaqada o‘ziga xos muhim hamkorlik modeliga aylanib borayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib e’tirof etilmoqda. Ushbu platforma qisqa vaqt ichida aniq strategik maqsadlarni amalga oshirish imkoniga ega tuzilma sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Turkiy davlatlar tashkilotining o‘ziga xosligi yana shundaki, barcha a’zo davlatlarda siyosiy barqarorlik ta’minlangan va o‘zaro do‘stona munosabatlar o‘rnatilgan. Bu xalqaro amaliyotda kamdan kam uchraydigan holat, ya’ni birlashish qarama-qarshiliklarni bartaraf etish emas, balki manfaatlarning tabiiy uyg‘unligi va tarixiy yaqinlik asosida qurilishi mumkin. 

Xalqaro hamjamiyat bilan ishonchni mustahkamlash qobiliyati tashkilotning uzoq muddatli va barqaror taraqqiyot maqsadiga muvofiq, mintaqaviy hamkorlikka hissa qo‘shishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston raisligi davrida tashkilotning “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasi qabul qilingani e’tiborga molik masalalardan biri sanaladi.

Asosiy munozaralardan so‘ng simpozium ishi panel sessiyalari bilan davom etdi. Simpoziumda soʻzga chiqqanlar tomonidan turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, tarixining yangi qirralari, turkiy tilli davlatlar integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy jihatlariga taʼsir etuvchi omillar, turkiy tilli davlatlarning hamkorlik aloqalarining tarixi va buguni hamda turkiy tilli davlatlar hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, madaniy va siyosiy jihatlarining istiqbollari qayd etildi.

Darhaqiqat, Uchinchi Renessans mustahkam poydevorini yaratish uchun, avvalo, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish nihoyatda zarur. Tadbirda ma’ruzachilar tomonidan qardosh turkiy xalqlarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasi, mushtarak xalqlarning ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Birgalikda ilmiy izlanishlar olib borish, bugungi davrdagi dolzarb masalalar borasida samarali yechimlarni hamkorlikda ishlab chiqish kerakligi qayd etildi.

Qizg‘in munozara, mavzu yuzasidan o‘rtaga tashlangan masalalar bo‘yicha yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. 

Anjuman doirasida 100 dan ziyod maqola tezislari to‘plandi, ular orasidan eng dolzarb masalalarga bag‘ishlangan tezislar saralandi.

Simpozium yakunida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hududida joylashgan tarixiy qadamjolarga sayohat tashkil etildi.

Bir so‘z bilan aytganda, turkiy xalqlarda buyuk ajdodlarga nisbatan hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy merosini o‘rganishga qiziqish hamisha yuqori bo‘lgan. Bu kabi xalqaro darajadagi ilmiy anjumanlar esa tarixiy, madaniy va ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, mavjud juda katta imkoniyat va salohiyatdan to‘liq va unumli foydalanish uchun mustahkam zamin yaratishi shubhasiz.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish