2

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-oʻqituvchi, talabalar va xodimlariga rektor Muzaffar Kamilovning YANGI YIL TABRIGI

Qadrli hamkasblar!

Aziz talabalar!

Mana, hash-pash deguncha, 2025-yil ham ortda qolib, milodiy yil hisobida yangi 2026-yil kirib keldi. 

Yangi yil bu inson hayotining yangi bosqichga qadam qoʻyishi demakdir. Yangi yil ostonasida turib, yakunlanayotgan yilni sarhisob qilish, oʻtgan davrda erishilgan muvaffaqiyatlar barobarida, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni tahlil qilish, oʻylaymanki, har bir sogʻlom fikrli kishining anʼanaviy yumushlaridan boʻlsa, ajab emas. 

Shu nuqtayi nazardan, yangi boshlanajak yilimizni biz ham yaxshi niyat va ezgu tilaklar bilan kutib olsak, foydadan holi boʻlmasligi aniq. 

Shunday ekan, Siz azizlarni, Akademiya jamoasini, ilmga chanqoq talaba-yoshlarni yangi 2026-yil bilan samimiy qutlashdan baxtiyorligimni bildiraman. Ezgu niyat va qatʼiyat bilan amalga oshirishni rejalashtirayotgan ishlarimiz ijobat boʻlishiga tilakdoshman. Barchaga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, baxt-u saodat tilayman! 

Shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasidagi quyidagi soʻzlarni keltirishni oʻrinli deb bildim:

“Biz bugun 38 milliondan ziyod katta xalqmiz. Mashaqqatli va sharafli mehnatimiz bilan dunyoda hurmat topayotgan, ertangi kunga ishonch bilan dadil borayotgan, matonatli va gʻururi baland millatmiz! 

Biz oʻzgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni oʻzimiz, oʻz aql-zakovatimiz va masʼuliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz. 

Yoshlarimizga qarab, ular erishayotgan yutuqlarni koʻrib, koʻksimiz togʻdek koʻtariladi, qanday ulkan bunyodkor kuch safimizga qoʻshilayotganidan gʻururlanib ketamiz”.

Azizlar!

Oʻtgan yil barchamizning hayotimizda quvonch-shodliklar, turli voqealarga boy boʻldi. Yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yoʻlida marrani baland olib, mehnat qilayotganimiz qalbimizni faxrga toʻldirmoqda. Xususan, mamlakatimiz hamda xalqaro miqyosda oʻz nufuziga ega boʻlib borayotgan Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-oʻqituvchilari, ahil jamoasi ham bunyodkorlik va jamiyatimiz maʼnaviy-maʼrifiy yuksalishiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Yakunlanayotgan yilni sarhisob qilsak, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyatida ulkan yutuqlar va ijobiy oʻzgarishlar koʻp boʻlgani eʼtirofga sazovor. 

Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti grantining joriy yilgi sovrindorlari aniqlandi. Quvonarlisi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining Islomshunoslik fakulteti “Tarix” yoʻnalishi 2-kurs talabasi Muslima Oʻrinboyeva Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti grantini qoʻlga kiritdi.

Noyabr oyida Qozon shahridagi Rossiya islom institutida islom huquqi, dinshunoslik va arab tili boʻyicha anʼanaviy xalqaro olimpiadada Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti 4-kurs talabasi Madina Jabborova “Arab tili” yoʻnalishida faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 150 ga yaqin oliy taʼlim tashkilotlarida “Mening Oʻzbekistonim” videoroliklar tanlovi oʻtkazilib, 80 ga yaqin ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan videoroliklar orasidan Akademiyaning iqtidorli talabalaridan tuzilgan ijodiy jamoa 1-oʻrinni egalladi.

Shuningdek, talabalarimizdan tuzilgan jamoalar Toshkent davlat yuridik universitetida oʻtkazilgan “Balli huquqshunoslar”, Jamoat xavfsizligi universitetida boʻlib oʻtgan “Psixologiya bilimdoni” intellektual koʻrik-tanlovlarida faxrli 1-oʻrinni egallashdi. 

Bundan tashqari, Toshkent davlat yuridik universitetida oʻtkazilgan “TSUL COURT” koʻrik-tanlovida Akademiya talabalari faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanayotgan, yurtimiz taraqqiyotiga oʻzining aql-zakovati bilan hissa qoʻshayotgan faol talabalarimiz, ularni voyaga yetkazib, taʼlim-tarbiya bergan ota-onalari, aziz ustozlariga fursatdan foydalanib, oʻzimning samimiy tabrigimni yetkazmoqchiman. Katta rahmat!

Qadrli doʻstlar!

Mamlakatimizda sport rivojiga, xalqimizni sportga ommaviy tarzda keng jalb etishga, ayniqsa, kelajagimiz egalari boʻlgan yosh avlodni har jihatdan yetuk va komil insonlar sifatida ulgʻaytirishga yuksak darajada eʼtibor qaratilmoqda. 

Umuman, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida taʼlim-tarbiya, oʻquv jarayonlari bilan bir qatorda sport sohasiga ham katta eʼtibor berilmoqda. Jumladan, 10 ga yaqin sport toʻgaragi faoliyat yuritmoqda. 

Xususan, joriy yilning 26-may sanasida ilk marotaba “Sport – tinchlik elchisi” shiori ostida “Imom Moturidiy kubogi” sport musobaqalari keng masshtabda oʻtkazildi.

Ilk marotaba tashkil etilgan ushbu sport festivalida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Akademiya qoshidagi akademik litsey, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda Imom Termiziy nomidagi Termiz islom institutining 500 dan ziyod talabalari ishtirok etdi.

Musobaqa doirasida Akademiya professor-oʻqituvchilari, xodimlar hamda talabalari orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan bir qancha memorandum va kelishuvlar ham imzolanganini alohida eʼtirof etish joiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston sogʻlom turmush tarzi va fitness milliy assotsiatsiyasi hamda Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi bilan Hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

Bundan tashqari, joriy yilning 19-aprel kuni esa Akademiya va Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Voleybol federatsiyasi, Oʻzbekiston Velosport federatsiyasi, “Cyber-BRO” kiberxavfsizlik kompaniyasi hamda “GITA” dasturchilar akademiyasi oʻrtasida Hamkorlik memorandumlari imzolandi. 

Shu yilning oʻzida poytaxtimizdagi oliy taʼlim muassasalari talabalari va professor-oʻqituvchilari ishtirokida ikki marotaba “Hamkorlik kubogi” bahslari oʻtkazildi. 

Unda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, “Yunus Rajabiy” nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti hamda Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasining 300 dan ortiq xodimi va talabalari faol ishtirok etishdi. 

Talabalarimizga ilm-fan choʻqqilarini egallashi, har jihatdan yetuk, davr talabiga javob bera oladigan malakali mutaxassislar qilib tayyorlash maqsadida 7 ta xalqaro konferensiya, 3 ta xalqaro anjuman, seminar-treninglar oʻtkazildi. 5 ta Anglashuv memorandumi imzolandi.

“Dunyo arabshunoslari forumi”, “Madaniy oʻlchov va Oʻzbekiston – Oʻmon muloqoti: islohotlar yoʻli”, “Oʻzbekiston va Indoneziya oʻrtasidagi turizm va ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari”, “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili”, “Dinshunoslikdagi zamonaviy metodologik yondashuvlar” kabi xalqaro tadbirlar Akademiyaning xalqaro faoliyatidagi yana bir qadam boʻldi deyish mumkin. 

Aziz talaba-yoshlar!

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-oʻqituvchilari va jamoasi Sizlarning intellektual bilim va mutaxassislik kasblarini chuqur egallashingiz hamda kelgusida yurtimiz rivojiga oʻzining munosib hissasini qoʻshadigan, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakat kelajagi uchun masʼuliyatli kadrlar boʻlib kamol topishingiz uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishni doimo ustuvor vazifa deb biladi.

Shu bilan birga, men uchun aziz boʻlgan talaba oʻgʻil-qizlarimdan taʼtil davrida kitob mutolaa qilishdan toʻxtamasliklarini, xorijiy tillarni puxta oʻrganish, ustozlari bergan fan topshiriqlarini bekamu koʻst bajarishlarini soʻrab qolaman. Zero, mutolaadan toʻxtagan odam fikrlashdan ham toʻxtaydi.

Ona Vatanimizning bugungi qiyofasi, mamlakatimizning jahon taraqqiyotida tutgan oʻrni va mavqei, muhim xalqaro ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faol ishtiroki, Davlatimiz rahbarining katta minbarlarda turib, dolzarb masalalar boʻyicha ilgari surayotgan koʻplab tashabbuslarining mazmun-mohiyati ushbu soʻzlarning nechogʻliq haqiqat ekanini koʻrsatib turibdi.

Sizlarni yana bir bor yangi 2026-yil bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayz-u baraka, tinchlik-xotirjamlik tilayman!

“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da goʻzal va betakror yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surib, bagʻrikeng xalqimiz hamisha omon boʻlsin!

Bayram barchamizga muborak boʻlsin!

Muzaffar Kamilov,

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori

 

Izoh qoldirish