Akademiya Kengashi majlisi: sarhisob, yutuq va kamchiliklar, kelgusidagi maqsad va vazifalar
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Akademiya kengashining kengaytirilgan tarkibdagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Kamilov, Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.
Majlisni Akademiya rektori, Kengash raisi Muzaffar Kamilov olib bordi.
Akademiya Kengashi yig‘ilishida 2025-yilda bajarilgan ishlar, mavjud yutuq va kamchiliklar, muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Unda soha mutasaddilari o‘zlarining vazifalariga doir ishlar haqida ma’lumot berib, kelgusidagi vazifalarni belgilab olishdi.
Dastlab Akademiya rektori Muzaffar Kamilov so‘zining avvalida barchani kirib kelayotgan yangi yil bilan tabrikladi. Tinchlik-xotirjamlik, oilaviy totuvlik, kasbiy barkamollik, sihat-salomatlik tiladi.
Shu bilan birga, yangi yilda bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish, talabalarga o‘z sohasining yetuk, raqobatbardosh mutaxassis kadri bo‘lib yetishishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish uchun ustuvor vazifa bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Navbatdagi majlis ham amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yutuq va kamchiliklarni muhokama etishda muhim ekanini ta’kidladi.
Ma’ruza davomida Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatimizning so‘nggi yillarda bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini chuqur tahlil qilish, erishilgan natijalarni baholash va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni belgilab berishi bilan alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshiriladigan vazifalar toʻgʻrisida axborot berildi.
Majlis davomida “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili”da Akademiyada amalga oshirilgan vazifalar toʻgʻrisida soha prorektorlari – Habibullo Sadibaqosev, Irgash Daminov, Olim Astanaqulov, Salim Dusanovning hisoboti eshitildi.
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 2025/2026-oʻquv yilida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazilishi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining 2025-yil 5-dekabrdagi 479-son buyrugʻi ijrosini taʼminlash, talabalarning qishki taʼtilini mazmunli tashkil etish hamda professor-oʻqituvchilar uchun oʻquv seminarlarini oʻtkazish toʻgʻrisida Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Zokirjon Roʻziyev ma’lumot berdi.
Majlis davomida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 2025-2026-yillar kuz-qish mavsumini betalofat oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Moliya-iqtisod ishlari boʻyicha prorektor Salim Dusanovning axboroti tinglandi.
Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Akademiyaning bir guruh xodimlariga samarali hamkorligi uchun tashakkurnoma topshirildi.
Yil davomidagi samarali mehnat faoliyati, fidoyiligi, mas’uliyatligi va bir jamoa sifatida oliygoh rivoji yo‘lida qo‘shgan munosib hissasi uchun Akademiya bo‘limlari rektor faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.
Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi. Yana bir bor barchaga kirib kelayotgan yangi yil barakotli kelishi tilandi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunolik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish