4

Milliy qadriyatlarning inson kamolotidagi ahamiyati

Har bir xalqning o‘ziga xosligi, ma’naviy qiyofasi va tarixiy taraqqiyoti milliy qadriyatlar orqali namoyon bo‘ladi. Milliy qadriyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan urf-odatlar, an’analar, til, din, axloqiy me’yorlar hamda dunyoqarash tizimini o‘z ichiga oladi. Inson kamoloti bu nafaqat jismoniy va intellektual rivojlanish, balki ma’naviy-axloqiy yetuklik jarayonidir. Aynan shu jarayonda milliy qadriyatlar muhim o‘rin tutadi. Ushbu maqolada milliy qadriyatlarning inson shaxs sifatida shakllanishi va kamol topishidagi ahamiyati atroflicha yoritiladi.

Milliy qadriyatlar tushunchasi va mazmuniga to‘xtaladigan bo‘lsak, milliy qadriyatlar bu – muayyan xalq yoki millatga xos bo‘lgan, uning tarixiy tajribasi, turmush tarzi va ma’naviy merosi asosida shakllangan ijtimoiy-axloqiy mezon sanaladi.

Ular xalqning o‘zligini anglashida, milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. O‘zbek xalqining mehmondo‘stlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, mehr-oqibat, sabr-toqat kabi fazilatlari milliy qadriyatlarning yorqin namunasidir.

Milliy qadriyatlar inson hayotining barcha jabhalariga ta’sir ko‘rsatadi. Oilada bola tarbiyasi, jamiyatdagi muomala madaniyati, mehnatga munosabat va ijtimoiy mas’uliyat aynan shu qadriyatlar asosida shakllanadi. Shu bois milliy qadriyatlar insonning axloqiy mezonlarini belgilovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Inson kamolotida milliy qadriyatlarning ahamiyati haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, Inson kamoloti uzluksiz va murakkab jarayon bo‘lib, unda tarbiya, ta’lim va ijtimoiy muhit muhim rol o‘ynaydi. Milliy qadriyatlar ushbu jarayonning ma’naviy poydevorini tashkil etadi. Bolalikdan milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalangan inson o‘zining kimligi, qaysi xalq vakili ekanini chuqur anglaydi. Bu esa unda o‘ziga bo‘lgan ishonch, mustaqil fikrlash va mas’uliyat hissini kuchaytiradi.

Milliy qadriyatlar insonni ezgulikka, halollikka, mehnatsevarlikka undaydi. Masalan, o‘zbek xalq og‘zaki ijodida uchraydigan maqol va matallar insonni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, hayotiy tajribani o‘rgatish vazifasini bajaradi. “Yaxshilik qil, suvga tashla”, “Mehnat qilgan to‘yadi” kabi hikmatli so‘zlar inson kamolotida axloqiy yo‘riqnoma bo‘lib xizmat qiladi.

Oila – milliy qadriyatlarning eng muhim targ‘ibotchisi va saqlovchisi. Farzand ilk tarbiyani oilada oladi. Ota-onaning odobi, muomalasi, hayotga bo‘lgan munosabati bola shaxsining shakllanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Oilada milliy an’analar asosida tarbiyalangan bola jamiyatda o‘z o‘rnini topa oladigan, barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetadi.

Ta’lim tizimi ham milliy qadriyatlarni yosh avlod ongiga singdirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maktab va oliy ta’lim muassasalarida milliy tarix, adabiyot, madaniyat va san’atga oid bilimlarning berilishi o‘quvchilarda milliy o‘zlikni anglashni kuchaytiradi. Bu esa globallashuv sharoitida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirishga xizmat qiladi.

Hozir globallashuv jarayoni jahon miqyosida kuchayib bormoqda. Bu jarayon bir tomondan madaniyatlararo aloqalarni rivojlantirsa, ikkinchi tomondan ayrim milliy qadriyatlarning yo‘qolib borish xavfini tug‘diradi. Shunday sharoitda milliy qadriyatlarni saqlash va yosh avlod ongiga singdirish yanada dolzarb masalaga aylanmoqda. Milliy qadriyatlariga tayanib kamol topgan inson begona g‘oyalarga tanqidiy yondasha oladi, o‘z pozitsiyasini himoya qilish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Bu esa jamiyat barqarorligi va ma’naviy salohiyatining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Bugungi kunda yoshlar jamiyatning eng faol va harakatchan qatlami hisoblanadi. Ularning dunyoqarashi, maqsadlari va hayotga bo‘lgan munosabati kelajak taraqqiyotini belgilaydi. Shu bois yoshlar tarbiyasida milliy qadriyatlarning o‘rni beqiyosdir. Milliy qadriyatlar asosida tarbiyalangan yoshlar Vatanga sadoqatli, ma’naviy barkamol va ijtimoiy mas’uliyatli bo‘lib voyaga yetadi.

Yoshlar ongiga milliy qadriyatlarni singdirishda tarixiy shaxslar, buyuk allomalar va milliy qahramonlar hayoti muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega. Amir Temur, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek kabi ajdodlarimizning ilm-fan, adolat va insonparvarlik yo‘lidagi faoliyati yoshlar uchun ibrat maktabidir. Ularning hayot yo‘li yoshlarni yuksak maqsadlar sari intilishga undaydi.

Shuningdek, milliy bayramlar, urf-odatlar va marosimlar yoshlarning milliy ongini mustahkamlashga xizmat qiladi. Navro‘z, Mustaqillik bayrami kabi tadbirlar yoshlar qalbida milliy birlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik tuyg‘ularini shakllantiradi. 

Xulosa qilib aytganda, milliy qadriyatlar inson kamolotining ajralmas qismi hisoblanadi. Ular shaxsning ma’naviy-axloqiy yetukligini ta’minlaydi, jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantiradi. Milliy qadriyatlarga sodiq bo‘lgan inson o‘z xalqining munosib vakili bo‘lib yetishadi. Shu bois, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, rivojlantirish va yosh avlod ongiga singdirish har birimizning muqaddas burchimizdir.

Feruza Nizamova,

“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish